ANBIYOLAR QISSASI VA UNING AHAMIYATI
Paygʻambarlar haqidagi qissalarning o’qishga kirishishdan avval, umuman, Qur’oni Karimdagi qissalardan qanday maqsadlar ko’zlanganini qisqacha tushunib olishimiz kerak.
Qur’oni Karimda qissalar turli joylarda va turli munosabatlar bilan keladi. O’rniga va mavzusiga qarab, qissalar ham o’zgarib turadi. Baʼzilarga takror bo’lib tuyulgan qissalar aslida har joyda alohida o’zgacha ma’nolarni anglatadi va turli maqsadlarda ishlatiladi.
Payg’ambarlar qissasi iymon yo’lidagi tinimsiz kurashning uzoq yo’lini aks ettiruvchi bayonotdir. O’tganlar hayotida iymon uchun kurash qanday borganini, oqibat nima bo’lganini bilish kelajak avlod uchun ibratdir. Shu boisdan ham Alloh taolo payg’ambarlar qissasiga alohida e’tibor beradi.
Qur’oni Karimni hamma narsani bilguvchi Zот - Alloh, taolo nozil qilgan. Hamma narsani bilguvchi Zot o’tgan ummatlarning tarixini ham juda yaxshi biladi.
O’tganlarning afsonalarini birovdan yozdirib olishga hojat yo’q. Balki bu afsonalar yolg’on, bid’at va xurofotlarga to’liqdir. Qur’oni Karimda esa o’tgan ummatlarning qissalari eng rost va to’g’ri ravishda keltiriladi. Kishilar ulardan o’rnak olishga chaqiriladi. Vaqt o’tib, ilm rivojlanishi bilan bu xaqiqat yana ham ravshanlashib bormoqda.
Qur’oni Karimdagi qissalarni o’rganish faqat o’tmishni eslash va tasalli uchun emas, balki ulardan ibrat olib, hayotda foydalanish uchun kerakdir. Qur’oni Karim hidoyat kitobi, unda keltiriladigan qissalar ham kishilarni hidoyatga chaqiradi. Bu ishda esa shaxslarning ismi, voqea bo’lib o’tgan joyning nomi, yer maydoni kabi chegara va raqamlarga bog’liq maʼlumotlar unchalik ahamiyatga ega emas. Oxirgi paytda o’tkazilgan ilmiy tekshirishlar, xususan, Qur’oni Karimni boshqa samoviy kitoblar bilan solishtirib ko’rishlar ham ushbu fikrni tasdiqladi. Shuning uchun zamonaviy tafsirchilarimiz mazkur ko’shimcha ma’lumotlarga berilib ketmasdan, asosiy e’tiborni Qur’oni Karim zikr etan hodisalarning mohiyatiga qaratishni maslahat beradilar.
O’tgan ummatlarning qissalari Qur’oni Karimning turli suralarida keladi. Ammo har bir surada o’ziga xos uslub va iboralar bilan bayon etiladi.
Qur’oni Karimdagi qissalardan asosiy maqsad ibrat olish ekanligini bayon qilib, Alloh, taolo “Yusuf” surasida quyidagilarni aytadi:
“Bataxkik, ularning qissalarida aql egalari uchun ibrat bor edi. (Bu Qurʼon) to’qima gap emas, lekin o’zidan oldin kelganning tasdig’i va barcha narsaning tafsiloti, iymon keltirganlar uchun hidoyat va rahmatdir” (111-oyat).
Ha, o’tgan ummatlarning qissalarida aql ishlatgan har bir kishi uchun ibrat bor.
Ha, Qur’oni va uning qissalari to’qima emas, balki oldingi ilohiy kitoblarda kelgan narsalarning tasdig’idir. Odatda yolg’on, to’qima gap bir-birini tasdiqlay olmaydi. Birpasda o’rtada xilof chiqib, siri fosh bo’lib qoladi.
Shuningdek, Qur’on har bir narsani mufassal bayon qiluvchidir. Agar to’qilgan va uydirma bo’lganida, bunday bo’la olmas edi.
Yana, Qur’on va uning qissalari hidoyatdan iboratdir, yolg’on va uydirma hech qachon hidoyat bo’lgan emas, bo’la olmaydi ham. Qur’on iymon keltirganlarga rahmatdir. Yolg’on va uydirma hech kimga rahmat bo’lgan emas, bo’lmaydi ham. Ulamolarimiz Qur’oni Karimdagi qissalardan ko’zlangan maqsadlarni ochiq-oydin bayon qilganlar.
Ular kuyidagilardan iborat:
1. Muhammad sollallohu alayhi vasallamning Allohning payg’ambari hamda Qur’oni Karim ilohiy kitob ekanligini isbot qilish. O’qimagan, yozmagan Muhammad sollallohu alayhi vasallam o’tmishdagi qissalarni o’zicha bunday aniqliq bilan keltira olishlari mumkin emas. Faqat Alloh taolo vahiy orqali aytib berishi mumkin, xolos.
2. O’tgan payg’ambarlar va ularning ummatlari xaqida hikoya qilish ila Muhammad sollallohu alayhi vasallam va u zotning ummatlarining qalbiga sobitlik solish va ularga tasalli berish.
3. Kishilarni iymon yo’liga targ’ib qilish, qiziqtirish.
4. Oxir-oqibatda Alloh taolo payg’ambarlarga va mo’minlarga nusrat berib, kofir va zolimlarni halok qilishini bayon etish.
5. Turli ummat va xalqlarning muvaffaqiyati yoki halokati sabablarini o’rgatish.
6. Payg’ambarlarning kishilarni yaxshilikka daʼvat qilib kelganlarini bayon qilish.
7. Iymon yoʻli baxt-saodat yo’li ekanligini, kufr va zulm yo’li halokat ekanligini anglatish.
Demak, Qur’oni Karimni o’qigan, o’rgangan yoki uni birovga o’rgatishga uringan odam qissalardagi mazkur ma’nolarga alohida e’tibor bermog’i lozim.
Undan boshqa ma’nolarni topishga urinish esa asl maqsaddan uzoqlashishdir.
Usmanov Abdusamad
ta'lim muassasasi o'qituvchisi