Яратилиш санаси 26.01.2025

G‘aflat illati

Iblis insonni adashtirish uchun bir qancha tomondan tinimsiz harakat qiladi. Chorlayotgan ma‘siyatiga nisbatan insonda ijobiy fikr uyg‘otadi va oqibatini xayrli bo‘lishiga ishontiradi. Natijada inson tug‘ri ish qilyapman degan o‘y bilan gunohga qo‘l uradi. Bu shaytoniy usulni insoniyat otasi Odam alayhis salom ilk bor o‘zlarida tajriba qildilar. Holatni Alloh taolo Toha surasining 120-oyatida bayon qilib berdi. Shayton alayhi la‘nah Odam alayhis salomga kelib tug‘ridan-tug‘ri man‘ qilingan daraxtdan yegin mazza qilasan demadi, balki Odam alayhis salomning holatlariga turgan joylariga munosib bir tarzda daraxtdan tanovul qilishga undadi. Qur‘oni karimda zikr qilingan jannat tavsiflarini eshtib inson beixtiyor jannatga oshiqib talpinadi, ko‘rmayturib naqadar orzumand bo‘ladi. Jannatga bo‘lgan iymon-e‘tiqodi tufayli ibodat mashaqqatiga bardosh beradi foniy dunyo lazzatlarini bahridan kechadi, kerak bo‘lsa shirin jonini ko‘z yummay shartta fido etadi! Jannatda yashab turgan Odam alayhis salom haqlarida nima deymizki?!

Xuddi shuningdek Shayton alayhil-la`nah bizlarga ham ma`siyat ishlarni chiyroyli qilib ko‘rsatadi va hozirda bu ishni ya`ni gunohni qilishlik zarur va lozim ekanligini uqtiradi va turli tuman sabab, vajlarni dastak qiladi. Agarda bu vas-vasalari ish bermasa Alloh ta`oloning mag‘firatli ekanligi bilan bandani aldaydi.  Alloh azza va jalla Infitor surasining 6 oyatida shunday deydi:

(يَا أَيُّهَا الْإِنسَانُ مَا غَرَّكَ بِرَبِّكَ الْكَرِيمِ ) 

(Ey inson! Seni Karamli Rabbing haqida nima g‘ururga ketgazdi? ) Bu oyati karimaning tafsirida Imom Hasan Basriy rahmatullohi a`layh shunday deydilar: uning aldanishi xabis shaytoni; U - ey inson xohlaganingni qil! Karamli Rabbing avvalgi safar gunoh qilganingda senga fazl qilgani dek senga yana fazl qiladi, Rabbing mag‘firatli zot gunohlarni kechiradi a`fv qilishni yaxshi ko‘radi. – deb, insonni gunohga duchor qiladi.

Alloh subhanahu va ta`olo Fatir surasining 5 – 6 oyatlarida aytadiki:

 (يَا اَيُّهَا النَّاسُ إِنَّ وَعْدَ اللهِ حَقٌّ فَلَا تَغُرَّنَّكُمُ الْحَيَاةُ الدُّنْيَا وَلَا يَغُرَّنَّكُمْ بِاللهِ الْغَرُورُ)

(Ey odamlar! Albatta, Allohning va'dasi haqdir. Bas dunyo hayoti sizni g'ururga ketkazmasin. O‘ta g‘ururga ketkazguvchi sizni Alloh ila g‘ururga ketkazmasin.)

Ey odamlar, turli xayollarga borib, g‘ofil qolmang. “Albatta Allohning va'dasi haqdir.” U Zot, qiyomat bo‘ladi, deb va'da berganmi, demak, qiyomat bo‘lishi haq. U Zot, o‘lganlar qayta tiriladi, deb va'da berganmi, demak, qayta tirilish haq. U Zot, bu dunyodagi ishlar oxiratda hisob-kitob qilinadi, deb va'da berganmi, demak, oxiratdagi hisob-kitob haq. Kofirlar, mushriklar, munofiqlar, osiylar va gunohkorlar doʻzaxda azoblanadi, deb va'da berganmi, demak, ularning azoblanishi haq. “Bas dunyo hayoti sizni g‘ururga ketkazmasin...” Bu dunyo hayotining o‘tkinchi matohlariga berilib, aldanib qolmang. Bu dunyo hayotiga oxiratni almashtirmang.

“O‘ta g‘ururga ketkazguvchi sizni Alloh ila gʻururga ketkazmasin.” Bu jumladagi “o'ta g'ururga ketkazguvchi”dan murod shaytondir. Shayton odamlarni eng ko‘p g‘ururga ketkazadi va aldaydi. Ya'ni hech narsaga parvo qilma, Allohning O'zi kechirguvchi, deb odamlarni gunoh ishlarga chorlaydi. Alloh taoloning afv etishi va mag‘firat qilishini suiiste'mol etib, Alloh O'zi kechirar, deb har xil gunohlarga qo‘l uraverish naqadar yomon shaytoniy ishlar ekanini hech qachon esdan chiqarmaslik zarur bo'ladi.

 (إِنَّ الشَّيْطَانَ لَكُمْ عَدُوٌّ فَاتَّخِذُوهُ عَدُوًّا إِنَّمَا يَدْعُو حِزْبَهُ لِيَكُونُوا مِنْ أَصْحَابِ السَّعِيرِ)

(Albatta, shayton sizga dushmandir. Bas uni dushman tutinglar. U o‘z guruhini faqat o‘ta qizigan doʻzax sohiblaridan bo‘lishlariga chaqirur.) Shaytonning inson bolasiga dushmanligida hech shak-shubha yo‘q. Bu azaliy dushmanlikdir. Buni shaytonning o'zi ochiq-oydin aytgan. Alloh taolo ham qayta qayta uqtirgan. Hozirgi oyatda ham Alloh taolo: “Albatta, shayton sizga dushmandir.” deb ta'kidlamoqda. Bunga shak-shubha qolmadi. Shaytonning insonga dushmanlik qilishiga ajablanmasa ham bo‘ladi. Lekin ajablanarlisi shuki, inson shaytonni oʻziga doʻst tutib yuradi. Shayton o'zining eng katta dushmani ekanini ko'ra turib, Uning aytganini qiladi. Uning ig'vosiga uchadi, yolg'oniga aldanadi. Ey odamlar, nahotki bu oddiy haqiqatni tushunib yetmaysiz! Shayton sizga dushman boʻlganidan keyin unga oʻziga yarasha munosabatda bo'ling. “Bas uni dushman tutinglar!” Unga ochiq-oydin dushman deb qarang! Uning aytganini qilmang, ig'vosiga uchmang, yo‘liga yurmang. Chunki: “U o‘z guruhini faqat o‘ta qizigan do‘zax sohiblaridan bo‘lishlariga chaqirur.” Uning chaqirigʻi yuradigan uning bo‘lsangiz, do‘zaxiy bo‘lishingiz turgan gap.

Xulosa

Shaytonning insonni aldayotgan yo‘llari va vasvasalari Qur'oni Karimda ochiq-oydin bayon etilgan. U doim insonni Allohning kechirimliligi va rahmatini bahona qilib, gunohlarga boshlashga urinadi. Ammo Alloh taolo bizni bu haqda ogohlantirib, haqiqiy dushmanimizni tan olishga va undan ehtiyot bo‘lishga undaydi. Shaytonning aldovlariga berilish, gunohlarga beparvo bo‘lish, va Allohning rahmatini suiiste’mol qilish insonni halokatga olib boradi.

Biz doimo shuni eslashimiz kerakki, Allohning mag‘firati cheksiz bo‘lsa-da, bu kechirim faqat tavba qiluvchilarga va Uning yo‘liga qaytuvchilarga nasib etadi. Dunyo hayoti — sinov va vaqtinchalik turar joy. Allohning va’dasi, qayta tirilish va oxiratdagi hisob-kitobning haqligi shubhasizdir. Inson uchun eng yaxshi yo‘l — shaytonning vasvasalariga qarshi turish, gunohlardan tiyilish va Allohning amrlariga itoat qilishdir.

Shayton bizni halokatga boshlash uchun har tomonlama urinsa-da, Alloh taolo bizni himoya qilishga qodir. Biz Uning himoyasiga sig‘inib, gunohlardan uzoq turishga intilishimiz va shaytonni ochiq dushman deb bilishimiz zarur. Qur'oni Karimning ko‘plab oyatlari insonni shaytonning aldovidan ehtiyot bo‘lishga undaydi va haqiqiy najot yo‘li faqat Allohga itoat qilishda ekanini o‘rgatadi.

Alloh taolo hammamizni shaytonning vasvasasidan asrasin, qalblarimizni tavba va taqvo bilan to‘ldirsin. Oxiratdagi najotga erishadigan solih bandalardan bo‘lishni nasib qilsin! Amin. 

Ziyayev Abdulqahhor

ta'lim muassasasi o'qituchisi