Яратилиш санаси 05.11.2024

JAHON OAVDA AXBOROT MADANIYATI QANDAY TUSHUNILADI?

Jamiyatning, davlatning zamonaviyligidan, zamon talablari darajasida taraqqiy topayotganligidan, pirovardida esa xalq va davlat imiji nechog‘li mukammal yaratilayotganligidan dalolat beruvchi mezon bo‘lib qolmoqda. Axborot globallashayotgan hozirgi zamonda dunyo mamlakatlaridagi matbuot va ommaviy axborot vositalari faoliyati bir tizim sifatida tasavvur qilib bo‘lmas, aql bovar qilmas oqimga aylanib bormoqda. Inson aql-idrokining, sivilizatsiyasining bemisl ixtirolaridan bo‘lgan mazkur oqim “jahon jurnalistikasi”, “xalqaro jurnalistika” deb atalmoqda. Insoniyat “globallashuv” deb atalgan yangicha hamkorlik aloqalari yo‘lga qo‘yilgan va bu aloqalar jadal sur’atlarda kengayib, chuqurlashib borayotgan yangi taraqqiyot bosqichiga chiqdi.

Buning natijasida “globallashuv” so‘zi iqtisodiygina emas, ijtimoiysiyosiy, ma’naviy-ma’rifiy va boshqa qariyb barcha sohalardagi umuminsoniy jarayonlarni qamrab oluvchi tushunchaga aylanib ulgurdi. Axborot globallashuvi dunyo mamlakatlaridagi shart-sharoit va ijtimoiy-siyosiy, ma’naviy-ma’rifiy hayotimizdagi umumiylikni, o‘xshashliklarni keltirib chiqardi. Buning oqibati o‘laroq: 

birinchidan, dunyoda oliy darajadagi ilg‘or jamiyat barpo etishning birdan-bir oqilona yo‘li demokratik-huquqiy davlat qurish ekanligini e’tirof etish kuchaydi; 

ikkinchidan, demokratik-huquqiy jamiyatning bosh belgisi va shartlaridan biri – ommaviy axborot vositalarining erkinligi ekanligini inkor etish mumkin bo‘lmay qoldi;

uchinchidan, biror taraqqiy etgan mamlakat matbuotini erkinlashtirish sohasida erishilgan ilg‘or

tajribalarni uzoq-yaqin davlatlarga tarqatish imkoniyatlari ko‘paydi; 

to‘rtinchidan, xalqaro jurnalistika maktablarini qamrab olishga qodir ko‘plab muhim xalqaro hujjatlar yaratildi va hayotga tatbiq etildi; 

beshinchidan, dunyo mamlakatlaridagi matbuot erkinligi ahvolini xalqaro miqyoslarda kuzatish, ular haqida fikr-mulohaza yuritish, bahosini berish va shu asosda muayyan mamlakatdagi ahvol haqida dunyo jamoatchiligi fikrini shakllantirish odati birmuncha ommalashdi.

Sanab o‘tilgan holatlar, tabiiyki, dunyoni yaxlit axborot maydoniga aylantirib ulgurmoqda. E’tirof etish kerak, endilikda davlatlarning qudrati, salohiyati nechog‘li ko‘p axborotga egaligi bilan o‘lchanmoqda. Eng muhimi, axborotga egalik qilish tevaragida raqobat har qachongidan kuchayib bormoqda. Mazkur jarayonning o‘zi xalqaro jurnalistikaning qaror topishini, rivojlanishini, pirovard natijada butunjahon jurnalistikasi xususiyatlarining umumiylashuvini jadallashtirmoqda. Filologiya fanlari doktori X.Do‘stmuhamedovning fikriga ko‘ra, bu hol milliy jurnalistikani jahon jurnalistikasi nuqtai nazaridan, ayni chog‘da jahon jurnalistikasini milliy jurnalistika nuqtai nazaridan o‘rganish, tahlil qilish zaruratini kun tartibiga qo‘ymoqda.

To‘g‘ri va aniq belgilab olingan vazifalar qatorida, fikrimizcha, jahon media makoni, unda xalqaro jurnalistikaning o‘ziga xos o‘rni va ahamiyati, shuningdek, milliy jurnalistikaning jahon media makonida tutgan o‘rni kabi mavzular ham dolzarb masalalar sirasiga kiradi. “Xalqaro jurnalistika”, “xorijiy jurnalistika”, yanada kengroq ma’noda qo‘llanadigan “jahon jurnalistikasi” atamalarining har biri o‘ziga xos baho, ma’no bo‘yoqlari va yo‘nalishlarga ega bo‘lish bilan birga, umuman olganda bir tushunchani ifodalaydi. Xalqaro jurnalistika diplomatiya bilan uzviy bog‘liq bo‘lib, u xalqlar o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlikning ijtimoiy, huquqiy va siyosiy me’yorlaridan keng foydalanilish zaruratiga alohida e’tibor qaratadi. Shuningdek, milliy-madaniy o‘ziga xosliklar, qadriyatlar, mentalitet va axloqiy-tarbiyaviy me’yorlar, an’ana va aqidalar ham xalqaro jurnalistikaning tarkibiy unsurlaridandir.

Darhaqiqat, demokratiya va inson xuquqlari, urush va tinchlik, giyohvandlik, terrorizm, ekologik muammolar, shuningdek Yevropa davlatlarining dunyo hamjamiyat iga integratsiyasi masalalarini jahondagi deyarli barcha yirik OAV sahifalarida ko‘rish, kuzatish mumkin. Dunyo mamlakatlaridagi milliy jurnalistika maktablariga xos bo‘lgan umumiy o‘xshashliklar haqida so‘z yuritganda, ayni vaqtda har bir davlat jurnalistikasida muayyan tafovutlar ham mavjudligini e’tibordan soqit qilmaslik kerak. Qayd etish joiz, jurnalistika sohasi jadal o‘zgarib borayotgan hamda OAV murakkab jarayonlarni boshidan kechirayotgan mamlakatlarning asosiy guruhini sobiq sotsialistik davlatlar tashkil etadi. Zero, jamiyatdagi ijtimoiy-siyosiy va iqtisodiy o‘zgarishlar davriy matbuot, radio va televideniening faoliyat yo‘nalishini belgilab bermoqda.

Shu sababdan yosh mustaqil mamlakatlardagi rivojlanish tendensiyalari milliy jurnalistikadagi tub o‘zgarishlarga sabab bo‘lmoqda. Aslida ham madaniy kelib chiqishi bir-biriga o‘xshash – “G‘arb”ga mansubligidan qat’i nazar, Yevropa va Amerika mamlakatlari jurnalistikasi bir-biridan ko‘p jihatlari bilan farq qiladi. Umuman, Yevropa qit’asi jurnalistikasida muallif nuqtai nazarini ifodalovchi “fikr”ni berish (ya’ni, “Fikrlar jurnalistikasi”) ustun mavqeni egallagan bo‘lsa, Amerika va Britaniya jurnalistikasida aniq dalil va faktlarga ko‘proq tayanilgan, boshqacha aytganda, matbuot vakillari tomonidan ijtimoiy ahamiyatli yangilik sifatida baholanib tarqatilgan xabarlar tobora ko‘proq qadrlana boshlagan. 

Alisher Anvarov

ta'lim muassasasi o'qituvchisi