Muhammad sallollohu alayhi vasallam va sahobiylar davrida tafsir
Ilk islom davrida tafsir ilmi o`ziga xos jihatlar bilan ajralib turdi. Bu ham bo`lsa, Qur`onga oid sharhlarning Muhammad (s.a.v.)ning tushuntirish berishlari bilangina kifoyalanildi. Bu davr va sahobiylar davri haqida Mahmud Husayn Zahabiy o`z tadqiqotida “Muhammad (s.a.v.) va sahobiylar davrida tafsir” mavzusi ostida birlashtirib yozgan. Buni ikkiga ajratib ko`rib chiqish ham mumkin. Birinchisi, Muhammad (s.a.v.)ning hayotlik vaqtlarida sahobiylarning savollariga javob tarzda Qur`on oyatlari va so`zlariga sharh berishlari. Bu haqda Ibn Xaldun “Muqaddima” asarida shunday yozadi: “Nabiy (s.a.v.) sahobiylarga Qur`onning mujmallarni aytib, nosix va mansuxlarini ajratib, ularga o`rgatar edilar”. Ikkinchisi, sahobiylarning Muhammad (s.a.v) vafotlaridan keyin hadislar, arab tili, oyatning nozil bo`lish sabablari, o`z bilim imkoniyatlari va ijtihodlariga tayanib Qur`onga sharh berish davrlari.
Muhammad (s.a.v.) vafotlaridan so`ng sahobiylar Qur`on sharhlashda manbalarga suyangan holda yana qo`shimcha ravishda o`z ijtihodlarini ham bayon etganlar. Sahobiylar bu davrda Qur`onni sharhlashda to`rt asosiy manbaga suyanganlar. Ular: Qur`on, Payg`ambar (s.a.v.) hadislari, sahobiylarning ijtihodlari va yahudiy va nasroniylarning qadimgi payg`ambarlar haqidagi qissalari.
Sahobiylar tafsir qilishda eng avvalo, Qur`on va hadisga murojaat etganlar. Shu bilan birga, Qur`on va hadislarda sharh mavjud bo`lmasa, o`zlarining ijtihodlariga ham tayanganlar. Masalan, Baqara surasining 266-oyati:
أَيَوَدُّ أَحَدُكُمْ أَن تَكُونَ لَهُ جَنَّةٌ مِّن نَّخِيلٍ وَأَعْنَابٍ تَجْرِي مِن تَحْتِهَا الأَنْهَارُ لَهُ فِيهَا مِن كُلِّ الثَّمَرَاتِ وَأَصَابَهُ الْكِبَرُ وَلَهُ ذُرِّيَّةٌ ضُعَفَاء فَأَصَابَهَا إِعْصَارٌ فِيهِ نَارٌ فَاحْتَرَقَتْ كَذَلِكَ يُبَيِّنُ اللّهُ لَكُمُ الآيَاتِ لَعَلَّكُمْ تَتَفَكَّرُونَ
“Birortangiz xurmo va uzumlari bor, ostidan daryolar oqib turadigan, turli mevalarga ega bo`lib, zaif bolalari bor vaqtida qattiq shamol turib olov bilan yoqib yuborishini xohlaydimi? Alloh shunday tarzda o`z alomatlarini bayon etur” oyatini Umar ibn Xattob sahobiylardan sharhlab berishlarini so`raydi. Shunda Ibn Abbos quyidagicha sharhlaydi: Bir boy kishining bog`u bo`stonlari bo`lib, u toat-ibodatda mashg`ul bo`ladi. Shunda shayton kelib uni yo`ldan ozdiradi, so`ng gunoh ishlarni qilgani uchun solih amallari g`arq bo`ladi.
Shunday qilib, ilk davrda Payg`ambar (s.a.v.) Qur`onni dinga kirgan arablarga o`rgatganlar. Arablar umumiy tarzda uni tushunganlar. Lekin uni yanada tushuntirib berish zarurati mavjud bo`lgan. Umar va Ibn Abbos kabi sahobiylarning Qur`onning ayrim so`zlarini bilmaganlari va so`rab o`rganganlari hadis to`plamlarida zikr etilgan. Shu kabi sahobiylar tushunmagan o`rinlarini Payg`ambardan so`rab bilganlar. Bu davrda Qur`on to`liq sharhlanmagan.
Payg`ambar vafotlaridan keyin sahobiylar u kishidan naqllari hamda o`z tajribalari asosida ayrim qo`shimchalar bilan tafsir ilmini yanada boyitdilar. Ular bunda arab tili, urf-odatlar, ahli kitoblarning rivoyatlarini bilishlari asosiy o`rin tutdi.
Sahobiylar Qur`onda qisqartirib berilgan qissalarni yahudiy va nasroniylarning islomni qabul qilgan olimlaridan so`rab, Qur`onga qilgan sharhlarini boyitganlar. Ularning Qur`on nozil bo`layotgan davrda yashaganlari uchun ularning tafsirlari eng ishonchli deb tan olingan. Ularning ba`zilari Qur`onga bergan sharhlari bilan shuhrat qozondilar. Suyutiy o`zining “Itqon” ida mufassir sahobiylarning ismlarini keltirgan, ular: Abu Bakr, Umar, Usmon, Ali, Ibn Mas`ud, Ibn Abbos, Ubay ibn Ka`b, Zayd ibn Sobit, Abu Muso Ash`ariy, Abdulloh ibn Zubayr.
Asosan, Ali ibn Abu Tolib, Abdulloh ibn Mas`ud, Abdulloh ibn Abbos, Ubay ibn Ka`blar sahobiylarning eng mashhur mufassirlari sanaladi.
Sahobiylardan Ibn Abbos (vaf. 68/687) Makka maktabiga, Ubay ibn Ka`b Madina maktabiga, Ibn Mas`ud Iroq maktabiga asos soldilar. Ulardan ilm olgan tobiiylarning aksariyati o`z maktablari uslubidan kelib chiqqan holda turlicha tafsir qildilar. Lekin ular orasidagi ixtilof ulardan keyingi vaqtlardagi ixtiloflarga nisbatan ko`p emas.
Keyingi davrda tobiiylar o`z mintaqalaridagi sahobiylardan o`rganganlarini naql etishlari bilan birga o`z davrlarida ko`plab arablardan boshqa xalqlarning islomga kirishlari natijasida yuzaga kelgan masalalarga javob topish maqsadida bu ilmni kengaytirdilar. Aytib o`tish lozimki, bu davrlarda Qur`on to`liq tartibli tarzda sharhlanmagan, balki tarqoq holda oyatlarga sharh berganlar.
Tobiiylarning Qur`onga sharhlarini qabul qilishga munosabat turlicha bo`lgan. Ayrimlar ularning so`zlarini qabul qilish kerak deb hisoblasalar, ayrimlar qabul qilishni ma`qul ko`rmaganlar. Bu borada Abu Hanifaning so`zi o`rinli: “Payg`ambardan kelgan so`zni ehtirom bilan qabul etdik, sahobiylardan kelgan so`zlarni tanlab olamiz, tobiiylarning so`zlari esa ular ham biz kabidirlar”. Shunga ko`ra, tobiiylarning tafsirdagi so`zlarini qabul etish keyingi davr olimlari uchun majburiy bo`lmagan. Biroq sahobiylarning o`zaro va tobiiylarning o`zaro biror sharh bo`yicha bir xil fikrda bo`lishlari keyingi davr olimlari nazdida qabul etilgan. Shu kabi ilk ulamolarning sharhlarida bir-birlariga xiloflikdan ko`ra turlilik kuzatiladi.
Qayumov Sofvatulloh
ta'lim muassasasi o'qituvchisi