Яратилиш санаси 31.10.2024

"Sajda-i sahv" masalasi

Lug’atda "sahv" so'zi - "unutish", "xato" va "kamchilik" degan ma’nolarni bildiradi.

Namozda ma’lum bir amallar unutilsa, undan hosil bo‘lgan nuqsonni sahv sajdasi qilish ila to‘g‘rilab olish imkoni bor.

Namozxon namozning biror ruknini paytidan avval yoki keyin bajarganda yoki ruknni takror qilganda, (tashahhuddan so`ng) bir salomdan keyin ikki sajda, tashahhud va salom vojib bo`ladi.(„Muxtasar ul viqoya“ kitobidan)

Sajdai sahv qilish vojib bo‘ladigan holatlar:

  1. Qiroatdan oldin ruku’ qilish.
  2. Uchinchi rak’atga turishni tashahhuddan keyin yana ko‘p o‘tirib qolish.

Agar birinchi qa’dada tashahhudni takror o‘qisa yoki «Allohumma solli ala Muhammad»gacha o‘qib yuborsa, uchinchi rak’atga turishni kechga surgani uchun sajdai sahv qilish vojib bo‘ladi.

  1. Birinchi qa’dani tark qilish.
  2. Qa’dai avvalda o‘tirmay, turib ketdi. Turayotganida esiga kelib qoldi, shunda u o‘zining holiga qaraydi. Agar holi o‘tirishga yaqin bo‘lsa, qaytib o‘tiradi va tashahhudni o‘qib, namozini davom ettiradi. Bu holda u unutgan bo‘lmaydi va sajdai sahv qilmaydi.

O‘tirishga yaqin bo‘lmagan holda bo‘lsa, qaytib o‘tirmaydi va sajdai sahv qiladi. Agar tik turgan odam qaytib o‘tirsa, namozi buziladi. Chunki u farz bo‘lgan qiyom amalidan farz bo‘lmagan qa’dai avvalga qaytgan bo‘ladi.

  1. Namozda necha rak’at o‘qiganini bilmay, shak qilib qoldi. Uchmi, to‘rtmi, bilmaydi. Agar bu uning umridagi birinchi unutishi bo‘lsa, namozni yangitdan boshlaydi. Agar unutishi ko‘p bo‘lgan bo‘lsa, g‘olib gumonni oladi. Agar g‘olib gumoni bo‘lmasa, ozini oladi.
  2. Qasddan qilingan xatoda uch narsada sahv sajdasi qiladi: birinchi qa’dani tark qilganda, birinchi rak’at sajdasidan birortasini namozning oxiriga qoldirganda va qasddan, tafakkur qilib turib, bir rukn miqdoricha vaqtni o‘tkazib yuborganda.
  3. Farzning birinchi ikki rak’atida Fotihani yoki uning ko‘p qismini qiroat qilmaslik.
  4. Farzning birinchi ikki rak’atida Fotihadan so‘ng sura o‘qishni yoxud uch qisqa yoki bir uzun oyat o‘qishni tark qilish.
  5. Jahriy yoki mahfiy qiroat qilish qoidasiga xilof qilish: peshin va asr namozlarida namoz durust bo‘ladigan miqdor, ya’ni uzun bir oyat, qisqa uch oyatni ovoz chiqarib, boshqa namozlarda ovoz chiqarmay qiroat qilish. Albatta, bu imom uchun.
  6. Uch yoki to‘rt rak’atli namozda birinchi qa’dani qilmaslik.
  7. Oxirgi qa’dada tashahhudni tark qilish.
  8. Bir rak’atda takrorlanadigan amalda tartibga rioya qilmaslik. Bunda sajdani bir marta qilib, ikkinchisini unutish haqida so‘z ketmoqda. O‘shani namoz oxirida qilib, keyin sahv sajdasi qilinadi.
  9. Farzda qiroat joyini o‘zgartirish – zam surani oldin, Fotihani keyin o‘qish. To‘rt rak’atli namozning oxirgi ikki rak’atida yoki ikkinchi va uchinchisida Fotihadan boshqa sura o‘qish.
  10. Vitrning qunut duosini tark qilish. Kim duoi qunutni o‘qimay ruku’ga ketgan bo‘lsa, sahv sajdasi qiladi.
  11. Qunutning takbirini tark qilish.
  12. Ikki iyd namozining barcha takbirlarini yoki ba’zi takbirlarini, yoxud ikkinchi rak’at ruku’si takbirini tark qilgan kishi sajdai sahv qiladi.
  13. Namozning jinsidan bo‘lgan va namozdan bo‘lmagan amalni ziyoda qilsa, sajdai sahv qiladi. Misol uchun, ikki marta ruku’ qilsa.

 

Umar Jamoliddinov

“Hidoya” o`rta maxsus islom 
ta`lim muassasasi talabasi