Яратилиш санаси 12.11.2024

Imom Buxoriy rohimahullohning hadis to’plashlari (1-qism)

Imom Buxoriy islom tarixidagi buyuk zotlardan biri ekanligi hammaga ma`lumdir. Bizga ma`lumki, ulug’ shaxslarning hayoti va ijodi doimo imkon qadar batafsil o’rganib kelingan. Chunki unday kishilarning hayotidan ibrat olingan va ijodidan har - xil maqsadlarda foydalanilgan. Shu jumladan Imom Buxoriyning hayotini o’rganishdan maqsad ham shudir. Va bu zotning ham hayotini, odob - ahloqi hamda o’ta yuksak taqvolarini biz ummatlarga ibrat qilib ko’rsatsa bo’ladi. Hazrat Imom Buxoriyning taqvosi hamda hadis yig’ish yo’lida chekkan riyozatlari, islom olamida "Imomul - muhaddisiyn" bo’lib tanilishiga sabab bo’lgandir. 

Hadislar janobi Rasululloh s.a.v. hayotlik davrlarida to’plangan emas edi. Chunki janobi Payg’ambarimiz s.a.v. Sahobalariga: "Mendan Qur`oni karimdan boshqa hech narsa yozib olmanglar, agar kimki biror narsa yozib olgan bo’lsa, uni yo’q qilsin!" - deganlar. Faqatgina ayrim hollarda, masalan, zakot hususida, shuningdek, ba`zi sahobalarga ularning o’z shaxsiy maqsadlari uchun hadislarini qayd qilib borishga ruxsat berilgandur. 

Janobi Payg’ambarimiz s.a.v. sahobalariga buyruq tarzida: "Mening huzurimda bo’lmaganlarga hadislarimni etkazingizlar", deb ushbu hadisni aytganlar: "Shohid kishi bizdan g’oib kishiga etkazsin. Balki o’sha kishi hadisni yetkazgan kishidan ko’ra saqlovchiroqdir.

Alloh taolo ana shu sahobalarni nurli ko’zlar, fikrlovchi aqllar, ta`bir qiluvchi tillar, saqlovchi qalblar va ulug’vor nafslar bilan rizqlantirdi, ya`ni ularga ana shu narsalarni nasib ayladi. Shuning uchun u zotlar barcha hadislarni yodlab olib, qalblariga muhrlab qo’ydilar, so’ngra bir - birlariga, eshitgan eshitmaganlarga aytib yurib, Payg’ambar s.a.v. so’zlarining avloddan - avlodga o’tib saqlanib qolishiga sabab bo’ldilar. 

Aqilxanov Saidolimxon

ta'lim muassasasi o'qituvchisi