
Istigʻfor aytish
Istigʻforning lugʻaviy maʼnosi, berkitish va ustini yopishdir. Alloh magʻfirat qildi, degani gunohni berkitdi deganidir. Istigʻfor (gunohning kechirilishini) soʻrashdir.
Istigʻfor ulamolar istilohida gunohning magʻfirat qilinishini duo, tavba va boshqa toatlar ila soʻrashdir. Amalda banda tilida “astagʻfirulloh” va shu maʼnodagi kalimalarni aytib, dil bilan tasdikdashi istigʻfordir. Umumiy maʼnoda esa, istigʻfor dindorlikni ifoda etadi.
Alloh taolo qurʼoni karimda.
قَالَ اللهُ تَعَالَى: فَقُلْتُ اسْتَغْفِرُوا رَبَّكُمْ إِنَّهُ كَانَ غَفَّارًا (10) يُرْسِلِ السَّمَاءَ عَلَيْكُمْ مِدْرَارًا (11) وَيُمْدِدْكُمْ بِأَمْوَالٍ وَبَنِينَ وَيَجْعَلْ لَكُمْ جَنَّاتٍ وَيَجْعَلْ لَكُمْ أَنْهَارًا(12)
Yani: “Bas, oʻz Robbingizga istigʻfor ayting, albatta, U gunohlarni koʻplab magʻfirat qiluvchidir. U Zot osmondan ustingizga ketma-ket baraka yomgʻirini yuboradir. Va sizga molu mulk va bola-chaqa ila madad beradir va sizlarga bogʻu rogʻlar hamda anhorlarni beradir”, degan (Nuh, 10,11,12.).
Hazrati Imom Hasan Basriy oʻz davrlarida bir guruh kishilar bilan suhbatlashib oʻtirganlarida bir odam kelib, qurgʻoqchilikdan shikoyat qilibdi. Hazrati Imom Hasan Basriy, istigʻfor aytinglar, deb maslahat beribdilar.
Ikkinchisi kelib, kambagʻallikdan, uchinchisi farzandsizlikdan va hokazo shikoyatlar qilibdilar va barchalariga, istigʻfor aytinglar, degan maslahatni beribdilar.
Shunda suhbatdoshlardan Robiyeʼ ibn Subayh hazrati Hasan Basriyga murojaat qilib: “Ey Imom, sizga turli kishilar turli narsalardan shikoyat qildilar, siz esa hammalariga bir xil javob berdingiz, buning boisi nedur?” debdi.
Hazrati Imom bu savolning javobiga yuqorida keltirilgan oyatlarni oʻqib beribdilar.
Mazkur oyatda istigʻfor va rizqlar bir-biriga bogʻlikdigiga ishora qilinmoqda. Qurʼoni Karimning koʻpgina oyatlarida qalb pokligi, dindorlik va hidoyatda yurishdan rizqning moʻlligi, farovonlik va serobchilik kelib chiqishi taʼkidlangan.
Alisher Muhiddinov
“Hidoya” o'rta maxsus islom
ta`lim muassasasi o`qituvchisi