Яратилиш санаси 12.06.2024

Sahobalarning Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga ko’rsatgan odoblariga namunalar (1-qism)

Hudaybiya sulhi davrida Nabiy sallollohu alayhi va sallam Usmon roziyallohu anhuni Makkaga sulh tuzish uchun o’zlarining noiblari sifatida yubordilar. U zotning o’zlari esa sahobalari bilan Hudaybiyada qoldilar. Hazrat Usmon roziyallohu anhu Makka Qurayshlari bilan batafsil gaplashdilar. Lekin ular musulmonlarga umra amalini bajarishga qarshilik qilib oyoq tirab turib oldilar. Hazrati Usmon kun bo’yi harakat qilishlariga qaramay biror natijaga erisha olmadilar. Quraysh o’zlarining aytganlarida qattiq turib oldi. Ular Usmon roziyallohu anhuga agar o’zlari umra qilishni istasalar, faqatgina u kishigagina izn berishlari mumkinligini aytdilar. Bundan ortig’iga rozi bo’lmadilar. Shunda Usmon roziyallohu anhu: “Janobim Rasululloh sallollohu alayhi va sallam tavofdan to’silib qoladilar-u mening o’zim U zotsiz yakka tavof qilishim mumkinmi?!” dedilar. Bu gap Makka Qurayshlarining ko’ngliga chaqmoqdek urildi. Ular Rasululloh sallollohu alayhi va sallamning atrofidagi kishilarning qalbida U zotga nisbatan qanchalar ishq-u odob to’lib toshganini tasavvur qila olmas edilar. Hazrat Usmon roziyallohu anhu qaytib kelganlarida ba’zi sahobalar u kishidan: “Siz o’zingiz tavof qildingizmi?” deb so’radilar. Shunda Usmon roziyallohu anhu: “Mening jonim qo’lida bo’lgan Zotga qasamki, men u yerda yana bir yil ushlanib qolib ketsam-u, Janobim Rasululloh sallollohu alayhi va sallam Hudaybiyada bo’lsalar, men Habibim sallollohu alayhi va sallamsiz tavof qilmayman”, dedilar. 

Hazrat Busiriy[1] Rasululloh sallollohu alayhi va sallamning siyratlariga atalgan “Qasidayi hamziyya” manzumalarida shunday keltiradilar:

Tavof qilishdan bosh tortdi toki

Uning biror tarafi ham Nabiysiga yaqin emasdi,

Buning evaziga rizvon bay’atida

Nabiysining pok qo’li uning uchun tashlanib mukofotlandi.

 

Hazrat Usmon hayo va odob borasida boshqa sahobalardan ajralib turar edilar. U zot Nabiy sallollohu alayhi va sallamga nisbatan hayolari haqida shunday deganlar: “Men Nabiy sallollohu alayhi va sallamga bay’at qilganimdan so’ng toki shu kungacha biror marta o’ng qo’lim bilan uyatli joyimni ushlamaganman”.   

[1] Asli ismlari Muhammad ibn Said ibn Hammod al-Busiriy bo’lib, 696/1296-yilda vafot etganlar. bu “Qasidayi hamziyya” Rasululloh sallollohu alayhi va sallamning siyratlarini yoritib beradigan musulmon o’lkalaridagi mashhur qasidalardan bir sanaladi. 

Shayx Zulfiqor Ahmad Naqshbandiyning “Boadab bonasib” kitoblaridan tarjima qilindi. 

Muhammadibrohim Isoqjonov 

“Hidoya” o'rta maxsus islom 
bilim yurti o'qituvchisi