
IMOM TERMIZIY ROHIMAHULLOH
“Sen mendan bahra topganingdan ko`ra,
men sendan ko`proq bahra topdim”
(Imom Buxoriyning Imom Termiziyga aytgan so`zlari)
Imom Termiziy rohimahulloh Movarounnahrning mashhur muhaddislaridan bo`lib, hijriy 209-yil (milodiy 824-yil)da Termiz yaqinidagi Bug` qishlog`i (hozirgi Sherobod tumani)da tug`ilgan. U zotning to`liq ismlari Abu Iso Muhammad ibn Iso az-Zahhok as-Sulamiy al-Bug`iy at-Termiziydir. Imom Termiziy rohimahulloh Imom Buxoriy, Imom Muslim va Imom Abu Dovuddan dars olganlar.
Imom Termiziy ilmiy-ijodiy ish, shogirdlar tayyorlash bilan mashg`ul bo`lib, yirik muhaddis olim, imom sifatida shuhrat qozongan. Imom Termiziyning aksariyat asarlari bizgacha yetib kelgan. Ular orasida
- “Al-Jome` as-sahih” (“Ishonarli to`plam”)
- “Ash-Shamoil an-nabaviya” (“Payg‘ambar alayhissalomning shakl va sifatlari”),
- “Al-Ilal fil-hadis” (“Hadislardagi illatlar”),
- “at-Ta’rix” (“Tarix”) kabi asarlari bor.
Uning asarlari ichida eng mashhuri, shubhasiz “Al-Jome’ as-sahih” asari bo‘lib, u 6 ta ishonchli hadislar to‘plamining to`rtinchisidir. Bu asar “Sahihi Termiziy”, “Sunani Termiziy” nomlari bilan ham mashhur bo`lgan. Undagi hadislarni to`plash uchun imom Termiziy Xuroson, Iroq, Shom yurtlarida, Makka va Madina shaharlarida ilmiy safarda bo`lgan.
“Sunani Termiziy” asaridagi hadislar soni 4000 taga yaqin bo`lib, muallif ularni 42 bobga ajratgan. Imom Termiziy o`z asari haqida quyidagi fikrlarni aytib o`tgan:
“Bu kitobni yozib, Iroq ulamolariga ko`rsatdim, unga xayrixohlik bildirishdi, Xuroson ulamolariga ko`rsatdim, ular ham xayrixohlik bildirishdi. Kimning uyida mana shu kitob bo`lsa, o`sha uyda Payg`ambar so`zlayotgandek bo`ladi.”
Termiziy Imom Buxoriy bilan uchrashganida (bu uchrashuv Nishopurda bo‘lgan va ikki alloma 5 yil birgalikda yashashgan) hadisning matninigina emas, uning hikmati va falsafasini tushunib yetganini e’tirof etadi. O‘z navbatida, Imom Buxoriy o‘z shogirdini maqtab, kamtarinlik bilan:
“Sen mendan bahra topganingdan ko‘ra, men sendan ko‘proq bahra topdim”, – deydi. Bu Termiziyga berilgan juda katta baho edi.
Tarix kitoblarida Imom Termiziy hayotida yuz bergan quyidagi voqea keltiriladi: Abu Iso Muhammad Termiziy Makkaga hajga borayotganlarida yo‘l-yo‘lakay ko‘plab mashhur muhaddislar bilan uchrashib, ularning biridan hadis ilmidan saboq bermog‘ini iltimos qilgan. Shunda u kishi: “Mayli, qo‘lingizga qog‘oz-qalam olingiz!” — degan. Aksiga olib, shu payt Termiziy qalam topa olmagan, olim ro‘parasida o‘ltirib eshitgan. Olim esa hech qanday yozuv yo‘qligini ko‘rib, jahli chiqib: “Nima, sen meni bekorchi deb o‘yladingmi?” — deb koyigan. Imom Termiziy uzr aytib: “Siz aytgan hadislarni yodlab oldim, ularni aytib beraymi?” — deb eshitgan hadislarining hammasini birin-ketin aynan aytib bergan. So‘ng u olim yana qirqta hadis aytgan. Imom Termiziy ularni ham birma-bir xatosiz aytib bergan. Shunda olim Imom Termiziyning xotirasi bag‘oyat kuchli ekanidan hayratlangan.
Imom Termiziy rohimahulloh hijriy 279-yil (milodiy 892-yil)da vafot etganlar.1990-yilda yurtimizda Termiziy tavalludining 1200 yilligi keng nishonlandi.
Mustaqillik yillarida Surxondaryo viloyati Sherobod tumanida joylashgan Imom Termiziyning yodgorlik majmuasi qaytadan ta’mirlanib, qutlug‘ ziyoratgohga aylantirildi.
Elshodbek Arabboyev
“Hidoya” o`rta maxsus islom ta`lim
muassasasi 2-kurs, 55-guruh talabasi