Burhoniddin al-Marg‘inoniy rohimahulloh
Tarixiy manbalardan ma’lumki, “Kitobul Hidoya fi sharhil Bidoya ” asari muallifining to‘liq ismi Abulhasan Ali ibn Abubakr ibn Abduljalil al-Farg‘oniy al-Rishtoniy al-Marg‘inoniyning nasl-nasabi ulug‘ sahobiy Abu Bakr Siddiq (r.a.)ga borib tutashadi. Butun islom dunyosiga Shayxulislom bo‘lib tanilgan Burhonuddin al-Marg‘inoniy 511-hijriy 8-Rajab (milodiy 1123-yil 23-sentabr) dushanba kuni dunyoga kelgan. Imom, faqih, hofiz, muhaddis, mufassir, ko‘plab ilm-fanlarni puxta o‘zlashtirgan ishonchli, muhaqqiq, nozik musahhih, taqvodor zohid, usulchi, adabiyotshunos Burhoniddin al-Marg‘inoniy ko‘plab mashhur faqihlardan ta’lim olgan. Burhoniddin al-Marg‘inoniy hijriy 593 (milodiy 1197) yilda Samarqandda vafot etgan.
Burhoniddin al-Marg‘inoniy o‘zidan xalq va butun olam musulmonlari uchun manfaatli asarlar qoldirdi. Ular ichida “Kitobul Hidoya fi sharhil Bidoya” asari islom dini fiqhi bo‘yicha yozilgan benazir manba sifatida hozirga qadar ardoqlanib kelinadi. Ayniqsa, hanafiy mazhabi olimlari tomonidan bu asarga alohida hurmat va ehtirom ko‘rsatiladi. Imom al-Marg‘inoniy dastlab “Bidayat ul-mubtadi” (“Boshlovchilar uchun qo‘llanma”) nomli asar yozib, unda “Muxtasar ul-Quduriy” va Imom Muhammad Shayboniyning “al-Jomi as-sag‘ir” asarlarini jamlab, zarurat sezganda o‘zi ham ba’zi masalalarni kiritadi. So‘ng mazkur asarga sakson jildli sharh tasnif etib, uni “Kifoyat ul-muntahiy” (“Yakunlovchilar uchun tugal ta’limot”) deb nom beradi. Keyinchalik “Kitobul Hidoya fi sharhil Bidoya” nomi ostida mazkur sharhga muxtasar yozadi.
Musannif “Kitobul Hidoya fi sharhil Bidoya” asarini 573-hijriy Zulqa’da oyi (milodiy 1178-yil aprel-may)ning chorshanba kuni peshin vaqtida yozishni boshlagan va o‘n uch yil davomida yozib tugatgan. “Kitobul Hidoya fi sharhil Bidoya” asari o‘zining qisqa lafzlari va teran ma’nolari hamda iboralarining go‘zal uslubda tuzilganligi bilan boshqa fiqhiy asarlardan ajralib turadi.
"Hidoya." 4 jild, 57 kitob, 165 bob, 152 fasldan tarkib topgan. "H."ning 1-jildi 5 kitobdan iborat boʻlib taho-rat va amaliy ibodatlar (namoz, roʻza, zakot va haj)ga bagʻishlangan. 2-jildga nikoh, taloq, qulni ozod qilish, topib olingan bolalarning nasabini aniqlash, bedarak yoʻqolganlar, she-rikchilik, vaqf huquqi kabi masalalar kiritilgan. 3-jildda oldi-sotdi, pul muammolari, kafolat, qozilarning vazifalari, guvohlik, vakolat, daʼvo, sulh, qarz berish, sovgʻa, ijara, voliylik (patronat), homiylik kabi masalalar oʻrin olgan. 4-jildda merosni taqsimlash, vasiyat, shartno-ma, ovchilik, garovga berish, jinoyatlar xususida, xun haqi toʻlash kabi masalalar yoritilgan
Taniqli olim Abdulhakim Shar’iy Juzjoniyning ta’kidlashicha, Afg‘oniston va Hind yarim orolida “Kanz ud-daqoiq” va “Muxtasar ul-Quduriy” kitoblaridan keyin, “Kitobul Hidoya fi sharhil Bidoya” asarini yetuk ustozdan o‘qib tamomlamagan tolib haqiqiy fiqh olimi hisoblanmagan.
Demak, bu ham ulug‘ mutafakkir bobomiz Imom al-Marg‘inoniyning “Kitobul Hidoya fi sharhil Bidoya ” asari muqaddas islom dinini o‘rganishda nechog‘lik noyob asar ekanidan dalolat beradi.
Muhammadjonov Oyatulloh
"Hidoya" o'rta maxsus islom ta’lim muassasasi talabasi.