Bir hadis sharhi
Har bir inson bu sinovli dunyoda yashar ekan, oxirat uchun tayyorgarlik ko‘rishi, mezon tarozisida amallar og'ir bo‘lishiga harakat qilmog‘i aqlan lozim bo‘lgan ishlardan hisoblanadi. Tarozimiz og‘ir bo‘lishi uchun Sarvari koinot Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam hadislarda tavsiyalar berganlar.
وعن أبي مالك الأشعري قال: قال رسول الله الطُّهورُ شطْرُ الإيمانِ ، والحمدُ للهِ تملأُ الميزانَ ، وسُبحانَ اللهِ والحمدُ للهِ تَملآنِ ما بين السماءِ والأرضِ ، والصلاةُ نورٌ ، والصدَقةُ بُرهانٌ ، والصبْرٌ ضِياءٌ ، والقُرآنُ حُجَّةٌ لكَ أوْ عليكَ ، كلُّ الناسِ يَغدُو ، فبائِعٌ نفسَهُ ، فمُعتِقُها أوْ مُوبِقُه ارواه مسلم
Abu Molik Ash’ariy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Poklik iymonning yarmidir. “Alhamdulillah” mezon (tarozi)ni to‘ldiradi. “Subhanalloh” va “Alhamdulillah” yer va osmon o‘rtasini to‘ldiradi. Namoz nurdir. Sadaqa hujjatdir. Sabr ziyodir. Qur’on foyda yoki zararingizga dalildir. Barcha insonlar o‘zlari harakat qiladilar, so‘ngra nafslarini sotib, uni ozod qiladi yoki halokatga uchratadi”, dedilar” (Imom Muslim rivoyati). Endi bu hadisni batafsil o‘rganib chiqsak.
“Poklik iymonning yarmidir”
Iymon insonning botiniy dunyosini shirk, nifoq va shunga o‘xshash ma’naviy illatlardan poklaydi. Agar g‘ayri din inson iymon kalimasini aytib, islomni qabul qiladigan bo‘lsa, Alloh taolo uning barcha kattayu kichik gunohlarini kechirib yuboradi. Tahorat esa insonning zohirini poklaydi. Poklikning savobi iymon savobining yarmiga yetadi. Chunki poklik, xususan, tahorat oldingi kichik xatolarni o‘chiradi. Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam): “Kim tahorat olsa va uni go‘zal qilsa, bu odamning xatolari jasadidan chiqib ketadi…”, dedilar (Imom Muslim rivoyati). Aslida tahorat iymondek buyuk ishning oldida arzimas narsa hisoblansada, boshqa jihatdan iymon sababli insonning kattayu kichik gunohlari kechirilsa, tahorat faqat kichik gunohlarni o‘chirishi jihatdan iymon qilgan ishni yarmini go‘yo qilgandek bo‘lyapti. Shuning uchun, poklik iymonning yarmi deyiladi.
“Alhamdulillah” tarozini to‘ldiradi
Hadisi sharifning bu qismida Alloh taologa hamd aytish naqadar ajri ulug‘ amal ekani bayon qilinmoqda. “Alhamdulillah” berilgan ne’matlar shukronasi sifatida Alloh taologa go‘zal tarzda maqtov aytishdir. Hadisda bu lafzning savobi iroda qilingan. Ya’ni “Alhamdulillah” deb Allohni zikr qilishning savobi qiyomat kuni amallar o‘lchanadigan tarozini to‘ldiradi. Ammo biz oxirat tarozini bu dunyo tarozisidek moddiy narsalarni o‘lchaydigandek o'ylab qolmasligimiz lozim. Tarozi faqat Alhamdulillah bilan to‘lib qolib, boshqa amallar qayga qo‘yiladi degan o‘y xayolimizga kelib qolmasin. Zero savoblar nuroniy narsa hisoblanadi.
“Subhanalloh”, “Alhamdulillah” yer va osmon o‘rtasini to‘ldiradi
“Subhanalloh” so‘zining ma’nosi Alloh taoloni ulug‘lash va aybu nuqsonlardan poklashdir. Bu ikki kalimani ajr-savobini jism deb faraz qilinsa, yer va osmon orasini to‘ldiradi. Chunki zikrda Alloh taoloni poklash va olamlar Robbisiga maqtov aytish bordir. Abu Hurayra (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinadi: Nabiy (sollallohu alayhi va sallam): “Alloh taolo kalomdan to‘rtta so‘zni tanlab oldi. Ular: “Subhanalloh”, “Alhamdulillah”, “La ilaha illalloh” va “Allohu akbar” so‘zlaridir. Kim: “Subhanalloh” desa unga yigirma yaxshilik yozilidi va uning yigirma yomonligi o‘chiriladi. Kim: “Allohu akbar” desa yuqoridagi kabi savob beriladi va yomonliklar o‘chiriladi. Kim: “La ilaha illalloh” desa yuqoridagi kabi bo‘ladi. Kim: “Alhamdulillah” desa ham xuddi shunday. Kim: “Alhamdu lillahi robbil alamin” desa, unga o‘ttizta yaxshilik yozilib, o‘ttizta yomonlik o‘chiriladi”, dedilar (Imom Nasoiy rivoyati).
Mazkur zikrlarni qalbi ishonchga limmo-lim to‘lib, so‘zlarning ma’nolarini tafakkur qilib, ixlosu muhabbat va chin e’tiqod bilan aytgan banda Alloh taoloning huzurida ulug‘ savobga erishadi hamda oliy darajalarga ko‘tariladi. Shuningdek, Alloh taoloni zikr qilgan insonning qalbi xotirjam bo‘ladi. Bu haqda Qur’oni karimda bunday marhamat qilinadi: “…Ogoh bo‘linglar, Allohni zikr etish bilan qalblar orom olur ” (Ra’d, 28).
“Namoz nurdir”
Namoz buyuk ibodat. Barcha shartlari bilan, ixlosu muhabbat va xushu ila ado etilgan namoz nur bo‘ladi. Shuningdek, namozni mukammal ado qilish bilan mo‘minning qalbi nurga to‘ladi. Shu bilan birga namoz qiyomat zulmatlarida ham mo‘minga nur bo‘ladi. Namoz Islomning asosiy arkonlaridan biridir. Banda namoz o‘qib Robbisiga bog‘lanadi, Unga munojaat qiladi. Namozni chin ixlos bilan ado etuvchilar rohat, sakinat va omonlik topadi.
Namoz o‘qigan banda yaxshi yo‘lda yurib, gunohlardan tiyiladi. Bu haqda Qur’oni karimda bunday marhamat qilinadi: “…Albatta, namoz fahsh va yomon ishlardan qaytarur…” (Ankabut, 45).
Namoz ma’naviy nur. Banda namoz o‘qib, hidoyat va haq yo‘lni topadi. Namozning nuri qiyomatda ham bandaning yuzida porlab turadi. Alloh taolo bunday marhamat qiladi: “…Ularning yuzlarida sajda asoratidan (qolgan) belgilari bordir…” (Fath, 29).
“Sadaqa hujjatdir”
Sadaqa beruvchi qiyomat kuni mukofot olishiga ishonadi. Shuning uchun, banda dunyoda sadaqa berishga oshiqadi. Berilgan sadaqa bandaning qalbidagi ishonchga hujjat bo‘ladi. Munofiq sadaqa bermaydi. Chunki u sadaqaning evaziga ajr-savob berilishiga ishonmaydi. Sadaqa banda qalbida imon borligining dalilidir.
“Sabr ziyodir”
Sabr dinimizda maqtalgan amaldir. Hadisdagi sabrning ma’nosi umumiydir. Shuning uchun, toat-ibodat, gunohlardan saqlanish, g‘am-alam, kasallik va turli musibatlarning barchasiga sabr qilinsa, u ziyo bo‘ladi. Banda nafsini orzu havaslardan tiyib, matonat bilan turishi sabrdir. Ziyo nurdan kuchli bo‘ladi. Shuning uchun, hadisda sabr ziyo deyilmoqda. Inson sabr bilan qiyinchiliklar va mashaqqatlarni barchasini yengib o‘tadi.
“Qur’on foyda yoki zararingizga dalildir”
Qur’oni karim bandaning dunyo hayotida dasturul amal, oxiratda esa najot va saodatga erishishida muhim omil. Inson hayotlik chog‘ida Qur’oni karimga amal qilsa, najot topadi. Qur’ondan yuz o‘girsa, undagi qaytariqlardan saqlanmasa va buyruqlarni bajarmasa baxtdan mosuvo bo‘lib, alamli azobga duchor bo‘ladi.
“Barcha insonlar o‘zlari harakat qiladilar, so‘ngra nafslarini sotib, uni ozod qiladi yoki halokatga uchratadi”
“Nafslarini sotib, uni ozod qiladi” jumlasidan bandalar toat-ibodat qilib, gunoh-ma’siyatlardan saqlanib, nafsni do‘zaxning alamli azobidan ozod qilish ma’nosi tushuniladi. Shuningdek, banda shaytonga ergashib, halol bo‘lmagan ishlar bilan mashg‘ul bo‘lib, o‘z nafsini halokatga uchratadi va jannatning bebaho ne’matlaridan bebahra qoladi.
Yoqubjanov Abdurashid
“Hidoya” o’rta maxsus islom
ta’lim muassasasi o'qituvchisi