Aql ne’mati
Aql ne’mati borasida Paygʻambar alayhis salomning shunday soʻzlari naql qilinadi:
وَعَنْ عُمَرَ رَضِيَ اللَّهُ عَنْهُ قَالَ قَالَ رَسُولُ اللَّهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ : مَا اكْتَسَبَ المرء مِثْلَ عَقْلٍ يَهْدِي صَاحِبَهُ إِلَى هُدًى وَيَرُدُّهُ عَنْ رَدًى
Umar ibn Xattob roziyallohi anhudan rivoyat qilinadi: Rosululloh sollallohu alayhi vasallam dedilar: “Biror kishi o’z sohibini hidoyatga boshlab, halokatdan qaytaradigan aqlga o’xshash narsaga egalik qilmagan”(Bayhaqiy rivoyati)
Inson xohlab turgan ishini qilishdan o’zini tiya oladigan yagona jonzot. Uni to’xtatib qoladigan va boshqa hayvonlardan farqlab turadigan narsa esa aqldir. Aql tuyaning tushoviga o’xshatib “عقل” deya nomlangan. Tushov tuyalarni qochib, tarqab ketishdan to’sgani kabi aql ham insonni qabih istaklarini bajarishdan qaytaradi. Alloh taolo farishtalarni shahvatsiz aql bilan, hayvonlarni aqlsiz shahvat bilan, bani Odamni esa ikkisi (shahvat va aql) bilan yaratdi. Kimning aqli shahvatlari ustidan g’olib kelsa u farishtalardan afzal bo’ladi. Kimning shahvatlari aqlidan ustun kelsa u hayvonlardanda yomonroq bo’ladi. Hasan Basriy rohimahulloh aytadilar: “Alloh biror kishiga aql bermadi, magar bergan bo’lsa kun kelib aqli sababli uni qutqarib qoladi”. Har bir narsa ko’payib ketsa arzonlaydi, illo, aql ko’paygani sari narxi oshadi. Kimniki, aqli undagi yaxshi xislatlarning g’olibrog’i (ko’prog’i) bo’lmas ekan, uning halokati undagi yaxshi xislatlarning g’olibrog’ida bo’ladi. Aqlning belgisi tez anglash, chegarasi gumonlarning to’g’ri topilishidir. Asmaiy rohimahulloh hikoya qilib aytadilar:
Men arab bolalaridan bir yosh yigitchaga dedim: “Seni Yuz ming dirham puling bo’lib o’zing esa ahmoq bo’lishining hursand qilarmidi?”
U: “Vallohi yo’q” dedi.
Men: “Nima uchun?” dedim.
U: “Ahmoqligim sabab bir jinoyat qilsam, bor pulim sovurilib men bilan ahmoqligim qolishidan qo’rqaman” dedi.
Xulosa o’rnida aytadigan bo’lsak, aql inson uchun in’om etilgan eng buyuk ne’mat bo’lib, dunyo va oxirat saodati aqldan qanday foydalanishimizga bog’liq. Shunday ekan barchamiz doimo aqlimizni rivojlantirish harakatida bo’lishimiz va bu ne’matni bizga ato etgan Alloh taologa hamd aytib undan ajrab qolishdan panoh so’rashimiz lozim
وعلى الله قصد السبيل
Mahmudov Abdulqodir “Hidoya” oʻrta maxsus islom ta’lim muassasasi 55-guruh talabasi