Яратилиш санаси 30.10.2024

Kalomi Sharif tilovati oldidan

Alloh taolo, biz Quro`nni o`qimoqchi bo`lgan paytimizda, shayton bizni Allohning yo`li va oyatlaridan uzoqlashtirishidan oldin, o`zimizni shaytondan uzoq bo`lmog`imizni xohlaydi. 

Chunki shayton bizni ko`rib turadi, biz uni ko`rmaymiz. U bizni qayerdaligimizni biladi, biz bilmaymiz. Bu holat Qur`oni Karimda quyidagicha bayon qilinadi:

( يَابَنِيْ ءَادَمَ لَايَفْتِنَنَّكُمُ الشَّيْطَانُ كَمَآ أَخْرَجَ أَبَوَيْكُم مِّنَ الْجَنَّةِ يَنزِعُ عَنْهُمَا لِبَاسَهُمَا لِيُرِيَهُمَا سَوْءَتِهِمَآ إِنَّهُ يَرَاكُمْ هُوَ وَقَبِيلُهُ مِنْ حَيئثُ لَا تَرَوْنَهُمْ إِنَّا جَعَلْنَا الشَّيَاطِينَ أَوْلِيَآءَ لِلَّذِينَ لَا يُؤْمِنُونَ ) 

"Ey, Odam bolalari, shayton ota-onangizni o`zlariga avratlarini ko`rsatish uchun ustlaridan liboslarini yechib, jannatdan chiqarganidek, sizni ham fitnaga solmasin. Albatta, u va uning yordamchilari sizni siz ko`rmaydigan tomondan ko`radir. Biz, albatta, shaytonlarni iymon keltirmaydiganlarga do`st qilganmiz". {A`rof surasi 27 oyat}

Shayton insoniyatning ota-onasi Odam Ato va Momo Havoni fitnaga soldi, ularni gunohga chorlab yalangʻoch qildi va jannatdan chiqarishga muyassar bo'ldi. Odam bolalari bu hodisani zinhor unutmasliklari zarur. Aks holda shayton ularni ham sharmandalarcha yalang`ochlab. jannatdan mahrum etadi.

Shuning uchun Alloh taolo ularga xitob qilmoqda:

Ey odam bolalari shayton ota-onangizni oʻzlariga avratlarini ko'rsatish uchun ustlaridan liboslarini yechib jannatdan chiqarganidek sizni ham fitnaga solmasin.

Odam bolasi shayton va shaytonzodalar bilan bo`ladigan uzluksiz muhorabada bo`sh kelmasligi kerak. Zero, u inson ozgina sust boʻlsa fitna va mag'lubiyatga uchraydi. Shunday qilib jahannam o'chog'iga oʻtin boʻladi. Ular bu olishuvda juda hushyor bo'lishlari lozim. Chunki Alloh taolo ularga qilgan xitobida:

Albatta, u va uning yordamchilari sizni siz ko'rmaydigan tomondan ko'radir. ” demoqda.

Demak, bu jangda shayton uchun qulayliklar bor. Uning imkoniyatlari insonnikiga nisbatan koʻproq. Inson shaytonni ko'rmaydi, ammo u insonni ko'radi. Bu esa oʻz navbatida unga qo'shimcha imkoniyat beradi, insondan esa qo'shimcha hushyorlik talab qilinadi. Chunki ochiq-oydin dushman boʻlgan shayton sharridan doimo ehtiyot bo'lib turish kerak. Buning uchun kuchli iymon va e'tiqod zarur.

Biz, albatta, shaytonlarni iymon keltirmaydiganlarga doʻst qilganmiz.”

 Shayton iymonsizlarga doʻst boʻla turib ularni tuzlaydi. Men sening doʻstingman senga nasihatchiman. deb, yo`ldan uradi. shayton do`stlari esa uning gapiga kirib, qilgan gunohlarini xasposhlash uchun turli bahonalar topadilar.

Demak, bizga shaytonni yengadigan kuchli panoh kerak. Bu panoh va quvvat yagona Allohning o`zidir. Shuning uchun Alloh taolo, biz Quronga yuzlanishimizdan oldin iblisning hujumidan va qalbimiz uning vas-vasalaridan musaffo bo`lishi, o`zimiz uning makridan qutilishimiz uchun, avvalo, Allohga sig`inib Undan, shaytonning yomonligidan panoh so`rashimizga buyuriyapti.

Alloh taolo panohiga olib shaytonning yomonligidan saqlasa, ana, o`shanda Qur`oni Karim bizga, qalbimizga nur, huzur halovat, tanamizga shifo, kundalik hayotimizda baxt-saodatga eltuvchi yo`l bo`ladi. Aks holda, shayton va uning do`stlari bizlarni bu ilohi mayog`dan chalg`itishdan to`xtamay tinimsiz harak qilishadi. Barcha quvvat Allohga xosdir. Alloh hamesha o`zining ishida g`olib bo`lgan zotdir. Uning o`zigagina sig`inamiz, o`zidangina yordam, panoh so`raymiz. Amiyn.

Ziyayev Abduqahhor 

ta'lim muassasasi oq'ituvchisi