Яратилиш санаси 07.11.2024

Men Hanafiyman…

Fiqh – ijtimoiy hayotning barcha jabhalarida uchraydigan turli masalalar xususida bahs yuritib bu masalalarga nisbatan shari’atning tutgan o‘rnini belgilab beruvchi ilmdir.

Fuqohalar: “Biron bir voqea hukmdan holi bo‘lmaydi”-deydilar.Ya’ni sodir bo‘layotgan har bir voqea hodisotlarga tegishli, o‘ziga xos hukm chiqarilishi lozim bo‘ladi.

Fiqhning lug‘atdagi ma’nosi - Fiqh, aslida bilim va fahm demoqdir!

Inson sodir bo‘lgan qandaydir voqeaga nisbatan shari’atning belgilab bergan hukmi farzmi, vojibmi, sunnatmi, harom yoki muboh darajasida ekanini bilmasa o‘zining bu voqeaga nisbatan harakatlarini aniq yo‘naltirolmaydi. Ana shu asosga binoan, har bir sodir bo‘lgan voqea-hodisotlarga shari’at tushunchalaridan kelib chiqadigan, har qanday chigal va yechimini topmayotgan masalalarga oydinlik kirita oladigan ilmning bo‘lish zarurati yuzaga keladi. Aynan mana shunday muhim ishni kafolatlaydigan ilm bu fiqh ilmidir .Fiqh ilmini o’rgangan kishi faqih deyiladi.

Keling endi bizning fiqhiy mazhabimiz -hanafiy mazhabi asoschisi Abu Hanifa rohmatullohi alayh haqlarida ba’zi fikr va voqealar bilan tanishib chiqsak.

Hadis fuqaholarining eng mashhuri Imom Molik bo‘lganidek, Abu Hanifa rohmatuullohi alayh Ra’y fuqaholarining eng mashhuri sanaladi.

Ra’y - deyilganda quyidagilar nazarda tutiladi: faqih fatvo berayotgan masalada shar’iy nas topa olmagan taqdirda u o‘z fatvosida dinning ruhiga mos bo‘lgan jihatiga suyanishi, yoki muftiyning nazarida umumiy jihatdan shariat ahkomlariga muvofiq kelishiga e’tibor qaratishi, yohud shar’iy nas bilan kelgan masalaga unga o‘xshash narsalarni bir biriga qiyoslashi. Shunga ko‘ra, Ra’y tushunchasi qiyos, istihson, masolihul mursala va urf kabi usuliy qoidalarni o‘z ichiga olgan qarashdir. Ahli ra’ylar bilan ahli hadislar o‘rtasidagi asosiy ixtilof sunnat bilan hujjat aytishda emas, balki ra’yni qo‘llash hamda ra’y asosida masalalar ishlab chiqishdadir. Darhaqiqat, ahli hadislar ra’yni hujjat sifatida qabul qilmas, faqat o‘ta zaruriy holatdagina unga murojaat qilishar, voqe’ bo‘lmagan masalalar ustida hukm chiqarmas, balki faqat voqe’likda sodir bo‘lgan masalalarga fatvo berishar edi. Ahli ra’ylar esa, ko‘pincha ijtihod qilayotgan masalalari borasidagi hadis sahih bo‘lmasa ra’yga asoslanib fatvo berishar, faqat voqe’likda sodir bo‘lgan masalalargagina hukm chiqarish bilan kifoyalanmay, balki hali voqe’ bo‘lmagan, faraziy masalalarning ham hukmlarini ra’y asosida chiqarar edilar. Ahli hadis ulamolarning aksari Hijozda yashaganlar. Hijoz sahobalarning vatani, vahiy nozil bo‘lgan makon bo‘lgani uchun, u yerda yashagan tobeinlar ko‘pam ra’yga berilmagan sahobalardan ta’lim olgan edilar. Ahli ra’y ulamolarning aksari esa, Iroqda yashaganlar. Shuning uchun ham ularning ko‘pchiligi Ibn Mas’udning shogirdlari sanaladilar. Ma’lumki, Iroq ulamolari, jumladan Ibn Mas’ud ham Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan hadis rivoyat qilishda juda ham ehtiyotkor bo‘lganlar. Ya’ni, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdandan vorid bo‘lmagan, yoki ishonchli bo‘lmagan hadisni rivoyat qilishdan o‘zlarini e’tiyot qilishar edi. Shuning uchun ham hadis ishonchli bo‘lmagan holatda ra’y asosida ijtihod qilar edilar. Buning yana muhim bir sababi, Iroq qadimiy ilmlar o‘qitilgan madrasalar va falsafalar vatani bo‘lib, uning aholisi hadis rivoyat qilish sharoitlariga ega bo‘lmagan edi.

Abu Hanifa rahmatullohi alayh faraziy va taqdiriy masalalar ustida ijtihod qilish bilan ham tanilgan edi. Voqe’ bo‘lmagan masalalarni farazan kashf qilib, ularning hukmini va dalillarini ham aytib ketar edi. Bu haqda uning o‘zi shunday deganlar:” Biz balo kelishidan oldin unga tayyor turamiz. Voqe’ bo‘lganda unga qanday kirib, qanday chiqishni bilamiz”. Shu tarzda Abu Hanifa taqdiriy, faraziy fiqhning rivojiga katta xissa qo‘shdi.

Abu Hanifa rahmatullohi alayhi borasida ba’zi ilmdan bexabar insonlar tomonidan: “U hadis ilmidan bexabar bo‘lgan” yoki “U ahli ra’y ya’ni – o‘z fikriga suyanib, hadislarga e’tibor bermagan” degan tuhmatlar uchrab turadi. Musulmonlar ularning gapiga chalg‘ib qolmasliklari lozimdir

Shayx Saloh Abulhoj hafizahullohning talabalar bilan bo’lgan suxbatda: “ Hanafiylik Abu Hanifaga mansubmi?” deb savol beradilar . 

Ular: ”Shunday” deyishganda Shayx Saloh Abulhoj: “Balki Abu Hanifa Hanafiylikka mansubdir ya’ni Hanafiylik Abu Hanifadan ham oldin bor edi. Hanafiy mazhabi Rosullulloh sollallohu alayhi va sallamdan boshlanadi. Uning eng katta xizmati o’zidan oldingilarning ilmini o’zidan keyingilarga qoldirish bo’lgan  xolos.” deb tununtirdilar.

Abu Hanifa rahmatullohi alayhining hadis ilmida tutgan o‘rinlari va hadis borasida yozgan asarlarining ahamiyatini ilmiy asoslab berish bugungi kundagi eng dolzarb vazifalardan biridir. Aynan Abu Hanifa rohimatullohi alayhining ustozlarining asosiy qismini sahobalar yoki bevosita sahobalardan dars olgan tobeinlar ekanligi, Abu Hanifa rohmatullohi alayhi faoliyatida sahobalarning o’rni kattaligidan dalolatdir. 

Ha,biz ahli sunnaning boshqa fiqhiy mazlarini hurmat qilgan xolda o’z mazhabimiznishubha qilmasdan mahkam ushlamog’imiz lozimdir. Maqola so’ngida Zulfiqor Ahmad Naqshbandiyning bir o’smir yigit bilan bo’lgan  suxbatlarini keltirmoqchimiz.

Chet ellik bir o’smir yigit oldimga kelib: «Xazrat, siz xam xanafiymisiz?»dedi «Alxamdulillah,hanafiyman»,dedim. U esa: «Men o’qigan kitoblarda kelishicha, AbuXanifa atigi o’n yetti dona xadis bilgan ekan, xolos-ku», dedi. Men: «Xay-xay! Ilgari oddiy xanafiy bo’lgan bo’lsam, bu gapingizni eshitib, endi chinakam xanafiy bo’ldim!» dedim. U:«Xazillashyapsizmi,xazrat?»dedi. «Birodar, menga qarang, butun Islom olami Imom Abu Xanifaning olti yuz ellik ming fiqhiy masalani ijtihod qilib jamlaganiga shak-shubha qilmaydi, shundaymi?» dedim.«Xa, xazrat, shunday», dedi u.Shunda men unga: «Agar bir banda o’n yettitagina xadis bilan olti yuz ellik ming masalani istinbot qilgan bo’lsa, men uni imom deb ergashmay, yana kimga ergashayin?» dedim...

Sattarov Ma’rufjon

“Hidoya” o’rta maxsus islom 
ta'lim muassasasi 54-guruh talabasi