Яратилиш санаси 18.11.2024

VATAN BAYROG‘I MUQADDASDIR!

O‘zbekiston mustaqillikka erishgach, o‘z milliy Davlat ramzlarini qabul qildi. 1991 yil 18 noyabr ham mamlakatimiz milliy ramzlaridan biri Davlat bayrog‘i qabul qilingan kun sifatida tarixda muhrlanib qoldi. Mana, o‘ttiz bir  yildirki, mustaqil O‘zbekistonimiz dunyo hamjamiyatining teng huquqli bir a’zosi sifatida butun dunyoga tanilmoqda, bayrog‘imiz BMT bosh qarorgohi oldida mamlakatimizning quch-qudratini namoyon etib, hilpirab turibdi. Zero, O‘zbekiston Respublikasining Davlat bayrog‘i O‘zbekiston Respublikasi davlat suverenitetining ramzidir.

Davlat bayrog‘i va uning ramzi bugungi O‘zbekiston sarhadida qadimda mavjud bo‘lgan davlatlar bilan tarixan bog‘liqligini anglatadi hamda respublikaning milliy-madaniy an’analarini o‘zida mujassamlashtiradi. Bayrog‘imizdagi moviy rang – tiriklik mazmuni aks etgan mangu osmon va obi-hayot ramzi. Timsollar tilida bu – yaxshilik, donishmandlik, halollik, shon-shuhrat va sadoqatni bildiradi. Binobarin, Amir Temur davlati bayrog‘ining rangi ham moviy rangda edi. Oq rang esa muqaddas tinchlik ramzi bo‘lib, u kun charog‘onligi va koinot yoritqichlari bilan uyg‘unlashib ketadi. Oq rang – poklik, beg‘uborlik, soflik, orzu va hayollar tozaligi, ichki go‘zallikka intilishning timsoli. YAshil rang – tabiatning yangilanish ramzi. U ko‘pgina xalqlarda navqironlik, umid va shodumonlik timsoli hisoblanadi. Qizil chiziqlar bo‘lsa vujudimizda jo‘shib oqayotgan hayotiy qudrat irmoqlarini anglatadi. Navqiron yarim oy tasviri bizning tarixiy an’analarimiz bilan bog‘liq. Ayni paytda u qo‘lga kiritilgan mustaqilligimiz ramzi ham. Yulduzlar barcha uchun ruhiy, ilohiy timsol sanalgan. O‘zbekiston Respublikasi Davlat bayrog‘idagi o‘n ikki yulduz tasviri ham tarixiy an’analarimiz, qadimgi yilnomamizga bevosita aloqador. Bizning o‘n ikki yulduzga bo‘lgan  e’tiborimiz O‘zbekiston sarhadidagi qadimgi davlatlar ilmiy tafakkurida nujum ilmi taraqqiy etganligi bilan ham izohlanadi. Davlat bayrog‘imizdagi o‘n ikki yulduz tasvirini o‘zbek xalqi madaniyatining qadimiyligi, uning komillikka, o‘z tuprog‘ida saodatga intilishi ramzi sifatida tushunish lozim.

Bayrog‘imiz, chinakam ma’noda, xalqimizning asriy madaniyati, urf-odatlari va pok islom dinining umuminsoniy g‘oyalarini o‘zida mujassamlashtirgan.

Islomnig beshinchi arkoni bo‘lmish haj va umra ziyoratiga borgan yurtdoshlarimiz begona davlatda mehmonxonalar peshtoqiga o‘rnatilgan davlatimiz bayrog‘ini ko‘rib, qalblari faxru g‘ururga to‘lganini, beixtiyor ko‘zlariga yosh olishganini juda ko‘p bora eshitganman. YAqinda bo‘lib o‘tgan olimpia o‘yinlarida yurtdoshlarimizning mislsiz g‘alabalaridan bir quvongan bo‘lsam, bayrog‘imizning jahon arenalarida yuqori ko‘tarilganini ko‘rib yana bir bor suyundim, xuddi o‘zim g‘olib bo‘lgandek ko‘nglim iftixorga to‘ldi, ko‘zimda yosh yiltiradi.

Haqiqatdan ham, hayotimizda ramz va timsollarning o‘rni katta. Zero, milliy ramzlar or-nomus, shon-sharaf sanalgan. SHayx Najmiddin Kubroning jasoratini tarixdan yaxshi bilamiz. Hamon bu buyuk qahramonlik tildan tushmaydi, hanuzgacha xalqimizni vatanparvarlikka, qahramonlikka chorlaydi. YUrt bayrog‘ini yov qo‘liga topshirishni istamagan Najmiddin Kubro uni qo‘lida mahkam tutgancha jon bergan edi. Dushman harchand urinmasin, uning qo‘lidan bayroqni tortib ololmay, oxiri panjalari bilan kesib oladi. YUrtini jonidan ortiq asragan To‘maris, Spitamen, Muqanna, Temur Malik, Amir Temur, Jaloliddin Manguberdi kabi o‘nlab sarkardalar hayoti ham bugun avlodlarimizga katta ibrat. Aslida Vatan bayrog‘ini ko‘zga surtish, uni to‘tiyo qilish Vatanni sevish, uning uchun jonini fido qilishga tayyor bo‘lish deganidir.

Bugun O‘zbekiston deganda bepoyon yashil dalalar, hapqirib oqayotgan azim daryolarimiz bilan birga baland minbarlarda hilprab turgan bayrog‘imiz ko‘z oldimizga keladi. Ilohim, mustaqil yurtimizga ko‘z tegmasin, bayrog‘imiz dunyo maydonlarida faxru g‘ururimiz ramzi sifatida hilpirab, asrlar davomida mamlakatimiz ahlini yangi marralar sari chorlasin va  Bayrog‘imizning balandligi yurtimizning obro‘-nufuzi yuksakligidan dalolatdir. SHunday ekan, sarbaland qaddimiz va qadrimiz timsolini hamisha e’zozlaylik va boshimiz uzra baland ko‘taraylik!

Madmusayev Sodiqjon

Ta’lim muassasasi oʻquv ishlari boʻyicha mudir oʻrinbosari