
Nega namoz vaqtida ortga tisarildingiz?...
Sahoba roziyallohu anhumlarning Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga ko’rsatgan odoblariga namunalar
Muborak visol oni kelishidan oldin, Nabiy sollallohu alayhi vasallamga kasallik yetdi. Shunda Abu Bakr siddiq roziyallohu anhuni masjidda odamlarga namoz o’qib berishga buyurdilar. Nabiy sollallohu alayhi vasallamning hayotlik chog’larida Abu Bakr siddiq roziyallohu anhuga o’n yetti bor namozga o’tish nasib qilgan. Nabiy sollallohu alayhi vasallam vafot etganlaridan ikki kun avval Abu Bakr siddiq roziyallohu anhu peshin namozini o’qib berayotgan edilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam sog’liqlari juda ham tang bo’lishiga qaramay Ali va Abbos roziyallohu anhumolarning yelkalariga suyanib chiqdilar. Buni sezgan Abu Bakr roziyallohu anhu orqaga tisarila boshladilar.
Nabiy sollallohu alayhi vasallam qo’llari bilan qandoq bo’lsang, shundoq turaver, deb ishora qiladilar. Shundan so’ng Payg’ambar sollallohu alayhi vasallam Abu Bakr roziyallohu anhu bilan barobar turib namozni ado qila boshladilar. Shu holatda hamma sahobalar Abu Bakr roziyallohu anhuga iqtido qilib namoz o’qigan bo’lsalar, Abu Bakr siddiq roziyallohu anhu Nabiy sollallohu alayhi vasallamga iqtido qilib ibodatlarini ado qildilar. Namozni ado etib bo’lishgach, Nabiy sollallohu alayhi vasallam Abu Bakr siddiq roziyallohu anhudan: “Nega namoz vaqtida ortga tisarildingiz?” deb so’radilar. Shunda Abu Bakr roziyallohu anhu: “Abu Quhofa kim bo’libdiki, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bo’la turib, U zotning old tarafida namoz o’qisa?!” deya javob qiladilar. Hazrati Abu Bakr roziyallohu anhu bu ishlari bilan sahoba rozyallohu ahumlar “Ey, imon keltirganlar, Alloh va Uning Payg'ambari oldida (ikkisining iznisiz biror so'z yoki ishni) muqaddim etmangizlar!” oyatiga qanchalik so’zsiz amal qilganliklarini ko’rsatib berdilar.
Shayx Zulfiqor Ahmad Naqshbandiyning “Boadab bonasib” kitoblaridan tarjima qilindi.
Muhammad Ibrohim Isoqjonov
“Hidoya” o'rta maxsus islom
ta'lim muassasasi o'qituvchisi