Ali ibn Abu Tolib va bir nasroniy voqeasi
Mo’minlar amiri Ali ibn Abu Tolib roziyallohu anhu bir nasroniy bilan sovuti masalasida xusumatlashib qoldi. Ali ibn Abu Tolib o’zlarining sovutlarini bir nasroniy kishining qo’lida tanib qoldilar. Uni qozi Shurayhning oldiga sudlashgani olib bordilar. So’ngra: “Bu sovut mening sovutim, men uni hech kimga sotganim ham yo’q, sovg’a qilganim ham yo’q”, dedilar. Shurayh nasroniyga qarab: “Mo’minlar amirining gapiga nima deysan?” dedi. Shunda u: “Bu sovut meniki. Sovut mening qo’limda turibdi”, dedi. Shunda Shurayh Ali roziyallohu anhuga qarab: “Ey mo’minlar amiri, biror bir hujjatingiz bormi?” dedi. Bu savoldan so’ng Ali roziyallohu anhu kuldilar va: “Shurayh topdi, menda hech qanday hujjat yo’q”, dedilar. Shundan so’ng qozi Shurayh nasroniyning foydasiga hukm qildi. Nasroniy sovutni olib, ketishga shaylanib bir qadam tashladi-yu so’ngra ortiga qaytdi hamda: “Men guvohlik berib aytamanki, bu payg’ambarlar hukmlaridandir. Mo’minlar amiri meni o’z qozisiga keltirsa, uning qozisi uning ziddiga hukm chiqarsa, men bu ayni haq ekanligiga guvohlik beraman. Ashhadu alla ilaha illallohu va ashhadu anna Muhamadan Rosulullohi. Albatta, bu saovut seniki edi”, dedi va Islomni qabul qildi.
“Musulmonlar olamga nimalar taqdim qilgan” kitobi asosida tayyorlandi
Muhammadibrohim Isoqjonov
“Hidoya” o'rta maxsus islom
bilim yurti o'qituvchisi