Яратилиш санаси 17.02.2025

Ikki oyat tafsiri...

 (فَوَسْوَسَ إِلَيْهِ ٱلشَّيْطَٰنُ قَالَ يَـٰٓـَٔادَمُ هَلْ أَدُلُّكَ عَلَىٰ شَجَرَةِ ٱلْخُلْدِ وَمُلْكٍۢ لَّا يَبْلَىٰ)

(Bas, shayton uni vasvasa qildi. “Ey odam, men senga abadiyat daraxtini va bitmas-tuganmas mulkni ko'rsataymi?” dedi.) “Toha surasi 120 oyat”

)فَوَسْوَسَ لَهُمَا ٱلشَّيْطَـٰنُ لِيُبْدِيَ لَهُمَا مَا وُورِيَ عَنْهُمَا مِن سَوْءٰتِهِمَا وَقَالَ مَا نَهَىـٰكُمَا رَبُّكُمَا عَنْ هٰذِهِ ٱلشَّجَرَةِ إِلَّآ أَن تَكُونَا مَلَكَيْنِ أَوْ تَكُونَا مِنَ ٱلْخَـٰـلِدِينَ(

(Bas, shayton ikkovilarining berkitilgan avratlarini ochish uchun ularni vasvasa qildi va: “Robbingiz sizni ushbu daraxtdan faqat ikkoviningiz farishta bo'lmasligingiz yoki abadiy qolinmasligingiz uchungina man qildi”, dedi.) “A`rof  surasi 20 oyat”

Biz bilamizki shayton insonga ko‘p tomondan vasvasa qilib keladi. Insoniyatga qilgan ilk vasvasasi Alloh ta`olo Odam alayhis salomni yeyishdan qaytargan daraxt bo‘ldi. Shayton: Odam alayhis salomni daraxtdan yegan kimsa farishta bo‘lib qoladi yoki abadiy jannatta qoladigan bo‘ladi, deb aldadi. Bu vasvasasini yanada jozibali qilish uchun ikkinchi yolg‘onni to‘qidi, ya`ni, “Daraxtdan yeyish abadiylik bilan birga bitmas-tuganmas mulkga ham erishtiradi”, dedi. 

Ko‘rinib turibtiki, iblis insonga Alloh ta`olo man` qilgan narsani unda yaxshilik bor, agar Allohga itoatsizlik qilsa mulk va nufuzni qo‘lga kiritadi, deb tasvirlayapti.

Odam Ato va Momo Havo alayhimas salomlar jannatta abadiy qolaman, degan o‘y bilan man` qilingan daraxtdan yedilar. Abadiy bo‘lib qoldilarmi? Ularga shayton aytganidek tuganmas molu-mulk keldimi? Yo‘q, albatta! Balki, xunuk joylari ochilib qoldi, daraxt yaprog‘lari bilan bir nav`i to‘sdilar. Tushunib yettilarki shayton kazzob ekan. Demak, Alloh azza va jalla bandalarni bajarishiga buyurgan narsalarda va uni bajarishdan tiyilishga buyurgan narsalarida juda ko‘p katta yaxshiliklar bor ekan. 

Biroq, iblis botil yo‘llarni ziynatlab olib keladi. Har qanday ma`siyat ustida odamzot nafs xohish-istaginimas aqlini hokim qilsa shaytonning undovlarining yolg‘on ekanligini bilib oladi. 

Shayton Odam alayhis salomga sajda qilmay Allohning dargohidan la`natlanib quvildi. Shu bois Odam alayhis salom va uning bolalaridan itoatsizlikka chorlash orqali o‘ch olish uchun Allohning izzatiga qasam ichib qiyomatgacha qolishni yolvorib so‘radi. Alloh subhanahu va ta`olo unga qiyomatga qadar muhlat berdi. Ha, daraxtdan yegan kimsa abadiy qoladi, degan gapi rost bo‘lganda o‘zi yeb abadiy qolmasmidi?

Ushbu oyatlar va tafakkur bizga shaytonning vasvasalari qanday yo‘l bilan insonni aldashini ochiq ko‘rsatadi. Shaytonning usuli shuki, u Alloh taolo man etgan narsalarni inson uchun jozibador qilib ko‘rsatadi va ularda xayr, manfaat borligi haqida yolg‘on da’volar qiladi. Odam alayhis-salom va Momo Havvo bu vasvasaga uchganlarida, aslida, abadiylikka yoki cheksiz mulkka emas, balki uyat va nadomatga duchor bo‘ldilar.

Bu voqeadan insonlar uchun katta saboq bor: shayton insonni doim Alloh taologa itoatsizlik qilishga undaydi va gunohni go‘zal qilib ko‘rsatadi. Biroq, har qanday gunoh oxir-oqibat inson uchun ziyon va pushaymonlik keltiradi. Alloh taolo buyurgan amrlarni bajarish va qaytargan narsalardan tiyilishda katta yaxshiliklar bor, chunki Alloh taolo faqat bandalari uchun foydali bo‘lgan narsalarni buyuradi va ularni halokatga olib boradigan narsalardan qaytaradi.

Shaytonning aldovlaridan saqlanish uchun inson o‘z nafsining xohishlariga emas, balki aql, tafakkur va imoniga tayanishi kerak. Haqiqiy baxt va baraka faqat Allohning amrlariga bo‘ysunishda va Unga itoat qilishda ekanligini anglash har bir mo‘min uchun eng muhim saboqdir.

Ziyayev Abdulqahhor

ta'lim muassasasi o'qituvchisi