Яратилиш санаси 27.12.2024

IMOM AL-BUXORIYNING NASABLARI

Alloh taologa beadat shukronalar bo’lsinki, vatanimiz mustaqillikka erishganidan so’ng Respublika Prezidenti farmoni bilan muqaddas islom dini, islom falsafasi va madaniyati rivojiga o’lkan hissa qo’shgan buyuk ulamo va aziz- avliyolarning tabarruk nomlari bilan bog’liq Imom al-Buxoriy, Imom at-Termiziy, Imom al-Motrudiy, Hazarati Imom, Shohi Zinda, Bahovuddin Naqshband, Hoja Axror Valiy kabi mamalakatimiz hududidagi qutlug’ ziyoratgoh va qadamjolarni saqlash va obodonlashtirish borasida katta ishlar qilindi. Ularning ilmiy ma’naiy meroslarini o’rganish borasida ko’plab imkoniyatlar qilindi. Milliy va diniy qadriyatlarimizga katta e’tabor berildi.  Mana shunday ulug’ va iqtidorli yurtdoshlarimizdan bo’lgan Imom al-Buxoriy Hazratlari xususida mo’jazgina diplom ishi yozib, u kishining hayotlari va ijodlarini baqadri hol yoritib bermoqchiman. Alloh taolodan ushbu yozgan diplom ishimni o’zimga va boshqalarga foydali qilmog’ini so’rayman. 

Imom al-Buxoriyning  nasablari.

 Bu zoti sharif “Amir ul-Mo’miniyn fil-hadis” (“Hadis ilmi bobida  mo’minlar amiri”), “Al-Imom ul-Miqdom” (“Jasur Imom”), “Imom ul-Muhaddisiyn”, (“Muhaddislar imomi”), “Sayyid ul- fuqaho”, (“Faqihlar sayyidi”), “Imom ud-dunyo”, (“Dunyodagi barcha mo’min va musulmonlarning imomi”) kabi yuksak unvonlar sohibi bo’lib, to’liq nomlari- Abu Abdulloh Muhammad ibn Ibrohim ibn al-Mug’iyra ibn Bardizbadir. 

 

Asl ismlari – Muhammad, “Al Buxoriy” nomi esa islom olamidagi ilmiy tahallusidir. Bu nom iste’dodlari yashnab, gurkirab ulug’langan davrlardan boshlab islom madaniyati tarixi bilan chambarchas  bog’lanib ketgan va Alloh taolo u zotning nomlarini uzoq davrlar husni zikr qilimoqligini nasib etib, tengsiz martaba ato etgan. 

Agar Al-Buxoriy ismini hadis majmualari borasida ta’liq qilinsa, darhol ma’lum va   mashhur “Al-Jomi’ as- Sahih”- “Ishonarli to’plam” kitobi ko’z oldimizga keladi. Agar bu nomni islomiy mafkura alomatlaridan iborat “Kalom” bahsida zikr qilinsa, shu kitob muallifi Muhammad ibn Ismoildan boshqa kishi tushunilmaydi. Bu esa allaqachon o’zining asl ismidan g’olib bo’lib ketgan. Chunki, “ Al- Buxoriy” – deyilsayoq, Buxoro shahrida shu nom – shu nisbat bilan tanilib, qanchadan-qancha olim-u fozillar yashab o’tgan bo’lishiga qaramay butun musulmon olami dastlab faqat Muhammad ibn Ismoil al-Buxoriyni tushunadigan bo’lib qolishgan. Haqiqatda ham bu kishi “Al-Buxoriy” nomi bilan o’ziga xos va bemisl shuhrat topganlar.

Rivoyatlarga ko’ra u zotning o’g’il farzandi bo’lmagan, ammo hurmat yuzasidan al-Buxoriyning ismlari “Abu Abdulloh” (“Abdullohning otasi”) laqabi bilan boshlanib tilga olinadi. 

Uchinchi bobolari-Bardizba islom dini Buxoroga kelishidan ilgari o’z qavmida mavjud bo’lgan majusiylik, ya’ni otashparastlik dinida yashab, o’sha dindan vafot etib ketgan. 

Ikkinchi bobolari- Mug’iyra ajdodlari orasida birinchi bo’lib qalblariga Allohning nuri tushgan otalaridandir. O’sha davrda Xurosonning voliysi bo’lgan Al-Yaman-ul-Ju’fiyning qo’lida Islom dini qabul qilganlar. Shuning uchun Mug’iyraga va keyingi zurriyotlariga ham “Ju’fiy” nisbati diniy laqab sifatida nisbat berilgan. Ya’ni “Al-Buxoriy” tug’ilgan vatanlariga nisbati bo’lsa, “Al-Ju’fiy” diniy voliysiga nisbatidir. 

Birinchi bobolari – Ibrohim to’g’risida deyarli ma’lumot yo’q. U go’yoki cho’kib, sedan chiqib ketganlardek umr kechirgan. U kishining qilgan ishlari ma’lum emas. Lekin nisbatlari ko’pincha otasi Mug’iyragava o’g’li Ismoilniki esa unga berib yurilgan va shu orqaligina tanilgan.

Otasi Ismoil o’z sulolasida ilm nuriga yuz tutganlarning avvalgisi bo’ldilar, ya’ni hayotda otalari tutgan yo’ldan boshqasini tanladilar. O’z zamonasining muhimroq jihatlarini ixtiyor qilib, ilmiy harakatlarda ishtirok etdilar. 

O’sha davrlarda Rasul alayhissalomning hadislarini to’plashdan ko’ra muhimroq xizmat yo’q edi. Umri davomida Ismoil ibn Ibrohim shu xizmatga muvaffaq bo’ldilar. U kishi hayot yo’llarida faqatgina Alloh Taolo bilan va insonlar bilan birga bo’lishga erishdilar. Taqvodorlik va parhezkorlikda dong taratdilar. U zotdan faqat maqtov aytilguchi va chiroyli zikr qilinguvchi xislatlardan boshqa holat sezilmagan.

Ilmi va harakati bilan muhaddis imomlarning ulug’larini yo’qlab safarlar qildilar va ulardan hadislarni olishga ham erishdilar. Taqvo va ilmiy ehtiyotkorlik borasida munaqqid va muhaddislarning ishonchini qozondilar. Hatto eshitish yo’li bilan Molik ibn Anas va Hammod ibn Zayddan hadis rivoyat qilishga erishganlar. Shayx hazrat Abdulloh ibn Muborak bilan ham suhbatdosh bo’lganlar. Shuningdek, iroqlik u kishidan rivoyat qilishgan. Jumladan Ahmad ibn Hafs hadis rivoyat qilgan. O’g’li Abu Abdulloh ham “At-Tarix al-kabih” kitobida u zotdan tarjima qilganlar. Ibn Hibbon u kishini ishonchli kishilardan deb topgan va “As-Siqot” kitobida to’rtinchi tabaqa roviylari bilan birga u kishidan ham tarjima qilgan.

Saidolim Aqilxonov

ta'lim muassasasi o'qituvchisi