Er-xotin qachon ajratiladi?
Alloh taolo nikohni muqaddas rishta, deya e'lon qilib, behuda sabablar ila ajrashishdan qaytargan. Ammo ba'zi holatlarda ajrimga ruxsat berilgan.
Islom shariatiga ko‘ra ajrim ikki xildir:
1. Shar'iy ajrim
2. Qazoiy (qozi tomonidan bo‘ladigan) ajrim
Shar'iy ajrimda iylo, lion, zihor, dindan chiqish, er-xotindan birining Islomdan chiqishi ila oralari ajratiladi. Ushbu shar'iy ajrimlar fiqh kitoblarida batafsil, ko‘p va xo‘b bayon qilingan.
Qazoiy ajrimga to‘rt fiqhiy mazhablarga ko‘ra, quyidagilar sabab bo‘ladi: nafaqa qilishdan ojizlik, er-xotindagi ayb, zarar, yomon oilaviy munosabatlar, erning g‘oyib bo‘lishi hamda qamoq. Ushbu masalalar qozining hukmiga bog‘liq bo‘ladi.
Nafaqadan ojiz bo‘lish. Hanafiy mazhabidan boshqa uch mazhab, ya'ni molikiy, shofe'iy va hanbaliy mazhablarida nafaqadan ojiz bo‘lish er-xotin ajratilishiga sabab bo‘ladi.
Ammo, hanafiy mazhabiga ko‘ra, nafaqadan ojizlik sababli er xotin orasi ajratilmaydi. Chunki er goh boy, goh nochor holatda bo‘ladi.
Zero Alloh taolo aytgan: “Boy kishi o‘z boyligidan nafaqa bersin. Kimning rizqi tang qilingan(kambag‘al) bo‘lsa, u holda, Alloh unga ato etgan narsadan (holiga yarasha)nafaqa bersin! Alloh hech bir jonni O‘zi unga ato etgan (rizq)dan boshqa narsaga taklif qilmas. Alloh tanglik (kambag‘allik)dan keyin yengillik(boylik)ni ham paydo qilur” (Taloq, 7 oyat).
Agar er boy bo‘lib, nafaqa qilmayotgan bo‘lsa, ajrimdan boshqa yo‘llar qilinadi, masalan qamab qo‘yiladi yoki majburan moli nafaqa uchun sotiladi.
Ayb va kasallik. Abu Hanifa va Imom Muhammad uch jinsiy kasallik sababidan er-xotin orasi ajratiladi, deyishgan. Ular:
1. Majbub – erkak jinsiy a'zosi kesilgan bo‘lishi;
2. Unna – jinsiy ojiz bo‘lish;
3. Xasy – bichilgan bo‘lish. Mana shu holatlardagina xotin qoziga shikoyat qilib, ajrim talab qilishga haqli.
Bunda qozining nikohni fasx – bekor qilishi boin taloq bo‘ladi.
Avvalo, erkak kishidagi bu uch holat oila bo‘lib yashash, oiladan ko‘zlangan maqsadga xalal beradi. Shunda xotin eri bichilgan yoxud jinsiy ojizligi sababli qoziga arz qilishga haqli bo‘ladi. Qozi erkak kishiga bir qamariy oy hisobida muddat beradi. Chunki erkaklardagi ojizlik bir mavsumda paydo bo‘lib, boshqa bir mavsumda yo‘qolib, holat o‘nglanishi mumkin. Ko‘rinib turibdiki, muqaddas oila rishtasi behuda sabablar bilan uzib, baxt qasri esa buzib yuborilmaydi.
Ayb bilan ikki tomon orasi ajratilayotganda quyidagi shartlar bo‘lishi lozim:
1. Ajrimni talab qilayotgan tomon nikoh ahdi payti yoki undan oldin aybdan bexabar bo‘lishi lozim. Chunki boxabarligi shu aybga roziligini anglatadi.
2. Ahd tuzilgandan keyin aybdan xabar topsa, shu aybga rozi bo‘lmasligi. Agar rozi bo‘lib turgan bo‘lsa, da'vosi asossiz da'vo bo‘ladi.
Ayb sababli ajratilganda mahr masalasi.
Hanafiylarda agar ajrim yaqinlik yoki xilvati sahihadan oldin bo‘lsa, ayolga mahrning yarmi beriladi, chunki ajralish er sababidan yuzaga chiqmoqda. (Eslatib o‘tamiz, yuqoridagi ayblar erkak kishiga tegishli bo‘lib, bizning mazhabda ayollarga doir ayblar keltirilmagan.) Agar ajralish yaqinlikdan yoki xilvati sahihadan keyin bo‘lsa ayolga idda vojib bo‘ladi, mahr to‘liq beriladi.
Janjal va zarar. Janjal – inson hurmatiga ta'na yetkazadigan darajadagi qattiq nizo. Zarar – erkak kishining xotiniga gap yoki xatti-harakat bilan aziyat yetkazishi. Xuddi, so‘kish, urish va harom ishlarga majburlashi kabi.
Molikiylardan boshqa uch mazhab, agarchi nizo va zarar o‘ta darajada kuchli bo‘lsa ham, ajrimga sabab bo‘lolmaydi. Chunki ayoldagi zararni taloqsiz ham hal etish mumkin, masalan qozining erkakni odobga chaqirishi, jazolashi kabi.
Molikiylarda esa, zarar va janjal sababidan tafriq joiz bo‘ladi, Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam)ning ushbu so‘zlariga ko‘ra: “Zarar berish ham yo‘q, zarar ko‘rish ham yo‘q”. (Ibn Moja rivoyati)
Qozining bu holatdagi ajrimi – qozining boin taloq tushirishi bilan bo‘ladi.
Umarov Rahmatulloh
"Hidoya" ‘rta maxsus islom
ta’lim muassasai talabasi