Farzning lug'aviy va istelohiy ma'nolari
Farz arabcha so‘z bo‘lib, lug‘atda ko‘pgina ma’nolarda ishlatiladi. Masalan, “kesmoq” ma’nosida: فرض الخياط الثوب tikuvchi kiyimni kesdi, “belgilamoq” ma’nosida, Baqara surasining 237-oyatida “فنصف ما فرضتم ” “Belgilaganning yarmini”, “mufassal bayon qilmoq” ma’nosida, “Nur” surasining birinchi oyati karimasida “سورة انزلناها و فرضناها و انزلنا فيها ءايات بينات لعلكم تذكرون” “Bu bir suradir. Biz uni nozil qildik va mufassal bayon qildik. Biz unda ochiq-oydin oyatlarni nozil qildik. Shoyadki, eslasangiz”, “Bayon qilmoq” ma’nosida ham ishlatiladi “قد فرض الله لك تحلة ايمانكم ” “Alloh sizlarga qasamlaringizning kafforotini bayon qilib berdi”. “Cheklangan” ma’nosida ham keladi: “Niso” srasining 118 oyatida:
”و قال لاتخذن من عبادك نصيبا مفروضا لعنه الله” “Alloh uni la’natladi. U esa: “Qasamki, bandalaringdan ma’lum nasibani olaman, dedi”. “Sigirning qarishi” ma’nosida ham ishlatiladi, Baqara surasining 68-oyati karimasida “لا فارض ولا بكر ” ya’ni, “Qari ham, yosh ham bo‘lmagan” ma’nosida qo‘llangan[1].
Javhariy “Farz” kalimasi dunyoviy sovg‘a ma’nosida ham ishlatishini keltirib quyidagi iborani keltiradi: “فرضت للرجل اذا اعطيته ” kishiga unga biror sovg‘a berganda, farz qildim, deb aytiladi”,deya ta’kidlaydi[2].
Shariat istilohida “farz” deb shariat shaksiz jazm ila qat’iy dalil bilan talab qilgan ishga “farz”, deb aytiladi[3].
Nizomuddin Shoshiy tomonidan “Farz” kalimasiga quyidagicha ta’rif berilgan: “Farz so‘zi lug‘atda belgilash, o‘lchash ma’nosida bo‘lib, shariatda “farz”, deyilganda ziyoda yoki nuqsonni qabul qilmaydigan darajada shariat tarafidan qat’iy ravishda o‘lchab va belgilab qo‘yilgan amallar tushuniladi”[4]. Istilohda esa, farz deb unda hech qanday shubha bo‘lmagan qat’iy dalil bilan kelib chiqqan amalga aytiladi[5]. Bunga quyidagi misollarni keltirish mumkin:
Qur’oni karim ila sobit bo‘lgan farz amalga islomning besh rukniga o‘xshash amallar kiradi[6].
Farz amalni qilish lozimdir. Uni qilgan odam savob oladi. Farz amalni qilmagan odam osiy gunohkor bo‘lib jazolanadi. Farz amalni inkor etgan kishi iymondan chiqadi[7].
[1]Al Jazariy Abdurahmon. Al fiqh alal mazahibal arba’a. –J. 3. – Bayrut:Dor-ul-fikr, 1990.–B.53.
[2]Marg‘inoniy Burhoniddin. Al-Hidoya sharhu bidoyatil-mubtadiy. J. 2. – Bayrut: Dorul kutub al-ilmiyya, 1990. -B.87.
[3]Исматуллоҳ Абдуллоҳ. Марказий Осиёда Ислом маданияти. – Тошкент: Шарқ, 2005.–Б.85.
[4]Ibn Munzir. Lisonul- arab.-Qohira: Dorul kutub al-ilmiyya, 2002.- B.23.
[5]Низомуддин Шоший. Усулуш шоший. –Тошкент: Мовароуннаҳр, 2016.–Б.378.
[6] Ibn Foris. Mu’jam maqoyis al lug‘at. – J. 1. Bayrut:Dor-ul-jiyl, 1998.–B.62.
[7]Муратов Д., Сиддиқов С., Мукаррамхонов Н., Турдиметова И. Қуръон сўз ва иборалари. (Изоҳли луғат). – Тошкент: Мовароуннаҳр, 2017.–Б.384.
Ishanov Ismoilxon
“Hidoya” o'rta maxsus islom
bilim yurti o'qituvchisi