Яратилиш санаси 21.10.2024

Til-dil tarjimoni

Tilning inson hayotidagi o‘rni va ahamiyatini hech qanday mezon bilan o‘lchab bo‘lmaydi.Til shunchaki aloqa vositasigina emas,balki millatni anglash mezonidir. 

Til orqali to‘plangan bilimlar saqlanadi, kelajak avlodga yetkaziladi. Bundan tashqari, tilning yana bir muhim vazifasi-til insonda estetik zavq uyg‘otuvchi qudratli quroldir. 

Yunesko ma'lumotlariga ko‘ra bugun dunyoda 6 ming 909 ta til mavjud bo‘lib, ulardan atiga 200 ga yaqini davlat tili yoki rasmiy til maqomiga ega. Ular qatorida ona tilimiz-o‘zbek tilining ham borligi har birimizning qalbimizni faxr-iftixorga to‘ldiradi. 

Davlat tili deganda shu davlat hududida asosiy aloqa-aralashuv vositasi bo‘lgan til tushuniladi. Barcha davlat hujjatlari davlat tilida yuritiladi. Yig‘inlar, anjumanlar, qurultoylar shu tilda olib boriladi.

Til mustaqilligi milliy mustaqillikning birinchi shartidir. 1989-yil 21-oktabrda o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berildi. Bu o‘sha yillar nazari bilan qaraganda chinakam jasorat edi. Shuni ta'kidlash kerakki, hazrat Navoiydan tortib to shu kunlargacha o‘zbek tili mustaqilli  uchun ne-ne jonkuyar daholarimiz kurashmadilar.Ne baxtki, ularning orzusi bizning zamonamizda ro‘yobga chiqdi. 

Ushbu qonunning qabul qilinishi milliy qadriyatlarimizni tiklash va rivojlantirish uchun imkoniyatlar eshigini ochdi. O‘zbekiston Respublikasining davlat tili-o‘zbek tilidir,-deyiladi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 4-moddasida. Bu tilimizning davlatimiz  himoyasi va g‘amxo‘rligida ekanligidan dalolat beradi. Har bir inson jamiyat a'zosi sifatida atrofdagilar bilan til orqali bevosita muloqotga kirishadi.  

Til ijtimoiy hodisa bo‘lib, jamiyat a'zolarining aloqa-aralashuvi uchun xizmat qiladi. Kommunikativ kompetensiya-kirishimlilik, muloqatchanlik, fikrni ifodalay olish qobiliyatidir. Kommunikativ kompetensiyaga ega bo‘lish uchun inson, avvalo, o‘z ona tilini yoki boshqa biror horijiy tilni mukammal bilishi, muloqotda undan samarali foydalana olishi kerak.

Demak, ona tili o‘qituvchisining vazifasi o‘quvchining ongiga til haqidagi bilimlarni singdirish bilan birga bu bilimlardan o‘rinli va maqsadga muvofiq tarzda foydalana ollish qobiliyatini shakllantirishni ham o‘z ichiga oladi. 

O‘quvchi o‘z fikrini og‘zaki va yozma tarzda aniq va tushunarli bayon qilishi, o‘zi mansub jamiyatga moslasha olishi, atrofdagilar bilan o‘zaro muloqotda muomala madaniyatiga amal qilishi, jamoa a'zolari bilan jamoaviy hamkorlikda ishlay bilishi kerak. 

Inson qachon, qayerda, qanday vaziyatga tushishini hech kim oldindan aytolmaydi.  Pedagog o‘quvchiga bilimdonligi, donoligi, darsda va darsdan tashqari paytlarda Uztoz degan nomga xos tarzda muomala madaniyatiga ega ekanligi bilan ibrat bo‘ladi. 

Maktabda darsga  kirgan har bir o‘qituvchining eng birinchi  ko‘rgazmaliligi-uning nutqidir. Demak, biz qaysi fandan dars bermaylik, buni bilsak ham, bilmasak ham, til o‘rgatuvchimiz va shunday bo‘lib qolaveramiz.

Ona tili o‘qituvchisi esa til o‘rgatish barobarida bolaga inson dilini ochish uchun go‘yoki kalit beradi.Chunki inson qaysi kasbda ishlamasin, qayerda, qaysi davrada bo‘lmasin, salomlashishdan tortib to xayrlashgunga qadar u o‘zini tanishtiradimi, minnatdorchilik bildiradimi, iltimos qiladimi, kechirim so‘raydimi, tabriklaydimi, ta'ziya bildiradimi, taklif qiladimi, rad etadimi, muhokama qiladimi-bularning barchasida o‘zidagi mavjud til imkoniyatlaridan foydalanadi.

Uning qaysi so‘zdan qay shaklda foydalanishi biz o‘qituvchilarning o‘quvchilarimizda shakllantirgan bilim darajasiga bog‘liq.

Shunday ekan, biz ustozlar o‘quvchilarimiz nutqining tushunali, ta'sirchan, sof (boshqa tillardan so‘z qo‘shilmagan) bo‘lishi uchun kurashishimiz-til ta'limi oldida turgan hamisha dolzarb bo‘lgan vazifalarimizdan biridir. Buni hamisha yodda tutaylik.

Mamatxodjayev To'xtasin

Devonxona bo'limi bosh mutaxasisi