Bukilmas iroda va matonat sohiblariga yuksak marralar muborak!
Yurtimizda eng ulug‘, eng aziz ayyom — Mustaqillik bayrami shukuhi kezib yurgan shu kunlarda xalqimiz qalbida faxr-iftixor tuyg‘usi tobora yuksalmoqda. Tokio — 2020 yozgi Olimpiada o‘yinlarida sportchilarimiz qo‘lga kiritgan yutuqlar Ona Vatanimiz istiqlolining 30 yilligiga munosib sovg‘a sifatida barchamizga cheksiz quvonch ulashdi. Zero, ikki yuzga yaqin davlat vakillari ishtirok etgan nufuzli sport musobaqasida mamlakatimiz bayrog‘i bir necha bor ko‘tarilib, davlatimiz madhiyasi yangraganda butun dunyo ahli xalqimizga o‘z hurmatini bajo keltirgani sharaflidir.
Uch kun oldin ushbu nufuzli sport musobaqasining uzviy davomi sifatida Tokio — 2020-yozgi Paralimpiya o‘yinlari ham yakuniga yetdi. Quvonarlisi, mamlakatimiz sharafini himoya qilgan matonatli sportchilarimiz dunyo ahli ko‘z o‘ngida yuqori natijani namoyish etdi. Ular matonat bahslarida 8 ta oltin, 5 ta kumush, 6 ta bronza medalga sazovor bo‘lib, umumjamoa hisobida 162 davlat sportchilari o‘rtasida 16-o‘rinni egalladi. Bu shukuh har bir vatandoshimiz qalbida iftixor tuyg‘usini uyg‘otishi tabiiy.
Binobarin, ushbu natija bilan O‘zbekiston terma jamoasi Osiyo mamlakatlari va MDH davlatlari bo‘yicha 4-o‘rin hamda Markaziy Osiyo davlatlari ichida 1-o‘rinni egalladi. Bilamizki, Paralimpiya o‘yinlari — nogironligi bor va jismoniy imkoniyati cheklangan sportchilarning eng yirik xalqaro sport anjumani hisoblanadi. Shu bois, ham kunchiqar yurtda o‘tkazilgan XVI yozgi Paralimpiya o‘yinlarida har bir sportchining chiqishini nafaqat mamlakatimiz, balki butun dunyo ahli katta qiziqish va hayajon bilan kuzatib bordi. Mazkur bellashuvlarda O‘zbekiston jamoasi tarkibida 48 nafar sportchimiz sportning 8 turida ishtirok etdi. Vakillarimiz musobaqalarning dastlabki kunlaridanoq o‘zlariga bildirilgan ishonchni oqlab, yuksak natijalarni qayd etdi.
Yangi O‘zbekistonda hech kim hech qachon e’tibordan chetda emas. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev mamlakat mustaqilligining 30 yilligiga bag‘ishlangan bayram tantanalarida Tokioda o‘tayotgan sport o‘yinlarida qatnashayotgan yigit-qizlarimizni olqishlab o‘tgani e’tiborga molik. Unda, jumladan, shunday deyiladi: “Bugungi kunda yangicha va mustaqil fikrlaydigan, mas’uliyatli, tashabbuskor, vatanparvar yoshlarimiz jahon maydonlarida turli soha va yo‘nalishlarda yuksak marralarni egallamoqda.
Mana, yaqinda Yaponiyada bo‘lib o‘tgan XXXII yozgi Olimpiya o‘yinlarida mohir sportchilarimiz g‘olib va sovrindor bo‘lib, barchamizni quvontirdilar. Ayni kunlarda Tokioda yozgi Paralimpiya o‘yinlari qizg‘in davom etmoqda. Unda ishtirok etayotgan O‘zbekiston jamoasi a’zolari bugungi kunga qadar 5 ta oltin, 4 ta kumush, 6 ta bronza medallarini qo‘lga kiritib, o‘zlarining tengsiz matonatini namoyon etmoqdalar.
Yurtimiz sharafini munosib himoya qilayotgan mana shu jasoratli o‘g‘ilqizlarimizga yangi muvaffaqiyatlar yor bo‘lishini tilaymiz”.
Albatta, mazkur bayram tadbiridagi xalqimizning olqishi sportchilarimiz kuchiga yanada kuch, shijoatiga shijoat qo‘shgan bo‘lsa, ajab emas. Dunyoda imkoniyati cheklangan bo‘lishiga qaramay, turli sohalarda ulkan cho‘qqilarni zabt etgan insonlar kam emas. Yurtimizda ham mana shunday insonlar uchun qulay shart-sharoitlar, bepul va sifatli ta’lim olish uchun keng imkoniyatlar yaratilgan. Shu ma’noda, Paralimpiya o‘yinlarida ishtirok etayotgan har bir sportchimiz yaratilgan imkoniyatlardan unumli foydalanib, haqiqiy ma’noda QAHRAMON bo‘ldi! Ular o‘z jismoniy va ruhiy imkoniyatlarini ezgulikka, sog‘lom turmush tarziga bag‘ishlab, pirovardida, Vatan sharafini yuksakka ko‘tarishdi.
Bu bilan to‘rt muchasi sog‘ bo‘la turib, jamiyat, xalqqa nafi tegmaydigan, yurti uchun yonib-kuymaydigan ayrim insonlarga o‘rnak bo‘ldi. Ular barcha mashaqqatlarga sabr qildi. Buning ajrini olmoqda ham. Dunyo ahli, xususan, xalqimiz ehtiromi, Prezidentimiz e’tirofi orqali!
Atoqli ma’rifatparvar Abdulla Avloniy “Turkiy Guliston yoxud axloq” asarida “Inson har bir ishni sabr va matonat ila yurutsa, maqsudiga tinch va rohatda borub yetar”, deb yozadi. Darhaqiqat, inson boshiga tushgan musibatlarga bardosh berishi kerak. Orzu qilgan oliy maqomlarga yetish yo‘lida sabrli bo‘lishi lozim. Zero, hayot so‘qmoqlarida duch kelinadigan turli sinovlar va mashaqqatlar faqat sabr va matonat oldida yengiladi.
Alloh taolo bu haqida Qur’oni karimning “Zumar” surasi 10-oyatida “Albatta, sabr qilguvchilarga ajrlari hisobsiz, to‘liq beriladi”, deb marhamat qiladi. “Nahl” surasining 96-oyatida esa shunday deydi: “Albatta, biz sabr etganlarni qilib yurgan amallarining eng go‘zaliga beriladigan ajr bilan mukofotlaymiz”.
Shak-shubha yo‘qki, Paralimpiya o‘yinlarida ishtirok etgan har bir yigit-qiz haqiqiy matonat va jasorat sohiblaridir. Taqdirning ishlarini qarangki, hayot davomida matonat va iroda sinovidan bot-bot o‘tadigan yigit-qizlarimiz bellashuvlarga kirishmasdanoq yana kutilmagan sinovlardan o‘tishlariga ham to‘g‘ri keldi. Besh nafar sportchimizda koronavirus infeksiyasi aniqlangani uchun bahslarda qatnashish imkoniyatiga ega bo‘lmabdi. Olti nafar para atletimiz sog‘lig‘idagi muammolar musobaqalar oldidan yanada kuchaygani sababli kurashni erta to‘xtatishga majbur bo‘lishdi. Ammo har neki bo‘lganda ham, jasoratli o‘g‘il-qizlarimiz biz uchun qahramon! Namuna bo‘lgulik qahramon!
Bugun Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev boshlab bergan yangi O‘zbekistonning barcha jabhalarida rivojlanish va o‘zgarishlar bo‘y ko‘rsatmoqda. Mamlakatimizda sog‘lom turmush tarzini shakllantirish jarayonida aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlari, nogironligi bor va jismoniy imkoniyati cheklangan yoshlarning ham bilim olishi, salomatligini mustahkamlashi, o‘z qiziqishi va intilishiga ko‘ra, kasb-hunar egallashi, sport bilan shug‘ullanishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratilmoqda.
Shu maqsadda joriy yilning 18-may sanasida “Paralimpiya harakatini rivojlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Prezident qarori imzolandi. Buning natijasida jismoniy imkoniyati cheklangan va nogironligi bo‘lgan shaxslarga sport bilan shug‘ullanish uchun shart-sharoitlarni kengaytirish hamda ular o‘rtasida sport bilan shug‘ullanuvchilar qamrovini yanada oshirish bo‘yicha tizimli ishlar qilinmoqda. Barcha turdagi sport ta’lim muassasalarida jismoniy imkoniyati cheklangan va nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun sport bo‘limlari bosqichma-bosqich tashkil etilmoqda. Iqtidorli, jismoniy imkoniyati cheklangan va nogironligi bo‘lgan shaxslarni tanlab olish, ularni sport turlariga yo‘naltirish, tayyorlash hamda oliy sport mahoratiga erishishini ta’minlovchi uzluksiz yagona kompleks tizimi joriy etilmoqda.
Shuningdek, davlatimiz rahbari tomonidan joriy yilning 25-iyunida “2021-yilda Tokio shahrida (Yaponiya) bo‘lib o‘tadigan XXXII yozgi olimpiya va XVI paralimpiya o‘yinlarida O‘zbekiston sport delegasiyasining ishtirokini ta’minlash hamda olimpiya sport turlarini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorining imzolanishi ayni muddao bo‘ldi.
Yurtimiz sportchilarining har tomonlama tayyorgarligi va muvaffaqiyatli ishtirokini ta’minlash, oltin, kumush va bronza medallarini qo‘lga kiritgan sportchilarni moddiy qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, mamlakatimizda Olimpiya va Paralimpiya harakatlarini yanada rivojlantirish ko‘zda tutildi.
Quvonarlisi, mazkur islohotlar natijasida Tokio maydonlarida qo‘lga kiritilgan yutuqlar barchamizni behad quvontirdi. Ayollar o‘rtasida para-yengil atletikaning nayza uloqtirish turida F13 klassida Nozimaxon Qayumova 42.59 metr natija bilan chempion bo‘ldi. Ahamiyatlisi, Nozimaxon Qayumova Rio paralimpiadasida ham jamoa hisobiga oltin medalni yozib qo‘ygan edi. Shuningdek, para-dzyudo bo‘yicha 100 kilogramm vazn toifasida qatnashgan Sharif Xalilov ikki karra Paralimpiya o‘yinlari sovrindoriga aylanganini e’tirof etish joiz.
Metin irodali farzandimiz Feruz Sayidov Paralimpiya o‘yinlari g‘olibiga aylangani sharafiga yurtimiz bayrog‘i baland ko‘tarilganida Feruzbekka qo‘shilib quvonchdan yig‘ladik. O‘sha on mana shunday o‘g‘lonni kamolga yetkazgan yurt vakili sifatida faxr va iftixor tuyg‘usini, xuddi o‘zimiz chempion bo‘lgandek hisni tuydik.
Albatta, mazkur muvaffaqiyatlarning zamirida imkoniyati cheklangan bo‘lishiga qaramay o‘zida kuch va matonat to‘plab, hayotda o‘z nomim va izimni qoldiraman, deb astoydil niyat qilgan, bu yo‘ldagi barcha qiyinchiliklar va mashaqqatlarni yengib o‘tgan sportchi yigit-qizlarning zahmatli mehnati yotibdi. Ammo bu yutuqlarga ularning og‘ir kunida hamroh bo‘lgan, qo‘lidan tutgan, o‘z kuchiga bo‘lgan ishonchni uyg‘otishga undagan ota-onalari, yaqinlari va ustozlarining hissasi borligini aytishni istardim.
Birgina misol. Barchamiz ayollar o‘rtasida uzunlikka sakrash bo‘yicha bahslarda ishtirok etgan Asila Mirzayorovaning medal uchun so‘nggi imkoniyatini hayajon bilan kuzatdik. Shogirdi uchun ko‘z va tirgak bo‘lgan murabbiy Sardor Abduxoliqov haqiqiy ustoz mehri va shijoatini namoyon etdi. U chin murabbiy qanday bo‘lishiga namuna.
Muxtasar aytganda, sabr va matonat timsollariga aylangan, imkoniyati cheklangan bo‘lsa-da, o‘zida kuch va iroda topib, sportimiz rivoji uchun munosib hissa qo‘shgan va qo‘shayotgan yigit-qizlarimizni har qancha e’tirof etsak arziydi.
Muzaffar KOMILOV,
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari,
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori
Manba: "Yangi O‘zbekiston" gazetasi 2021-yil 8-sentabr, 179-son