Qur’oni karimda Rasululloh sallollohu alayhi va sallamga odob ko’rsatish borasida nozil bo’lgan oyatlar
Alloh taolo Qur’oni karimda shunday marhamat qiladi:
يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آمَنُوا لا تُقَدِّمُوا بَيْنَ يَدَيِ اللَّهِ وَرَسُولِهِ وَاتَّقُوا اللَّهَ إِنَّ اللَّهَ سَمِيعٌ عَلِيمٌ
Ey, imon keltirganlar, Alloh va Uning Payg'ambari oldida (ikkisining iznisiz biror so'z yoki ishni) muqaddim etmangizlar! Allohdan qo'rqingizlar! Albatta, Alloh eshituvchi va biluvchidir. (Hujurot surasi, 1-oyat).
Alloh taologa rost itoat qilish U zotning Rasuliga ham rost itoat qilishni o’z ichiga oladi hamda Unga nisbatan odoblardan deb sanaladi. Shuning uchun yuqoridagi oyati karimada Alloh taolo Nabiy sallollohu alayhi va sallamga nisbatan odobning ta’limini bermoqda. Sahobalar Rasululloh sallollohu alayhi va sallamga hamrohlik qilar ekanlar, U zotning oldilarida dillarining taqvosiga qanchalik jiddiy e’tibor qaratsalar, shu darajada U kishiga bo’lgan zohiriy odoblarga ham qattiq rioya qilganlar. Biror bir ishni Nabiy sallollohu alayhi va sallamdan oldin boshlamaganlar. Suhbatlashsalar past ovozda gaplashar, o’tirsalar, boshlarida qush o’tirgandek o’tirishar edilar. Ularning ko’ksilari Nabiy sallollohu alayhi va sallamning ishqlari bilan to’la edi. Ularning kun-u tunlari solih amallar bilan to’la edi. Ularning hayotlari beodoblikdan yiroq edi. Shuning uchun ularning odoblari haqida Alloh taolo shunday marhamat qilinadi:
أُولَئِكَ الَّذِينَ امْتَحَنَ اللَّهُ قُلُوبَهُمْ لِلتَّقْوَى لَهُمْ مَغْفِرَةٌ وَأَجْرٌ عَظِيمٌ
Aynan o'shalar Alloh dillarini taqvo uchun imtihon qilgan zotlardir. Ular uchun mag'firat va ulkan mukofot bordir. (Hujurot surasi, 3-oyat).
Agar yuqoridagi Qur'on oyatlarini birgalikda ko'rib chiqsak, ayon bo'ladiki, olamlar Parvardigori bir tomondan Payg'ambar alayhissalomga nisbatan odoblarini targ’ib qilish uchun oyatlarni nozil qilgan bo'lsa, ikkinchi tomondan unga doir masalalarni ham bayon qilib o’tgan. Qaysi o’rinda U zotga nisbatan odobga buyurgan bo’lsa, o’sha yerda beodoblikdan ham qaytargan. Payg‘ambar alayhissalomning sahobalari bu bobda shunday yorqin namunalar ko‘rsatganlarki, bugungi kunda ham musulmon ummati uchun nur chirog‘i bo‘lib xizmat qilmoqda.
Shayx Zulfiqor Ahmad Naqshbandiyning “Boadab bonasib” kitoblaridan tarjima qilindi.
Muhammadibrohim Isoqjonov
Bilim yurti mudarrisi