Яратилиш санаси 26.12.2024

Nabiy sallollohu alayhi vasallam yuborilishlaridan avval johiliy jamiyatning ahvoli

Nabiy sallollohu alayhi va sallam yuborilishlaridan avval johiliy jamiyatning holati tarix o’sha kungacha guvohi bo’lgan eng ayanchli ahvolda edi. Rasululloh sallollohu alayhi va sallamning o’zlari: “Alloh yer ahliga nazar tashladi. Ahli kitoblardan qolgan bir qismdan o’zgasi, arabiga ham, ajamiga ham g’azab qildi”, deya o’sha jamiyatni tasvirlaydilar. Imom Muslim rivoyati.   

Islomdan oldin o’sha hududda tarqalgan yomon odatlar qatoriga quyidagi kabilar kirar edi: 

Mast qiluvchi ichimlik iste’mol qilish:

Arablar o’sha davrda majlislarida, yig’inlarida, uylarida juda ko’p mast qiluvchi ichimlik ichishar edi. Hatto bu ish bilan faxrlanar ham edilar. 

Qimor o’ynash:

Bu ish Makka, Toif, Sano, Yasrib va shu kabi shaharlarning odati edi. 

Qizlarni azoblash:

Erkaklar qizlarini ochiqchasiga tiriklayin or-nomusdan qo’rqib ko’mib yuborar edilar. 

Farzandlarni o’ldirish:

Arablar bolalarni o’g’il bo’ladimi yoki qiz farqlamay o’ldirib yuborishar edi. Ochlik, faqrlik va qahatchilik kelib qolishidan qo’rqish kabi narsalarni bunga sabab qilib kelitirishar edi.

Islom bu yomon odatni Alloh taoloning quyidagi oyatlari bilan harom qildi: 

وَلا تَقْتُلُوا أَوْلادَكُمْ مِنْ إِمْلاقٍ

“Bolalaringizni qashshoqlikdan (qo'rqib) o'ldirmangiz”. (An’om surasi, 151-oyat).

وَلا تَقْتُلُوا أَوْلادَكُمْ خَشْيَةَ إِمْلاقٍ

“(Ey, insonlar), bolalaringizni qashshoqlikdan qo'rqib o'ldirmangizlar”. (Isro surasi, 31-oyat).

Ayollarning ochiq-sochiq yurishi:

Ayollar erkaklarning oldida, ochiq-sochiq, ziynatlarini ko’rsatgan holda ham yuraverar edilar. 

Erkak va ayollar o’rtasida harom qilingan aloqalar:

Alloh harom qilingan fahsh ishlardan tab tortmas edilar. 

Bir-birlariga bosqinchilik yurishlarini olib borishlari:

O’g’irlik, bosqinchilik, talon-taroj qilish maqsadida arablar bir-birlariga bosqinchilik yurishlarini uyushtirar edilar. Ular o’rtasidagi urushlar arzimagan sabablar uchun ham sodir bo’laverar edi.

Ko’pincha ular o’rtasidagi janjal va urushlar tuya, yoki narigi tarafga o’tib ketgan ot, suv qudug’i kabi mayda ishlar uchun bo’lar edi. Ular o’rtasidagi urushlar uzoq yillar davo etar edi. Ana shunday janglar qatoriga Basus, Dohis, g’ubro, Buos, Fijor kabilar kiradi. 

Butlarga ibodat qilish:

Arablar butlarni oldi-sotdi qilar va ularga ibodat qilar edilar. Butlar Ka’ba atrofiga qo’yilgan edi. Ularning mashhurlari Lot, Uzzo, Manot, Hubal, Isof, Noila edi. 

Bu Rasululloh sallollohu alayhi va sallam yuborilishlaridan avval arab yarim orolida keng tarqalgan odatlar edi.        

Muhammad Ibrohim Isoqjonov 

ta'lim muassasasi o'qituvchisi