
Islom yaxshilik dinidir
Islom yaxshilik dinidir. U doimo kishilarni yaxshilikka chorlab, yomonlikdan qaytaradi. Kishilarni insoniylikka chaqirib, razolatni rad etadi. Odob-axloq, ruhiy-maʼnaviy poklik va ravnaqqa chorlaydi. Shuningdek, halol ishlashga, hayotni goʻzal oʻtkazishga undaydi. Allox taolo insonlarga bexisob nematlarni ato yetish barobarida bu nematlardan tejam bilan, isrof kilmay foydalanishni xam buyurgan.
“Isrof” soʻzi asli arabcha boʻlib, “hisobsiz tarzda ishlatish”, “haddidan oshish” kabi maʼnolarni anglatadi. Isrofga yoʻl qoʻygan odam Alloh belgilab bergan chegaradan chiqib, U Zotning neʼmatlarini oʻrniga sarflamagan yoki hojatdan tashqari ishlatgan boʻladi. Tilimizda ushbu soʻz “nest-nobud qilish”, “uvol qilish”, “neʼmatni qadrlamaslik” kabi maʼnolarni anglatadi.
Ulamolar aytadilarki, isrof faqirlikka yetaklaydi, jannatdan uzoqlashtirib doʻzaxga yaqinlashtiradi, Alloh taoloning gʻazabiga sabab boʻladi. Isrofning bir qancha turlari boʻlib, ulardan misol qilib aytsak, bizlarga berilgan umrni isrof qilish.
Alloh taolo bandasiga bergan eng qadrli neʼmatlardan biri aynan umrdir. Uning qadri shundaki, boshqa barcha neʼmatlarni qayta tiklash, qoʻldan chiqargach yana unga erishish mumkin, ammo umr bunday emas. Oʻtgan kun boshqa qaytib kelmaydi. Shu sabab umrni isrof qilishdan uzoq boʻlishmiz lozim. Zero, bugungi kunda beparvolik bilan oʻtkazayotgan xar bir kunimizga bu dunyoda ham oxiratda ham javob beramiz.
Muoz ibn Jabal roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Banda qiyomat kuni toʻrt narsadan soʻralmaguncha, bir qadam ham oldinga siljiy olmaydi. Bu savollardan birinchisi, umrini nima bilan oʻtkazgani; ikkinchisi, yoshlik davrida nima bilan mashgʻul boʻlgani; uchinchisi, mol-dunyoni qay yoʻsinda topgani va nimalarga sarflagani; toʻrtinchisi, oʻrgangan ilmiga qanday amal qilganidir”, dedilar. Bazzor va Tabaroniy rivoyat qilganlar.
Inson hayotda oʻz oldiga qoʻygan maqsadlarga erishishda vaqtdan oʻz imkoniyatidan toʻliq foydalanishi zarur. Bir olim “Kim kunini bekorga oʻtkazsa biror yaxshi amalni qilmasa, insonlarga chiroyli soʻz, yaxshi muomala qilmasa, bir ilmu-maʼrifat hosil qilmasa, u kuniga, umriga jabr qilibdi, oʻziga zulm qilibdi” degan ekan. Demak, oltindan qimmat bebaho neʼmat umrimizni, vaqtimizni, kunimizni va har bir olayotgan nafasimizni hisob-kitobi borligini unutmasligimiz lozim. Kunlar, vaqtlar tinmay oʻtsayu, qaytib kelmas daqiqa onlarimizga beparvo boʻlsak, pandu-nasixat olmasak ikki dunyo saodatiga aslo musharraf boʻla olmaymiz.
Maxmudxon MAMADALIYEV
ta'lim muassasasi o'qituvchisi