
Bilmayman deyish ilmning yarmi
Bugungi hayotimizda goh-gohida fatvo ilmini yaxshi bilmasdan fatvo berayotganlar uchrab turibdi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam imom Dorimiy rivoyat qilgan hadisda: «Fatvoga jur’atli bo‘lganlaringiz do‘zaxga jur’atli bo‘lganingizdir», deganlar. Ya’ni bilib-bilmay, oxiri nima bo‘lishidan qo‘rqmasdan, havoyi jur’at qilib fatvo beraveradigan odam bu ishining oqibatida do‘zaxga kirishga jur’at qilgan bo'ladi. Dastlabki musulmonlar avlodi fatvoning javobgarligini chuqur anglab yetganliklari tufayli, o‘zlaridan ilmliroq odam bor joyda jim turishni lozim bilganlar. Imom Navaviyning «Al-Majmu’» nomli kitobida Abdurraxmon ibn Abu Laylodan quyidagilar rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning bir yuz yigirma ansoriy sahobalarining har biridan masala so‘ralganida «Ana undan sura», «Ana undan sura» deb, yana avvalgisiga qaytib kelganini kurdim».
Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhuda ilmning barcha turi yetarlicha bor edi. U kishi Alloh taoloning kitobini va Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sunnatlarini juda yaxshi bilar edilar. Shu bilan birga, bilmagan narsalarini darhol tan olar va o‘z joyida «Bilmayman», deyish bilan faxrlanar edilar. Bir kuni odamlardan biri kelib, Abdulloh, ibn Umar roziyallohu anhudan savol so‘radi. U kishi: «Bilmayman», deb javob berdilar. So‘rovchi orqasiga qaytib ketdi. Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhu darhol qo‘llarini bir- biriga ishqab, xursand bo‘lgan hollarida: «Abdullox ibn Umardan u bilmaydigan narsa so‘ralgan edi, «Bilmayman», dedi!» deb aytdilar.
Ibn Abdul Barr «Jomi’ul ilm» kitobida Mujoxid roziyallohu anhudan rivoyat qiladi: «Abdulloh, ibn Umar roziyallohu anhudan sulbdan bulganlarning merosi haqida suraldi. Bas, u: «Bilmayman», dedi.«Unga javob berishdan seni nima to‘sadi?» dedilar. «Ibn Umardan bilmagan narsasi suralgan edi, u: «Bilmayman», deb javob berdi», dedi Ibn Umar».
Ibn Abdul Barr «Jomi’ul ilm» kitobida Uqba ibn Muslimdan rivoyat qiladi: «Ibn Umarga o‘ttiz to‘rt oy hamsuxbat bo‘ldim. Undan savol so‘ralganda ko‘pincha «Bilmayman», der edi-da, so‘ngra menga qarab: «Anavilar nimani istashini bildingmi? Ular bizning yelkamizni jahannamga ko‘prik qilishmoqchi», der edi».
Ibn Sa’d Nofe’ roziyallohu anhudan rivoyat qiladi: «Bir odam Ibn Umardan masala suradi, U kishi boshini egib, javob bermay jim qoldi. Odamlar so‘rovni eshitmadi shekilli, deb o'ylashdi. Haligi odam unga: «Alloh, senga rahm qilsin, so‘rovimni eshitmading- mi?» dedi. «Eshitdim, ammo sizlar so‘ragan narsangiz haqida Alloh bizni so‘roqqa tutmaydi, deb uylaysizlar shekilli. Alloh seni rahm qilsin, bizni tek quyib tur. Masalani faxmlab olaylik. Agar bizda unga javob bo‘lsa, beramiz, bo‘lmasa, bilmasligimizni aytamiz», dedi».
Sufyon va Sahnundan rivoyat qilinadi: «Odamlarning fatvoga jur’atlirog‘i eng ilmsizidir. Olim kishi fatvo berish haybatidan qo‘rqib turadi. Agar hukm Qur’on va Sunnatda hamda ijmoda ravshan kelgan bo‘lsa, uni aytishga jur’at qiladi. Ammo hukm haqida turli gaplar aytilgan yoki maxfiyroq bo‘lsa, yaxshilab, chuqur o‘rganadi va ravshan bo‘lmagan narsani aytmaydi».
Imom Molikdan gohida ellikta masala so‘ralganida birortasiga xam javob bermagan paytlari bo‘lgan. U kishi: «Javob beruvchi undan oldin o‘zini jannatga va do‘zaxga solib ko‘rsin, xalos bo‘lishga ko'zi yetsa, javob bersin», der edilar. Shu tarzda «Bilmayman» deyish - ilmning yarmi» degan islomiy qoida paydo bo‘ldi. Hanafiy mazhabi bo‘yicha fatvo beruvchi kishi kimning gapiga ko‘ra fatvo berayotganini yaxshi bilishi, so‘zi olinayotgan faqihning nasl-nasabi, ilm-ma‘rifati, fiqhiy salohiyati hamda mazhabdagi o‘rni kabi malumotlarni yaxshi bilishi zarur. Shundagina muftiy sahihni zaifdan, ustun xukmni kuchsizdan ajrata oladi.
Mahmudjonov Javohir
ta'lim muassasasi o'qituvchisi