Ijaranining turlari
Ulamolar ijarani turli jihatlardan qaralishi e’tiboriga ko‘ra turli qismlarga bo‘lganlar. Ijara manfaat olinadigan o‘rin jihatidan ikkiga bo‘linadi:
1. Inson manfaati ijarasi,
2. Ashyo manfaatiijarasi.
Ashyolardan hosil bo‘ladigan manfaat ustiga tuziladigan ijara turiga hovli-joylar, do‘konlar, yer-mulklar, ot-ulovlar, mashinalar, kiyim-kechaklar, zebu-ziynatlar, idish-tovoq va hokazolar ijarasini ko‘z oldimizga keltirishimiz mumkin. Bunda mazkur narsalar ma’lum haq evaziga foydalanuvchiga ijaraga topshiriladi. Inson nafi ijarasiga kelsak, bu - amal, xizmat ijarasi ham deb ataladi. Ijaraning bu turida bitim qilinadigan narsa jismoniy yoki aqliy ish, mehnat hisoblanadi. Bunda “ajiyr” ya’ni ishga yollanuvchi kishi ma’lum haq evaziga o‘z mahorati va bilimini ishga solib, ma’lum ishni bitirib beradi. Bunga misol tarzida ma’lum haq evaziga biron binoni chizmasini chizish yoki qurish, kiyim tikish, gazmol bo‘yash, poyafzal tuzatish, biron buyumni biron joyga eltib berish va hokazolarni olishimiz mumkin. Ijaraga biron narsa beruvchi “muajjir” yoki “mu’jir”, ijaraga biron buyum va hokazo oluvchi yoki ijaraga odam yollovchi “musta’jir” deyiladi. Ijaraga yollanibishlaydigan kishi “ajiyr”deyiladi. Ijaraga olingannarsa “ma’jur”, ijara haqi esa ujra deb ataladi.
Ijaraga yollanib ishlaydigan ishchilar yollovchilarga nisbatan islom fiqhi nuqtai nazaridan ikkiga bo‘linadi:
1. Xos yollanuvchi (ishchi);
2. Mushtarak yollanuvchi (ishchi).
Xos yollanuvchi deganda ma’lum muddatga ma’lum evaz hisobiga biron korxona yoki xonadonga bog‘lanib, o‘sha korxona yoki manzil sohibi taqsimlagan ishni bajaradigan ishchi-xodimlar nazarda tutiladi. Masalan, zavod, fabrika, firma, manzil xodimi va hokazolarxodimlari shular jumlasidandir. Xos yollanuvchi ishchi ma’lum muddatga ishga kirgani ya’ni o’sha muddat ichida o’zini topshirgani uchun ish haqiga ega bo’laveradi. Bunda ishlamasa ham oylik olaveradi. Xos yollanuvchu ishchi kelishilgan muddat ichida ishlayotgan joyidan boshqa joyda ishlashi mumkin emas. Agar boshqa joyda ishlasa oyligidan ushlab qolinadi. Xos yollanuvchi ishchi ishlayotgan paytida qo’lidagi narsaga talofat yetkazsa va buni atayin qilmagan bo’lsa to’lab bermaydi.
Mushtarak yollanuvchi deganda esa bir paytni o‘zida hammaga xizmat qilaveradigan kishilartushuniladi. Masalan, tikuvchi, kosib, duradgor, bo‘yoqchi, oshpaz va hokazolar. Ular duch kelgan odamning buyurtmasini bajarib beraveradilar. Shuning uchun ularga mushtarak yollanuvchi deyiladi. Xos ishchi faqat o‘z yollovchisining xizmatini qiladi. Mushtarak ishchi esa yollovchisiniki bilan birga boshqalarni ishini bitirib berishdan ham man qilinmaydi.
Ismailov Akramxon
“Hidoya” o'rta maxsus islom
bilim yurti mudarrisi