“Endi enga qancha sarflaganingni ayt” yoxud Umar ibn Abdulaziz rohimahullohning taqvolariga yana bir misol
Xalqning amaldorlar ustidan qiladigan shikoyatlarini xalifa Umar ibn Abdulazizning shaxsan o’zi ko’rib chiqardi. Basra voliysi Adi ibn Artot (hijriy 102-yili vafot etgan) bir kishining yerini tortib oldi. Jabr ko’rgan kishi Damashqqa, xalifaning oldiga borib, arz qilishga qaror qildi. Bu haqida Abdulhakam quyidagicha rivoyat qilib beradi: “Umar rohimahulloh uyidan chiqib ketgan edilar… Shu payt bir kishi tuya minib kelib qoldi. Uni cho’ktirib kelib, Umarni so’radi. Unga javoban: “Chiqib ketgan edi. Hozir qaytib qoladi”, deb javob qilindi. Bir oz vaqt o’tib, Umar keldi. Haligi kishi kelib, Adiy ibn Artot borasida shikoyat qildi. Umar unga: “Bizni uning qora sallasi aldab qo’ydi. Men unga kimdir senga biror haq ustida hujjat bilan keladigan bo’lsa, o’sha haqni unga topshir”, deb vasiyat qilib maktub yozgan edim. Lekin u yo’ldan ozibdi”, dedi. So’ngra yerni egasiga qaytarib berishni buyurdi. Natijada tortib olingan yer o’z egasiga qaytarildi.
Keyin yeri tortib olingan odamga: “Mening huzurimga kelish uchun qancha sarflading?” Dedi. U: “Yo mo’minlar amiri, siz mening shundoq yerimni qaytarib olib berdingiz-ku, yana qancha sarflaganimni so’rayapsizmi?! Bu ishingizning o’zi yuz mingdan yaxshi”, deb javob berdi. Shunda Umar: “Men senga haqqingni qaytarib berdim. Endi menga qancha sarflaganingni ayt”, dedi. U bu safar: “Bilmayman”, deb javob berdi. Umar bunga ham ko’nmadi va: “Chamalab ayt”, dedi. U: “Oltmish dirham”, dedi. Bu javobdan keyin Umar baytul moldan o’sha mablag’ni ajratib berishni buyurdi.
“Musulmonlar olamga nimalar taqdim qilgan” kitobi asosida tayyorlandi
Muhammadibrohim Isoqjonov
“Hidoya” o'rta maxsus islom
bilim yurti o'qituvchisi