Яратилиш санаси 10.09.2024

HADIS ILMI VA UNING JAMIYATNI TARQQIYOTIDAGI O‘RNI

Ushbu maqolada hadis ilmining qisqacha ta’riflari hamda uni rivojlantirish uchun yurtimizda olib borilayotgan islohotlar va xalqimizni ma’naviy boy qilib tarbiya qilishda muhim o‘rin tutishi haqida so‘z boradi.

Mavzu yana shunisi balan ham ahamiyatliki, rivojlanib borayotgan jamiyatimizga yot bo‘lgan illatlarni bartaraf etishda hadisni o‘rni beqiyos ekanligi aniq misllar bilan ko‘rsatib o‘tilgan. 

Butun borliqni yaratib, shular ichidan insoniyatni oʻzining tavfiqi va hidoyatiga loyiq koʻrgan Alloh taologa bitmas – tuganmas hamdu sanolar boʻlsin. Oʻz ummatlariga Robbisi amri ila hikmatni oʻrgatgan Paygʻambarimiz Muhammad  Mustafo sollallohu alayhi  vasallamga  mukammal batamom salovotu salomlar boʻlsin.  U kishining suhbatlarida boʻlib, hadislarini va sunnatlarini Islom ummatlariga yetkazgan  sahobalariga Allohning roziligi boʻlsin. Paygʻambarimiz Muhammad  Mustafo sollallohu alayhi  vasallamning sunnatlarini va hadislarini toʻplash, oʻrganish va tadqiq etishda oʻz xizmatlarini ayamagan barcha imomlar, muhaddislar va ulamolarga Alloh taoloning behisob rahmati boʻlsin.

Avvalo yurtimizda hadis ilmiga berilayotgan etiborni qayd etish lozim bo‘ladi. Zero Turli mafkuraviy xurujlar avj olayotgan bugungi kunda yurtimizdan yetishib chiqqan alloma va mutafakkirlarimizning maʼnaviy merosini chuqur oʻrganish, ulardagi ezgu gʻoya va taʼlimotlarni xalqimizga yetkazish va shu asosda yoshlarda sogʻlom dunyoqarashni kuchaytirish, ularni azaliy qadriyatlarga sodiqlik ruhida tarbiyalash muhim vazifalardan hisoblanadi.

Prezidentimiz 2017 yil 19 sentyabr kuni BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida soʻzlagan nutqida dolzarb mintaqaviy va global muammolar yechimi yuzasidan fikrlar bildirar ekan, jumladan, butun jahon jamoatchiligiga islom dinining asl insonparvarlik mohiyatini yetkazish, uni zoʻravonlik va qon toʻkish bilan tenglashtirmaslik zarurligi, Markaziy Osiyoning islom va jahon sivilizatsiyasiga bebaho hissa qoʻshgan koʻplab yorqin namoyandalari, jumladan Imom Buxoriy boy merosini asrab-avaylash va oʻrganish, odamlar, birinchi navbatda, yoshlarning ongu tafakkurini maʼrifat asosida tarbiyalash, yoshlarni zoʻravonlik gʻoyasi “virusi”dan himoya qilishni eng muhim vazifalar sifatida taʼkidlagan edi.

Yurtimizda barcha sohalar qatori diniy-maʼrifiy yoʻnalishda ham ulkan islohotlar, xususan, muqaddas islom dinini oʻrganish, ajdodlar merosini qayta tiklash va ularni kelajak avlodlarga asl holicha yetkazish boʻyicha keng koʻlamli ishlar amalga oshirilmoqda. Ayniqsa, Prezidentimiz tashabbuslari bilan buyuk ajdodlarga munosib vorislarni tayyorlash maqsadida yurtimizda diniy taʼlim tizimini takomillashtirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.

Movarounnahr zaminidan yetishib chiqqan buyuk muhaddislar Imom Dorimiy, Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Abdulloh ibn Muborak, Ibn Hibbon, Haysam ibn Kulayb Shoshiy, Abu Bakr Ahmad ibn Muhammad Barokotiy, Ibrohim ibn Maʼqil Nasafiy va Abd ibn Humayd Keshiylar tomonidan hadis maktablariga asos solingan boʻlib, ushbu ilmu maʼrifat va ziyo maskanlari hadis ilmi rivoji hamda dunyo ilm-fan taraqqiyotida oʻchmas iz qoldirgan.

“Hadis ilmining sultoni” nomini olgan buyuk vatandoshimiz Imom Buxoriyning “Al-jomeʼ as-sahih” kitobi musulmon dunyosida Qurʼoni karimdan keyingi ikkinchi muqaddas manba boʻlib, islom dini eʼtiqodiga koʻra, u bashariyat tomonidan bitilgan kitoblarning eng ulugʻi hisoblanadi.

Buyuk allomalarimiz asos solgan hadis ilmi anʼanalarini qayta tiklash va rivojlantirish, ular qoldirgan boy ilmiy merosni oʻrganish va keng jamoatchilikka yetkazish maqsadida Hadis ilmi maktabi tashkil etildi.

Hadis ilmi maktabida Qurʼon karim, fiqh, aqoid, tafsir, islom tarixi, arab tili va boshqa fanlar boʻyicha chuqur bilimlar berilishi bilan bir qatorda, hadis va unga oid ilmlar oʻrgatiladi.

Jumladan, “Hadis”, “Mustalahul hadis” (Hadis istilohlari), “Hadis va sharh, “Ahkomul-hadis” (Hukm olinadigan hadislar sharhi), “Jarh va taʼdil” (Roviylarni holatlari toʻgʻrisidagi fan), “Taxrij va dirosatul asonid” (Hadis isnodlarini chiqarish va oʻrganish), “Ilalul hadis” (Hadis illatlari va uni zaif qiluvchi sabablar) kabi mutaxassislik fanlari oʻqitiladi.

Albatta mutaxassislik fanlari qadimgi Samarqand, Buxoro diniy taʼlim tizimi anʼanalariga muvofiq tarzda, yurtimizda ming yillar davomida oʻqitilib kelingan moʻtabar darslik va oʻquv kitoblari asosida oʻrgatiladi.

Shuningdek, Hadis ilmi maktabi bitiruvchilari respublikadagi diniy taʼlim muassasalarida hadis va unga oid fanlardan dars berish imkoniyatiga ega boʻladi.

Oʻzbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi oliy diniy taʼlim muassasasi hisoblangan Hadis ilmi maktabi istiqbolda musulmon mamlakatlaridagi Hadis maktablari bilan raqobatlasha oladigan taʼlim maskaniga aylanishiga, qadimdan hadis ilmi hamda muhaddislar markazi boʻlib kelgan Movarounnahrning avvalgi shon-shuhratini qayta tiklashi va rivojlantirishiga umid qilamiz.[1]

Xabaringiz borki, Islom dinining asosiy manbalarining eng sharaflisi Qurʼoni karim boʻlsa, undan keyingi darajada hadis va unga taalluqli ilmlar turadi. Paygʻambar alayhissalomning sunnatlari Qurʼoni karimning mufassiri hamda uning maqsadlarini sharhlovchi boʻlganligi uchun Islom ulamolari hadisi shariflarni katta ahamiyat bilan oʻrgandilar.

Zero, Paygʻambarimiz Muhammad Mustafo  sollallohu alayhi  vasallam   Qurʼoni karimni bayon qilib yetkazuvchi ekanligini Alloh taolo quyidagicha marhamat qilgan:

وَ أَنْزَلْنا إِلَيْكَ الذِّكْرَ لِتُبَيِّنَ لِلنَّاسِ ما نُزِّلَ إِلَيْهِمْ وَ لَعَلَّهُمْ يَتَفَكَّرُونَ "44"

«... sizga esa odamlarga nozil qilingan narsalarni (yaʼni, shariat ahkomlarini) bayon qilib berishingiz uchun va shoyad tafakkur qilsalar, deb bu eslatma — Qurʼonni nozil qildik» (Nahl surasi, 44-oyat)[2].

Bugungi qaltis va tahlikali zamonda, xususan, tolibi ilmlarning, umuman olganda, xalqimizning hadis ilmi hamda unga bogʻliq boʻlgan fanlarni oʻrganishga juda katta ehtiyojlari mavjud. Chunki  baʼzi bir yetarli ilmga ega boʻlmagan, xatto umuman arabiy savodi yoʻq kishilar, mustahkam manbaga asoslanmagan, yuzaki, hech bir masʼuliyatni, gunohni oʻylamay, soʻralgan masalaga oʻylanmay, ikkilanmay oʻzlaricha javob aytadigan boʻlib qolganlari achinarli bir holdir. Zero, Abdulloh ibn Amr Roziyallohu anhudan rivoyat qilingan bir muborak hadislarida Paygʻambarimiz Muhammad Mustafo sollallohu alayhi  vasallam:

Abdulloh ibn Amr Roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rosululloh sollallohu alayhi vasallam” “Kim mening nomimdan qasddan yolgʻon toʻqisa, doʻzaxdan joyini tayyorlab olaversin”, deganlar[3].

Koʻrinib turibdiki, dinimizning asoslaridan biri boʻlgan hadislarga boʻlgan eʼtiborimiz va hurmatimiz oʻz yuqori darajada boʻlmogʻi darkor.

[1] Uygʻun Gʻafurov.  Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom instituti rektori. https://kknews.uz/oz/30160.html

[2] Shayx Abdulaziz Mansur. “Qurʻoni Karim maʻnolarining tarjima va tafsiri”. T: “Sharq nashriyoti”, 2009. B:272

[3] الاحادیث النبویه المخطاره  Mualliflar jamoasi. T: “Movarounnahr” nashriyoti,  2013. B:38

 

Aqilxonov Saidolimxon 

 “Hidoya” o‘rta maxsus islom
bilim yurti o‘qituvchisi