
Hofiz ul-kabir
Imom Dorimiy to‘liq ismlari Abu Muhammad Abdulloh ibn Abdurrahmon ibn Fazl ibn Bahrom ibn Abdussamad Tamimiy Samarqandiy ad-Dorimiydir. 182-hijriy sanada Samarqand shahrida dunyoga keldilar. U zotning bobolari asli arab boʻlib, fath sababli Xurosonga ko’chib kelgan va shu yerda qo‘nim topganlar.
Imom Dorimiy Xuroson, Sham, Iroq, Misr, Xijoz kabi islom olamidagi barcha yirik ilmiy markazlarni ilm talabida aylanib chiqganlar. Yuzlab musulmon olimlaridan hadis tinglagan va an-Nadr ibn Shamiy, Vahba ibn Jarira, Abu Nuayma al-Isfaxaniy va boshqalarning hadislarini yetkazganlar.
Imom Dorimiy haqida unga zamondosh boʻlgan ulamolar koʻplab ijobiy fikrlar bildirgan.Imom Dorimiyning ustozlari Muhammad ibn Bashshor bunday deydilar: “Dunyoning hofizlari toʻrttadir: Rayda Abu Zurʼa, Nishopurda Muslim ibn Hajjoj, Samarqandda Abdulloh ibn Abdurahmon Dorimiy va Buxoroda Muhammad ibn Ismoil Buxoriy”. Bu eʼtirofga koʻra dunyo hofizlarining yarmini Movarounnahrdan yetishib chiqqan.
Imom Dorimiy faqat Samarqandda emas, balki butun islom olamida hadis ilmi rivojiga ulkan hissa qoʻshgan olim sifatida katta shuhrat qozonganlar. Muhaddis oʻzidan keyin Muslim ibn Hajjoj va Abu Iso Termiziy kabi hadis ilmida peshqadam boʻlgan shogirdlarni qoldirgan. Abd ibn Humayd Keshiy: “Dunyoda Abdulloh ibn Abdurahmon kabi kishi yoʻqdir”, degan.Oʻsha davrda ulamo va muhaddislar Imom Dorimiydan hadis tinglash uchun Samarqandga kelgan. Chunki oʻsha davrda Samarqandda hadis ilmi rivojlangan va koʻplab muhaddislar ilmiy faoliyat olib borgan.
Alloma toʻqqiz sahih hadis toʻplami sirasiga kiradigan “Musnad” asarini taʼlif etganlar. Ulamolar bu toʻplamni “Sunani Dorimiy” deb nomlashgan.
Ulug‘ muhaddis Imom Dorimiy hijriy 255 yili zulhijja oyining sakkizinchi (milodiy 869 yil 16 noyabr) kuni vafot etganlar, u kun arafa kuniga toʻgʻri kelgan, juma kuni dafn qilinganlar. Imom Buxoriy ustoz Dorimiyning vafoti haqida eshitganida, koʻzidan yosh toʻkib, ilm ahli katta judolikka uchraganini aytganlar.
Adashaliyev Bilolxon
“Hidoya” o'rta maxsus islom ta'lim
muassasasi 55-guruh talabasi