Яратилиш санаси 26.11.2024

Jannatda Alloh taoloni ko’rish borasidagi bahslar

Alloma Sirojudddin Ali ibn Usmon Al-O’shiy rohimahulloh marhamat qiladilar:

يَرَاهُ الْمُؤْمِنُونَ بِغَيْرِ كَيْفٍ       وَ اِدْرَاكٍ وَ ضَرْبٍ مِنْ مِثَالِ

Moʻminlar Uni shaklsiz koʻrarlar
Ham idroksiz va biror timsolsiz

Moʻminlar jannatga kirgach, ularga koʻzlar koʻrmagan va quloqlar eshitmagan son-sanoqsiz neʼmatlar ato qilinadi. Oʻsha neʼmatlarning eng ulugʻi Alloh taologa nazar solish hisoblanadi. Bunday ulugʻ baxtga ega boʻlgan bandalar Alloh taoloni koʻradilar. Nozim moʻminlarning Alloh taoloni koʻrishlari qanday boʻlishi haqida soʻz yuritib Uni shaklsiz, idroksiz va biror timsolsiz koʻrishlarini bayon qilganlar. Shaklsiz va timsolsiz koʻrishlik haqidagi soʻz xuddi Soʻfi Allohyor bobomiz aytganlari kabidir: 

 Koʻngulda kechsa koʻzga tushsa har shay
Erur andin munazzah Xoliqi Hay.

Idroksiz koʻrish deganda esa koʻrilgan narsani tasvirlab bera olmaslik, tushuntirib bera olmaslik, yodida saqlab qola olmaslik, qanday ekanligini mutlaqo idrok eta olmaslik maʼnolari tushuniladi. Moʻminlar shaklsiz, idroksiz va biror timsolsiz ravishda    Alloh taoloning jamoliga nazar tashlaydilar. Bu haqida Alloh taolo shunday xabar bergan: 

“U kunda chiroyli yuzlar bor. Oʻz Robbisiga nazar soluvchilar. Qiyomat surasi 22-23 oyatlar 

Kofirlar esa oʻsha kunda Alloh taoloni koʻrishdan toʻsiladilar. Bu haqida Alloh taolo quyidagicha xabar bergan: 

“Yoʻq !!! Albatta ular oʻsha kunda Robbilarini koʻrishdan toʻsilurlar”  Mutoffifun surasi 15-oyat 

“Imom Shofeʼiy: ushbu oyatda moʻminlarning Alloh taoloni koʻrishlariga dalil bor deganlar.  Molik: Uning dushmanlari toʻsilgan va Uni koʻra olmaganlaridan keyin, Oʻzining doʻstlariga tajalliy qiladiki ular U zotni koʻradilar.” deganlar.” 

Boshqa bir oyati karimada xabar berilganki:

Koʻzlar Uni idrok eta olmas, U koʻzlarni idrok etar...  Anʼom surasi 103-oyat

Bu oyati karimaning maʼnosi besh xil taʼvil qilingan :

1. Uni koʻzlar ihota qila olmaydi. U koʻzlarni ihota qiladi.
2. Koʻzlar Uni koʻrmaydi. U koʻzlarni koʻradi. Bu soʻzni aytuvchilar ikkita dalil keltiradilar: 

a) koʻzlar oʻzlarining oldilaridagi narsalarni koʻradilar, koʻzlar bilan koʻriladigan narsalar orasida fazo boʻlishi kerak oʻzlariga jips boʻlib turgan narsalarni koʻrmaydilar. Agar koʻzlar Uni koʻrsa U chegaralanib qolishi lozim boʻlib qoladi, shuning uchun koʻzlar Uni koʻrmaydi. 

b) Eshitishlik ovozlarni idrok etganidek, koʻrishlik ranglarni idrok etadi.U zotni ranglar bilan vasf qilish mumkin boʻlmaganidek, koʻrish bilan ham vasf qilish mumkin boʻlmaydi.

3. Dunyoda maxluqlarning koʻzlari Uni idrok eta olmaydi. Oxiratda esa [Oʻz Robbisiga nazar soluvchilar] maʼnosidagi oyatning taqozosiga koʻra Uni idrok idrok etadilar. U zot esa dunyo-yu oxiratda koʻzlarni idrok etadi. 

4. Dunyo-yu oxiratda zolimlarning koʻzlari Uni idrok eta olmaydi. Moʻminlarning koʻzlari Uni idrok etadi. Chunki idrok etishlik osiylardan man qilinadigan, moʻminlarga ato qilinadigan izzat ikromdir. 

5. Koʻzlar Uni dunyo-yu oxiratda idrok eta olmaydi. Lekin Alloh taolo Oʻzining doʻstlariga ulardagi beshta sezgilardan[1] boshqa oltinchi sezgini yaratadi ular oʻsha bilan Uni koʻradilar. [2]

Alloh taoloni koʻrishlikning haq ekanligi hadisi shariflarda ham bayon qilingan.

عن جرير بن عبد الله البَجَليِّ قال : كُنَّا عِنْدَ النبيِّ فَنَظَرَ إِلَى القَمَرِ لَيْلَةَ البَدْرِ ، فَقَالَ : « إنَّكُمْ سَتَرَونَ رَبَّكُمْ كَمَا تَرَوْنَ هَذَا القَمَرَ ، لا تُضَامُّونَ في رُؤْيَتهِ ، فَإنِ اسْتَطَعْتُمْ أنْ لاَ تُغْلَبُوا عَلَى صَلاَةٍ قَبْلَ طُلُوعِ الشَّمْسِ وَقَبْلَ غُرُوبِهَا ، فَافْعَلُوا     مُتَّفَقٌ عَلَيْهِ

 Jarir ibn Abdulloh roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Bizlar Nabiy sollallohu alayhi vasallamning huzurlarida edik, u zot toʻlin oy kechasida oyga nazar soldilarda: sizlar yaqinda Robbilaringizni bu oyni koʻrgandek koʻrasizlar Uni koʻrishlikda qiynalmaysizlar, agar quyosh chiqishdan oldin va uning botishidan oldin namozga kuch sarflashga qodir boʻlsalaringiz bas uni ado qilinglar.  (Muttafaqun alayh)

Sharh: “Ulamolar aytadilarki: Alloh taoloni koʻrish haqidagi soʻzda bu ikki namozning zikr qilinishining sababi, shuki namoz toatning afzalidir. Qolaversa bu ikki namozning (Bomdod va asr namozlaring) ularda farishtalarning jamlanishi, amallarning koʻtarilishi kabi fazilatlar bilan boshqa namozlaridan afzalligi sobit boʻlgan. Bu ikki namoz namozlarning eng afzali boʻlganidan keyin bularni oʻz vaqtida ado etuvchilarga eng afzal mukofot munosib boʻladi. Eng afzal mukofot esa Alloh taologa nazar solmoqlikdir.”[3]

“Rosululloh sollallohu alayhi vasallamning “bu oyni koʻrgandek koʻrasizlar” deyishlari koʻriladiganni koʻriladiganga oʻxshatish emas balki koʻrishlikni koʻrishlikga oʻxshatishdir. Alloh taoloni koʻrishlikni oyni koʻrishlikga oʻxshatishlikda ikki xil maʼno bor: 

1. Toʻlin oy kechasida oyni koʻrishlik toʻgʻirisida hech qanday shak-shubha boʻlmaydi 

2. Oyni koʻrishlikda barcha insonlar qancha koʻp boʻlishlaridan qatʼiy nazar hech bir mashaqqatsiz barchalari baravar koʻraveradilar.”[4]                                                   

[1] Insondagi syezgilar: 1. Eshitish, 2. Koʻrish, 3. Hidlash, 4.Tatib koʻrish, 5. Tekkizib koʻrish. 

[2] Ali ibn Muhammad Mavrudiy “An-Nukatu val Uyun” 151-bet

[3] Faysol ibn Abdulaziz “Tatriyzu Riyozis Solihiyn” 99-bet

[4] Ibn Rajab “Fathul Boriy” 134-bet

Mahmudov Kalimulloh

“Hidoya” o'rta maxsus islom 
ta'lim muassasasi o'qituvchisi