Salovotning ma’nosi
الصلاة – so’zi lug’atda duo, iltijo va namoz degan ma’noni ifoda qiladi. Shu ma’nodan kelib chiqib maxsus arkonlar va duodan iborat bo’lgan ibodat namoz uchun ham arab tilida الصلاة kalimasi ishlatiladi. Payg’ambarimizga yo’llanadigan salovotning ma’nosi haqida imom Buxoriy rohmatullohi alayh Abul Oliyadan rivoyat qiladilar:
صلاة الله تعالى ثناؤه عليه صلى الله عليه وسلم عند الملائكة. و صلاة الملائكة الدعاء له
Ya’ni: Salovot Alloh taolo payg’ambar alahissalomni farishtalar huzurida maqtashidir. Farishtalarning salovotlari esa u zot haqqilariga qilinadigan duodir.
Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhudan salovotning ma’nosi haqida rivoyat qilinadi: “Salovotning ma’nosi Robb taboraka va taolo rahmatiga olishidir. Farishtalar yo’llaydigan salovotlarning ma’nosi esa istig’fordir”-deganlar. Ushbu ma’nolardan kelib chiqib payg’ambarimizga yo’llaydigan salovotimizning ma’nosi: “Ey Alloh! payg’ambarimizni o’zingni muqarrab farishtalaring huzurida maqtagin, u zotni sahobalari va ahli baytlarini mag’firatinga, rahmatinga olgin”- degan ma’no kelib chiqadi. Biz payg’ambarimizga yo’llaydigan salovotimiz ortidan payg’ambarimizning ahli baytlariga, sahobalariga va payg’ambarimizga ehson ila ergashgan zotlarga ham salovot yo’llaymiz. Ularga yo’llaydigan salovotimizning ma’nosi ularning haqqilariga Alloh taolodan mag’firat so’rashdir.
Qur’oni karimning Ahzob surasi 56-oyatida Alloh taolo marhamat qilib aytadiki:
إِنَّ ٱللَّهَ وَمَلَٰئِكَتَهُۥ يُصَلُّونَ عَلَى ٱلنَّبِىِّ يَٰأَيُّهَا ٱلَّذِينَ ءَامَنُوا۟ صَلُّوا۟ عَلَيْهِ وَسَلِّمُوا۟ تَسْلِيمًا
Albatta, Alloh va Uning farishtalari Nabiyga salovot ayturlar. Ey, iymon keltirganlar! Siz ham unga salovot ayting va salom yuboring. (Ahzob surasi 56-oyati)
Yuqorida zikr qilingan oyati karimaga ko’ra har bir musulmon rosuli akram alayhissalomga umri davomida bir marotaba salovot aytishi farzdur. Qolgan vaqt esa payg’ambar alayhissalom zikr qilinsalar, yoki u zotning muborak ismlari eshitilsa yoki kitobda u zotning ismlari o’qilsa doim salovot aytish ummatni u zotga ko’rsatgan odobi bo’ladi. U zotga aytgan salovoti aslida o’ziga xayr, o’ziga baraka, o’ziga yaxshilikdir. Imom Termiziy rohimahulloh Rosuli akram sollallohu alayhi vasallamdan rivoyat qilgan hadislarida payg’ambar alayhissalom:
"البخيل من ذكرت عنده ثم لم يصل علي"
“Baxil odam shunday odamki: kimni huzurida man zikr qilinsam u manga salovot aytmasa o’sha baxil odamdur”- deb marhamat qildilar. Payg’ambarimiz zikr qilingan vaqtlarida salovot aytmaslik katta odobsizlikdir. O’zining hidoyatchisi bo’lgan zotni ehtirom qilmaslik bo’lib qoladi. Shuning uchun biz musulmon kishilarning odobimiz doimo u zot zikr qilinganlarida salovot aytishimizdur.
Nabiy sollallohu alayhi vasallamga aytiladigan salovotimiz tufayli dunyo va oxirat g’am tashvishlaridan qutulamiz. Salovot aytgan bandaga Alloh taoloning O’zi salovot va rahmat yo’llaydi. Boshqa bir hadisda Nabiy sollallohu alayhi vasallam:
مَنْ صَلَّى عَليَّ وَاحِدَةً صَلَّى الله عَلَيْهِ عَشْرا
“Kimki menga bir bora salavot aytsa, Alloh unga o‘nta salavot aytadi”-deb marhamat qildilar.
Ushbu hadisdan kelib chiqib ulamolarimiz: “Eng afzal zikr bu Payg’ambar alayhissalomga yo’llanadigan salovotdir. Chunki Payg’ambarimizga yo’llaydigan salovotimiz tufayli Alloh taoloning bizga yo’llaydigan salovotiga musharraf bo’lamiz”-deydilar.
Imom Tabaroniy keltirgan rivoyatda esa Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shunday marhamat qiladilar: “Kim menga bir bora salavot aytsa, Alloh unga o‘nta salavot aytadi. Kimki menga o‘nta salavot aytsa, Alloh unga u yuzta salavot aytadi. Kimki menga yuzta salavot aytsa, Alloh uni nifoq va do‘zaxdan ozod deb yozib qo‘yadi va qiyomat kunida shahidlar bilan birga qiladi”.
Payg’ambar alayhissalomga har vaqt salovot aytib yurishimiz lozim. Robiul avval oyida esa boshqa vaqtlarda aytadiganimizdan ham ziyoda salovot aytishimiz darkordir.
Usmanov Abdusamad
“Hidoya” o'rta maxsus islom
ta'lim muassasasi o'qituvchisi