Яратилиш санаси 25.11.2024

“Qur’oni Karim oyatlarining o’zaro fazilati”

Imomi A’zam Abu Hanifa rohimahulloh “Fiqhul akbar” asarlarida quyidagicha marhamat qiladilar: 

وَ الْقُرْآنُ مُنَزَّلٌ عَلَى رَسُولِ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَ سَلَّمَ وَ هُوَ فِى الْمَصَاحِفِ مَكْتُوبٌ وَ آيَاتُ الْقُرْآنِ كُلُّهَا فِى مَعْنَى الْكَلَامِ مُسْتَوِيَةٌ فِى الْفَضِيلَةِ وَ الْعَظَمَةِ إلَّا أنَّ لِبَعْضِهَا فَضِيلَةَ الذِّكْرِ وَ فَضِيلَةَ الْمَذْكُورِ مِثْلُ آيَةِ الْكُرْسِىِّ لِأنَّ الْمَذْكُورَ فِيهَا جَلَالُ اللهِ وَ عَظَمَتُهُ وَ صِفَتُهُ وَ اجْتَمَعَتْ فِيهَا فَضِيلَتَانِ فَضِيلَةُ الذِّكْرِ وَ فَضِيلَةُ الْمَذْكُورِ وَ فِى صِفَةِ الْكُفَّارِ فَضِيلَةُ الذِّكْرِ فَحَسْبُ، وَ لَيْسَ فِى الْمَذْكُورِ وَ هُم الْكُفَّارُ فَضِيلَةٌ. وَ كَذَلِكَ الْأسْمَاءُ وَ الصِّفَاتُ كُلُّهَا مُسْتَوِيَةٌ فِى الْفَضِيلَةِ وَ الْعَظَمَةِ لَا تَفَاوُتَ بَيْنَهُمَا

 

“Qurʼon Rasululloh sollallohu alayhi va sallamga nozil qilingandir. U musʼhaflarda yozilgan. Qurʼon oyatlarining barchasi kalom maʼnosida fazilat va ulugʻlikda tengdir. 

Biroq, ularning ayrimlarida “Oyat al-kursiy”ga oʻxshash zikr fazilati va zikr qilinganning fazilati mavjud. Chunki, unda zikr qilingan narsa Allohning jaloli, azamati va uning sifatidir. Unda ikki fazilat jam boʻlgan: zikr fazilati va zikr qilinganning fazilati. Kofirlarning sifatida esa faqat zikr fazilati bor, xolos. Zikr qilingan kofirlarda esa fazilat yoʻq. 

Shuningdek, ismlar va sifatlarning barchasi fazilat va ulugʻlikda barobardir, ular orasida tafovut yoʻq.”

Qurʼoni karim oyatlarining barchasi Alloh taoloning kalomi sifatida tengdirlar. Biroq, zikr qilinayotgan narsa jihatidan farqli boʻladilar. Demak, “Oyat al-kursiy” yoki “Ixlos surasi”da Allohning Oʻzi zikr qilingani uchun fazilati yuksakdir. Alloh taoloning ism va sifatlari ham fazilat va ulugʻlikda tengdirlar. Biroq, zotni aniq bildirishi, koʻpgina sifatlar maʼnosini qamrab olishi jihatidan, masalan, “Ismi aʼzam” kabi ismlar fazilatliroqdir.

Mahmudov Kalimulloh

“Hidoya” o'rta maxsus islom 
ta'lim muassasasi o'qituvchisi