
Hayotimizni sunnat bilan o’tkazaylik
“Sunnat” so‘zi arab tilida “tariqat”, ya'ni “ma'naviy yo‘l” degan ma'noni anglatadi. “Falonchining sunnati” degani “uning hayotiy yo‘li” demakdir. Shundan kelib chiqib, Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning sunnatlari, deganda u zotning tariqatlari, yo‘llari tushuniladi.
Sunnat muhaddislar istilohida quyidagicha ta'riflanadi:
“Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamdan asar bo‘lib qolgan gap, ish, taqrir, xalqiy (tana tuzilishi), axloqiy sifatlar va tarjimai holga tegishli ma'lumotlar “sunnat” deyiladi”.
O‘z-o‘zidan ma'lumki, Sunnat – Islom va musulmonlar uchun g‘oyatda muhim manba. Chunki u Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalomning gaplari, ishlari, ma'qullashlari, xalqiy, xulqiy sifatlari va tarjimai hollari majmuasidan iboratdir.
Biz payg’ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning hadislarini o’rganib unga amal qilishimiz zarurdir. Chunki biz hayotimizni har soniyasini payg’ambarimizning sunnatlari bilan o’tkazsak, mana shunda u zotga tom ma’noda ergashuvchi ummat bo’lamiz va qiyomatda shafoatlariga erishamiz. Chunki Qur’oni karimning qirqdan ortiq oyatlarida mo’min musulmonlar Rasulimiz alayhissalomga itoat qilish va ergashishga buyurilgan. Jumladan, Hashr surasida bunday deyilgan:
“Payg’ambar sizlarga keltirgan narsani olingiz, u sizlarni qaytargan narsadan qaytingiz va Allohdan qo’rqingiz! Albatta, Alloh jazosi qattiq Zotdir” (Hashr surasi, 7-oyat).
Sunnatni amaliyotda qo’llash bo’yicha tavsiya:
Sunnat degan so‘zni eshitganda, qaysidir qilayotgan ishimiz Rasululloh sallollohu alayhi vasallam sunnatlariga xilof ekan deb to‘xtaylik. Sunnatni nafsimizga moslamaylik. Ya'ni, nafsimizga to‘g‘ri kelsa, sunnat deb nomlab, aslida, nafsimiz shuni xohlayotgani uchun qilayotgan bo‘lmaylik. Kishi sunnat amalini qilayotganda e'tibor berishi kerak bo‘lgan eng muhim narsa bu – “bu ishni Payg‘ambarimiz sallollohu alayhi vasallam qilganlar. Bu ishni qilishga Habibimiz sallollohu alayhi vasallam targ‘ib qilganlar, men Allohning eng suyukli bandasi bo‘lgan Payg‘ambarimizning xulqlari, amallarini qilyapman”, degan ulug‘ bir muhabbatni qalbimizga joylashimiz darkor. Sunnatdan uzoqlashgan kishi, bid'atga o‘ralashib qoladi.
Yoqubjanov Abdurashid
ta'lim muassasasi o'qituvchisi