Яратилиш санаси 27.01.2025

PAYG’AMBARLARNING MO’JIZALARI

“Mo’jiza” so’zi lug’atda “ojiz qoldiruvchi” degan ma’noni anglatadi. Ya’ni mo’jiza narsani boshqalar qilishdan ojiz qoladilar.

Istilohda esa Allohning izni ila payg’ambarlarga ularning payg’ambarligini tasdiqlash uchun berilgan, boshqalarning qo’lidan kelmaydigan odatdan tashqari ish mo’jizadir.

Kofirlar odatda, payg’ambarlarni inkor qilish bilan birga, doimo o’z noma’qulchiliklarini xaspo’shlash maqsadida turli bahona, takliflar qilib, moʼjiza ko’rsatishni talab qilib turishadi. Avvalgi o’tgan barcha payg’ambarlarga huddi shunday takliflar qilingan. Alloh, O’z payg’ambarlarining haqligini tasdiqlash, kofirlarni ojiz qoldirish, mo’minlarning iymonini mustahkamlash uchun payg’ambarlarga o’z zamonasi va qavmiga mos mo’jizalarni bergan.

Misol uchun, sehrgarlik avj olgan bir zamonda yuborilgan Muso alayhissalomga Alloh taolo ularning sehridan bir necha marta ustun turuvchi mo’jizalarni bergan.

Moddaparastlik avj olib, “Har bir narsa moddiy asosga ega” degan e’tiqodda bo’lgan qavmga yuborilgan Iyso alayhissalomga Alloh taolo turli tuzalmaydigan bemorliklarni tuzatish, o’likni tiriltirish kabi mo’jizalarni bergan.

O’tgan payg’ambarlar o’zlariga berilgan mo’jizadarni o’z o’rnida ishlatganlar. Lekin ularning vafotlari bilan barcha mo’jizalar ham amaldan qolgan. Chunki ularning payg’ambarliklari ma’lum bir qavmga, ma’lum bir makonga va ma’lum bir zamonga bog’liq, bo’lgan.

Muhammad alayhissalomga esa abadiy va ulkan mo’jiza – Qur’oni Karim berilgan. Chunki u zotning payg’ambarliklari qiyomat bo’lgunicha barcha xalqlar, makonlar va zamonlar uchun bardavomdir.

Shuning uchun u zotga moddiy emas, ma’naviy va boqiy mo’jiza - Qur’oni Karim asosiy mo’jiza qilib berilgan. U zoti bobarakot vafot etganlaridan so’ng ham mo’jizalari bo’lmish Qur’on to qiyomat turgunicha barhayot. Shuning uchun ham qachon mushrik va kofirlar u kishidan payg’ambarliklarini tasdiqlovchi muo’jiza talab qilishsa, Qur’oni Karimni ro’kach qilganlar.

Boshqa payg’ambarlarga ulkan mo’jiza bo’lib xizmat qilgan narsalar Muhammad alayhissalom uchun oddiy bir ish edi. Hamma payg’ambarlarga berilgan mo’jizalarga o’xshash ishlar Muhammad alayhissalomning hayotlarida ham bo’lib o’tgan. Bu haqdagi xabarlar hadis kitoblarida bor.

O’zini bilgan odamlar uchun hatto Isro va Meʼroj kabi katta hodisalar ham oddiy bir ish bo’lgan.

Payg’ambarimiz alayhissalom Isro va Me’roj qilganliklari haqida odamlarga xabar berganlarida har kim o’zini har xil tutdi va har xil gap aytdi. Bir guruh odamlar Hazrati Abu Bakr roziyallohu anhuning oldilariga yugurib borishdi. U kishi xabarni eshitgandan so’ng: 

“U zot shu gaplarni aytdilarmi?” deb suradilar.

“Ha”, dedilar. U kishi:

“Agar u zot aytgan bo’lsalar, tug’ri aytibdilar, men bunga shohidlik beraman», dedilar. Ular:

“Shomga bir kechada borib, yana Makkaga tong otmay turib qaytib kelishiga ishonasanmi?!” deyishdi. Abu Bakr:

“Men uning bundan g’aribroq, narsasini ham tasdiqlayman. Osmondan xabar aytishini ham tasdiqlayman», dedilar.

Ha, osmonning xabari bo’lmish vahiyni qabul qilish, Allohning kalomi - Qur’onni kishilarga yetkazish va uni tatbiq, qilish Muhammad alayhissalomning eng asosiy mo’jizalari edi.

Shuning uchun ham Payg’ambarimiz alayhissalomning boshqa mo’jizalari u zotning payg’ambarliklarining tasdig’i sifatida hujjat qilinmas edi.

Odamlar mo’jiza ko’rsatishni talab qilgan paytda ham ularga mo’jiza sifatida Qur’oni Karim ro’kach qilinar edi. Bunga “Ankabut” surasidagi ushbu ikki oyati karimani misol qilib keltirishimiz mumkin:

“Va: “Unga Robbidan mo’jizalar nozil qilinsa edi», dedilar. Ayt: “Mo’jizalar yolg’iz Allohning huzuridadir. Men esa faqat ochiq-oydin ogohlantirguvchiman, xolos”. O’zlari uchun tilovat qilinayotgan ushbu Kitobni senga nozil etganimiz ularga kifoya qilmasmi?! Bunda iymon ketiradigan qavmlar uchun albatta rahmat va eslatma bordir” (50-51-oyatlar).

Kofirlar hayoliga nima kelsa, gapiraveradi. Ular “Muhammadga Robbidan oyatlar – mo’jizalar tushsa edi”, dedilar. Ha, “Va: “Unga Robbidan mo’jizalar nozil qilinsa edi”, dedilar”. Ey Payg’ambar! Ayt: “Mo’jizalar yolg’iz Allohning huzuridadir. Men esa faqat ochiq oydin ogohlantirguvchiman, xolos”.

Ha, mo’jizalar faqat Alloh taoloning huzuridan keladi. Ularning tasarrufini yolg’iz Alloh taoloning O’zi qiladi. Qachon kerak bo’lsa, o’shanda tushiradi. Kimga kerak bo’lsa, o’shanga tushiradi. Qancha kerak bo’lsa, shuncha tushiradi. Payg’ambar esa ochiq-oydin ogohlantiruvchi, xolos. Unga Robbi kishilarni ogohlantirishni topshirgan, u faqat shu topshiriqni bajaradi, xolos. Aslida ularga mo’jizalar nozil qilinishining hojati ham yo’q.

Nima uchun ular mo’jiza tushishini talab qilishadi? Holbuki, qarshilarida mo’jizalarning mo’jizasi, abadiy mujiza - Qur’oni turibdi-ku! Bundan ortiq, yana qanday mo’jiza kerak?! “O’zlari uchun tilovat qilinayotgan ushbu Kitobni senga nozil etganimiz ularga kifoya qilmasmi?!” Kifoya qilishi kerak. Axir Qur’onning har bir oyati o’ziga xos mo’jiza-ku! Qur’on tufayli ular Alloh taolo bilan bevosita aloqada bo’ladilar-ku! “Bunda iymon keltiradigan qavmlar uchun albatta rahmat va eslatma bordir”. 

Ha, Qur’oni Karimdagi rahmatdan bahramand bo’lish uchun kishida iymon bo’lishi kerak.

Ha, Qur’oni Karimdagi barcha vaʼz-nasihatlardan eslatma olish uchun kishida iymon bo’lishi kerak. Iymonsizlar oldilarida ulkan mo’jiza tursa ham: “Unga Robbidan mo’jizalar tushsa edi”, deb yuraveradilar.

Usmanov Abdusamad

ta'lim muassasasi o'qituvchisi