Makka tafsir maktabi
Ibn Abbos asos solgan Makka maktabi tafsir ilmining eng ilg`or maktabi hisoblanadi. Ibn Abbosning shogirdlari – Said ibn Jubayr, Mujohid, Ato ibn Abu Raboh, Ikrima, Tovus kabi tobiiylar tafsir ilmi bo`yicha shuhrat qozondilar.
Said ibn Jubayr Asadiy. Kunyasi – Abu Muhammad. U tafsir, hadis, fiqh ilmlari bo`yicha zamonasining etuk olimlaridan bo`lib, Ibn Abbos va Ibn Umardan ilm o`rgangan. Qiroatlarni yaxshi bilgan. Lekin u bilimi kengligiga qaramay, o`z ra`yi bilan tafsir qilishni istamagan. 95/713 yilda 49 yoshida o`ldirilgan.
Mujohid ibn Jabr. 21/642 yilda tug`ilgan. Tobiiylarning olimlaridan, o`tkir zehnliligi bilan mashhur bo`lgan. Mujohid Ibn Abbosdan eng kam rivoyat qilgan. U muhaddislar nazdida eng ishonchli roviylardan. Buxoriy va Shofe`iy uning Qur`onga qilgan sharhlariga tayanganlar. Lekin Mujohidning ba`zi Qur`on oyatlarini erkin tafsir qilgani keyinchalik mo``taziliylar tafsirlari uchun yo`l bo`lib qoldi.
Ato ibn Abu Rabboh. 27/648 yilda tug`ilgan. Makkadagi ilm va amalda hurmat-e`tiborli olim. 200ga yaqin sahobiylar bilan suhbatlashgan. Ato ibn Abu Rabboh Ibn Abbosdan ko`p rivoyat qilmagan. 114/732 yil vafot etgan.
Ikrima. Abu Abdulloh Ikrima ibn Abdulloh Barbariy Madaniy. Ibn Abbos va ko`plab olim sahobiylardan ta`lim olgan. Payg`ambar siyratlarini eng yaxshi biladigan olim hisoblanadi. Lekin ulamolar undan qilingan rivoyatning ishonchliligiga turlicha fikr bildirganlar. U 107/725 h.y. da Madinada vafot etgan.
Tovus. Abu Abdurahmon Tovus ibn Kayson. 50 sahobiy bilan suhbatlashgan, ko`proq Ibn Abbosdan hadis rivoyat qilgan. U ishonchli roviy bo`lib, olti hadis kitoblarida uning rivoyatlari keltiriladi. Undan Qur`on sharhlangan rivoyatlar kam etib kelgan. Undan kam tafsir etib kelgani va fiqh haqida ko`p gapirgani sababli, uni mufassir emas, faqih deyuvchi ulamolar ham bor. 106/724 yil hajni ado etayotib vafot etgan.
Ushbu maktab tafsir qilishda naql va aqldan birgalikda istifoda etishga asoslangan maktab sanaladi. Ibn Abbos mufassirlar nazdida eng ko`p murojaat etiladigan olimdir. Shu bilan birga shogirdlaridan Said ibn Jubayr, Mujohid, Ikrima sharhlari ham tafsir asarlarida keng o`rin olgan.
Qayumov Sofvatulloh
ta'lim muassasasi o'qituvchisi