Makkiy va Madaniy suralarining bir-biridan farqi (1-qism)
1. Makkiy sura va oyatlar hijratdan oldin tushganlarini, garchi ayrimlari Makkada nozil bo`lmagan bo`lsa ham qamrab oladi. Madaniy suralar esa, hijratdan keyin nozil bo`lgan barcha suralarni, garchi Makka fathi vaqtida nozil bo`lgan bo`lsa ham qamrab oladi.
2. Makkiy sura va oyatlar hijratdan keyin nozil bo`lsa ham nozil bo`lish joyiga qat`iy rioya etgan holda makkiy sanaladi, madaniy esa barcha Madinada nozil bo`lgan vahiyni qamrab oladi. Makka deganda, uning atrofi ham, Mino, Arafot, Muzdalifalar ham kiradi. Madaniyga uning atrofidagi Badr, Uhud kabilar ham kiradi.
3. Makkiy deganda Makka ahliga xitob qilingan suralar, madaniy deganda esa, Madina ahliga xitob qilingan suralar tushuniladi.
Yuqoridagi qarashlar orasida hijratgacha va hijratdan keyin nozil bo`lishi nuqtai nazaridan makkiylik va madaniylikka ajratish ko`pchilik ulamolar tomonidan qabul qilingan hamda bu tasnif mantiqan maqbul bo`lgani uchun keyingi davrlarda qabul etildi.
Eng keng tarqalgan qarashga ko`ra, makkiy suralar 86 ta, madaniy suralar 28 ta. Makkiy oyatlar 4603 ta, madaniy oyatlar 1633 ta. Shunga ko`ra, Qur`onning deyarli to`rtdan uch qismi Makkada, to`rtdan bir qismidan ortiqrog`i Madinada nozil bo`lgan. Foiz hisobida taqriban 74% –26%.
Makkiy va madaniy suralar haqida hadis to`plamlarida ma`lumotlar mavjud. Ushbu rivoyatlarda ba`zan bir nechta suralar, ba`zan ayrimlari qaerda nozil bo`lganligi zikr etiladi.
Suyutiy “Itqon” asarida Ibn Abbos rivoyatini keltiradi: “Madinada Baqara, Oli Imron, Niso, Moida, Anfol, Tavba, Haj, Nur, Ahzob, Muhammad, Fath, Hadid, Mujodala, Hashr, Mumtahina, Saff, Tag`obun, Taloq, Tahrim, Fajr, Layl, Qadr, Bayyina, Zilzila, Nasr suralari nozil bo`lgan”.
Shu kabi rivoyatlarda bu borada turlicha so`zlar naql etilgan bo`lib, ko`pchilik qarashlarni tahlil etish, ularning roviylarini aniqlash orqali hozirgi kunimizdagi to`xtamga kelingan.
Makkiy va madaniy oyat, suralarni ajratish rivoyat asosida hamda ularning qamrab olgan mavzusi, uslubiga qarab ajratiladi. Shuning uchun bu boradagi raqamlar qisman taxminiydir. Aslida barcha ulamolar tomonidan madaniyligi bir ovozdan ma`qullangan suralar 18 ta, ular: Baqara, Oli Imron, Niso, Moida, Anfol, Tavba, Nur, Ahzob, Fath, Hujurot, Hadid, Mujodala, Hashr, Mumtahina, Jum`a, Munofiqun, Taloq, Tahrim.
Madaniyligi bo`yicha ulamolar o`rtasida ixtilofli bo`lgan 21 sura quyidagilar bo`lib, ushbu suralarning hammasini ustida ham jiddiy bahs-munozara bo`lmagan:
Fotiha, Ra`d, Nahl, Haj, Ankabut, Muhammad, Rahmon, Saff, Tag`obun, Inson, Abasa, Mutaffifun, Fajr, Layl, Qadr, Bayyina, Zalzala, Nasr, Ixlos, Falaq, Nos.
Qolgan 75 suraning makkiyligi bahs-munozarasiz qabul etilgan.
Manbalarda nozil bo`lish joyi aniq ko`rsatilmagan suralardan: Ra`d, Muhammad, Rahmon, Saff, Tag`obun, Inson, Bayyina, Zalzala, Nasr, Falaq va Nos suralari keyingi tadqiqotlarda madaniy suralar sifatida qabul qilingan. Shunda Makkada 86 ta hamda quyidagi 28 sura Madinada nozil bo`lganligi ayon bo`ladi: № Sura nomi Sura raqami № Sura nomi Sura raqami
1. Baqara 2 15. Hadid 57
2. Oli Imron 3 16. Mujodala 58
3. Niso 4 17. Hashr 59
4. Moida 5 18. Mumtahana 60
5. Anfol 8 19. Saff 61
6. Tavba 9 20. Jum`a 62
7. Ra`d 13 21. Munofiqun 63
8. Haj 22 22. Tag`obun 64
9. Nur 24 23. Taloq 65
10. Ahzob 33 24. Tahrim 66
11. Muhammad 47 25. Inson 76
12. Fath 48 26. Bayyina 98
13. Hujurot 49 27. Zalzala 99
14. Ar-Rahmon 55 28. Nasr 110
Yuqoridagi ixtilof va munozaralar tufayli ko`pchilik Qur`on ilmlariga oid asarlarda turli raqamlar keltiriladi. Ularning orasida makkiy va madaniy suralar nisbatini 85/29, 87/27 degan qarashlar ham bir nechta ulamolar tomonidan qo`llab-quvvatlangan.
Qur`onning makkiy suralarida madaniy oyatlar hamda aksincha madaniylarida makkiy oyatlar mavjud. Makkada nozil bo`lgan suralar tarkibiga madaniy oyatlarning kiritilish holati ko`proq bo`lib, aksincha, Madinada nozil bo`lgan suralar tarkibiga makkiy oyatlar kamroq kiritilgan. Bu holatlar bir nechta oyatlar ustida kechayotganini guvohi bo`lishimiz mumkin (4-ilova).
Qayumov Sofvatulloh
ta'lim muassasasi o'qituvchisi