Яратилиш санаси 19.11.2024

Odam alayhis salom va iblis

Alloh taborak va taolo Odam alayhis salomni turpog`dan yaratib, uning atrofini o`rab turgan barcha narsalarni nomlashni o`rgatti. Farishtalarning: – Yer yuzida fasod qiladigan va qon to`kadigan kimsani yaratasanmi? – degan da`volarining qarshisiga, Alloh taolo O`zining yer yuzidagi xalifasining fazlini izhor qilish uchun Odam alayhis salomni chiqardi va fsrishtalardan narsalarni nomlarini aytib berishlarini so`rashga buyirdi, shunda farishtalar nomlashdan ojiz qoldilar. Allohning izni bilan Odam alayhis salom farishtalarga barcha narsalarning nomini aytib berdilar.

Shu bilan Odam alayhis salomning farishtalardan ustunlik tarafi namoyon bo'ldi. U ham bo'lsa ilm-ma`rifatdir. Inson yer yuzida fasod qilishi qon tokishi ham mumkin, ilohiy ne`mat boʻlmish ilmni o'z o'rnida ishlatib, farishtalardan ustun bo'lishi ham mumkin. 

Ushbu mavqifda, xususan, odamning fazli farishtalar ko'z oldida namoyon bo'lgandan keyin Alloh taolo farishtalarga quyidagi farmonni berdi:

{ وَإِذْ قُلْنَا لِلْمَلآئِكَةِ اسْجُدُوْا لِآدَمَ فَسَجَدُوْا إِلَّا إِبْلِيْسَ أَبَى وَاسْتَكْبَرَ وَكَانَ مِنَ الْكَافِرِيْنَ } 

Esla, farishtalarga: “Odamga sajda qilinglar!” deganingizni. Bas, sajda qildilar, magar iblis bosh tortdi, mutakabbirlik qildi va kofirlardan bo'ldi. 

Farishtalarga sajdani buyurib, Alloh Odam alayhis salomga o'lkan martaba ato etdi. Ammo bu sajda ibodat uchun emas, balki Odamni – Allohning ulug' ijodini tabriklash maʼnosida edi.

Farishtalar darhol sajda qildilar, chunki ularning fitratida Allohning amriga isyon qilish xususiyati yo'q. Faqat iblis sajda qilmadi. Ushbu iboradan kelib chiqib, ba'zilar: “iblis aslida farishtalardan edi, ammo amirga itoat etmay, odamga sajda qilmagani uchun ularning safidan chiqargan”, deyishadi. Aslida unday emas. Iblis asli jindan boʻlgan, bu haqida oyat bor. Qolaversa, Qur'oni Karim oyatida aytilganidek, farishtalarda Allohning amriga isyon qilish tabiati yo'q. Shundan Alloh taolo farishtalarni Odamga sajda qilishga buyurgan paytda Iblis ham o'sha joyda hozir boʻlgan, deb xulosa qilsa bo'ladi.

Iblis bilan inson orasida dushmanlik shundan boshlanadi bu dushmanlik yaxshilik vakili ila yomonlik vakilining kurashishiga aylandi.

Shunda Alloh jalla jalaluhu shaytonning ishi borasida hukm qildi va o`zining rahmatidan quvib solib uzoqlashtirdi. Iblis rajim bo`ldi, ya`ni jannatdan haydalgan va tosh boron qilingan, Allohning rahmatidan uzoqlashgan bo`ldi. Va u albatta, oxir boradigan joyi jahannamligini ham biladi. Bunga yagona sababchilardan biri Odam – insoniyat deb ishonadi. Chunki, uning ma`siyatining avvali Alloh azza va jalla Odamga sajda qilishga bo`lgan amriga itoatsizligidan boshlangandi. Uni bu isyonga undagan omil kibr man-manlik qilishi bo`ldi. Bu holat Kalomi Sharifda quyidagicha bayon qilingan:

{ قَالَ مَا مَنَعَكَ أَلَّا تَسْجُدَ إِذْ أَمَرْتُكَ قَالَ أَنَا خَيْرٌ مِنْهُ خَلَقْتَنِيْ مِنْ نَارٍ وَخَلَقْتَهُ مِنْ طِيْنٍ }

U zot: “Senga amr etganimda sajda qilishingdan nima to'sdi?” dedi. U: “Men undan yaxshiman, meni o'tdan yaratding va uni loydan yaratding”. – dedi. 

Mana shu narsa dunyodagi barcha isyonning boshidir. Allohdan kelgan amrni so'zsiz bajarish mahluqotlarning burchidir. Ammo, ilohiy amrni muhokama qila boshlash, uni bajarmaslikka bahona axtarish fasodning boshidir. La`nati iblis Allohning biru borligini hech vaqt inkor qilmagan, shuningdek, Uning Xoliq – yaratguvchi, Roziq – rizq berguvchi, Robb – tarbiya qilguvchi, yo'llanma berguvchi, Hokim – hukm qilguvchi ekanini ham hech qachon rad etmagan. Uning isyoni – Allohdan kelgan amrni turli bahonalar bilan amalga oshirmaslikdir. Eng yomoni – gunohni qilib qo'yib, tavba qilmasdan, qilmishini oqlashga o'tishidir.

Alloh taolo oʻz amrini bajarmagan, Odamga sajda qilmagan Iblisdan:

“Senga amr etganimda sajda qilishingdan nima to'sdi?” { deb so'raganda, u “Tavba qildim xato qilibman” deyish o'rniga:

“Men undan yaxshiman, meni o'tdan yaratding va uni loydan yaratding”. – dedi. 

Ya'ni Allohning ochiq-oydin farmoni turib, o`zining fikrini ishlatdi. Allohning amri turganda, qachon fikrbozliklar boshlansa, iblisning ishi qilingan bo'ladi. Buning oqibati iblisning oqibatiga oʻxshash bo'ladi,

Iblisning oqibati esa quyidagi oyatda bayon qilinadi:

{ قَالَ فَاهْبِطْ مِنْهَا فَمَا يَكُونُ لَكَ أَنْ تَتَكَبَّرَ فِيْهَا فَاخْرُجْ إِنَّكَ مِنَ الصَّاغِرِينَ }

} U zot: “Bas, u (jannat)dan tush! Sen uchun unda mutakabbirlik qilib yurish yo'q. Bas, chiq! Albatta, sen xoru zor bolguvchilardan san”. – dedi. {

Iblis Allohning aytganiga amal qilmagani uchun shunday jazoga duchor boʻldi. Aslida, Iblis o'zini yuqori tutishni iroda qilgan edi. Shuning uchun ham “Asli mening aslimdan past boʻlgan Odamga sajda qilamanmi?” deb isyonga ketgan edi. Alloh esa uni irodasiga zid qilib, yaʼni xoru zor qilib jazoladi. Allohning amrini bilib turib, e'tiqod qilib turib, unga amal qilmagani uchun Allohning dargohidan quvildi, Uning lanatga uchradi.

U esa: }  { قَالَ أَنْظِرْنِيْ لإِلَى يَوْمِ يُبْعَثُونَ

 }U: “Menga ular qayta tiriltiriladigan kungacha muhlat ber”. – dedi.  

Yomon hamma joyda ham yomonligini qiladi. Iblis Allohning laʼnatiga uchrab turgan paytida ham odam zurriyotiga yomonlik qilishni unutmadi. U Allohdan odamlar qayta tiriltiriladigan kungacha, yaʼni qiyomatgacha muhlat so'radi. Oʻsha kungacha ularni ig'vo qilish maqsadida shunday dedi. Alloh taolo uning bu so'rovini qabul qildi. Iblis esa ushbu berilgan muhlatda o'zini oʻnglab olish o'rniga yana yomonlik qilish niyatida ekanligini bildirdi.

Xulosa o`rnida quyidagilarni aytish mumkin:

- Odam alayhis-salomning farishtalardan ustunligi ilm-ma'rifat bilan namoyon bo'ldi. Alloh taolo insoniyatni bilish va o'rganish qobiliyati bilan mukarram etdi. Bu esa, insonning asosiy fazilati ilohiy ne'mat sifatida ilmni o'z o'rnida ishlatishdir.

- Allohning amrlarini so‘zsiz bajarish har bir mavjudotning burchidir. Iblisning xatosi Allohning ochiq-oydin farmoniga bo‘ysunmaslik va uni bahonalar bilan rad etishga urinish edi. Bu isyon har qanday fasodning boshlanishidir.

- Iblisning Allohga isyon qilishiga sabab bo‘lgan asosiy sifat – kibr va manmanlik edi. O‘zini Odamdan yuqori deb bilishi uni Allohning rahmatidan uzoqlashtirdi. Bu holat har qanday inson uchun ham ogohlantiruvchi misoldir: kibr insonni Allohning roziligidan uzoqlashtiradi.

- Iblis insoniyatga dushmanlikni o‘zining asosiy maqsadi sifatida belgiladi va qiyomatgacha odamlarni yo‘ldan ozdirishga va'da berdi. Inson esa bu kurashda ilm, e'tiqod va amali solih bilan ustun kelishi mumkin.

- Iblisning jazolanib, Allohning rahmatidan quvilishi adolatning namunasidir. Allohning farmonini rad etish va isyonkorlikning oqibati xoru zorlikdir. Bu insonlarga ham ogohlantirishdir: Allohning amrlarini bajarish va Unga itoatda davom etish – najot kalitidir.

- Odam alayhis-salom va Iblis voqeasi insoniyat uchun katta saboqdir. Ilm-ma'rifat, itoat va kibrdan yiroq bo‘lish Allohning roziligini qozonishning asosiy omillaridir. Iblisning xatosi va jazosi bizga Allohning amriga bo‘ysunmaslikning oqibatlarini ko‘rsatadi. Bu hayotda odamlar o‘z bilimlarini yaxshilik uchun ishlatib, o‘z nafsini va shaytonning vasvasalarini yengishga intilishlari kerak.

Ziyayev Abduqahhor

ta'lim muassasasi o'qituvchisi