
Vaqt - ulug’ nemat
Vaqt, bu soʻz har birimizni umrimiz, o’tayotgan har bir onimiz haqida tafakkur qilishga undab turadi goʻyo. Bizga berilgan nematlar ichida eng qadrlisi ham bu vaqtdir. Har bir kishi vaqt atalmish bu nematni qadrlashligi, uni foydali ishlargagina sarflashi lozim. Yashayotgan har bir kun, soatning har bir mili aslida bizning aziz umrimizni qisqarib borayotganidan dalolat beradi goʻyo. Buni yaxshi anglagan kishi hech bir soniyasini behuda oʻtishiga yoʻl qoʻymaydi. Ulugʻlardan biri shunday degan ekan: «Vaqt sizning yagona sarmoyangizdir, uni oʻzgalar sarflab yuborishiga yoʻl qoʻymang!». Bu soʻzlar ayni xaqiqatdir. Hech bir kishi oʻz sarmoyasini begona kishilar bekorga sarflab yuborishiga rozi boʻlmasa kerak. Shunday ekan umrimizni yaʼni vaqtimizni bekorchi kishilar foydasiz gap soʻzlari bilan oʻgʻirlashiga ham aslo yoʻl qoʻymasligimiz, vaqt atalmish qoʻlimizdagi sarmoyamizni kerakli ishlargagina sarflashimiz lozim boʻladi.
Baʼzida kunlar juda sekin oʻtayotgandek tuyiladi. Ayniqsa, gʻam tashvishli paytlarda vaqt oʻtishi sekinlashgandek tuyuladi. Aslida esa vaqt juda tez oʻtib borayotgani kasallik va gʻam tashvishlardan xoli boʻlgan, shod-u xurram paytlarda aniq bilinib qoldi. Bu haqida hikmatli bir sheʼrda shunday deyilgan:
Gʻamgin paytda qisqa kun ham hech oʻtmas,
Shodlik vaqtda uzun kunlar sira yetmas.
Xa, shodon kunlarda vaqt juda tez oʻtgani bilinib qoladi. Chunki vaqtni oʻzi aslida juda tez oʻtib ketuvchi narsa hisoblanadi. Shuning uchun shodlik yoki qaygʻuli paytlarda ham vaqtimizni faqatgina din-u dunyoimizga foydali ishlargagina sarflashimiz lozim boʻladi. Agar biz vaqtimizni foydali ishlarga sarflamasak, unda vaqtimiz keraksiz bekorchi ishlar bilan oʻtib ketadi. Vaqtni kerakli oʻringa sarflamaslik uni zoye qilish, vaqtni oʻldirish sanaladi. Bu esa juda xunuk narsa. Bugun bizning eng katta kamchiliklarimizdan biri shuki, vaqtimizning qadriga koʻp ham yetavermaymiz, bugungi qilishimiz kerak boʻlgan ishni ertaga qoldiramiz. Vaholanki ertangi kunimizni ham bajarilishi kerak bulgan oʻz ishlari bor. Bunga esa ahamiyat bermaymiz goho.
Kunlardan bir kuni Umar ibn Abdulaziz rohmatullohi alayh ish koʻpligidan sal xorgʻin koʻringanlarida yaqinlari achinganlaridan: «Bu ishni ertaga koldira qoling», deyishibdi. Shunda zot: «Bir kunning ishi ogʻir kelmoqda-ku, ikki kunning ishi toʻplanib qolsa qanday bajaraman», deb javob bergan ekan.
Tarixda oʻtgan ulugʻ insonlarning hayoti naqadar ibratli. Ular «Bir kunning ishi ogʻir kelmoqda-ku, ikki kunning ishi toʻplanib qolsa qanday bajaraman», deb har kunlik ishlarini oʻsha kunda bajarishga intilishardi. Shuning uchun ham ular katta yutuqlarga erishganlar.
Ulugʻ bobolarimizdan Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Abu Ali Ibn Sino kabi koʻplab dunyo tanigan ajdodlarimizning yozib qoldirgan yuzlab asarlari, ularning qilib oʻtgan buyuk ilariga nazar solgan kishini qalbida oʻz-oʻzidan: «Ular shuncha ishlarga qanday qilib ulgurishgan ekan-a?», degan savol paydo boʻladi. Bu kabi savollarning javobi esa oddiygina. Ular vaqtlarini qadriga yetish, tunlarni ilm bilan bedor oʻtkazishlik bilan shunday darajaga erishganlar. Agar biz ham ulugʻ bobolarimiz kabi katta yutuqlarga erishishni, kelajak avlodlarga oʻzimizdan yaxshi nom, ilmiy meʼros qoldirishni, rejalashtirgan ishlarimizga oʻz vaqtida yetishishni istasak unda vaqtimizni har soniyasini qadriga yetib, uni faqatgina kerakli ishlarga sarflaylik. Shunda bizlar ham ulkan yutuqlarga erishib, baxtli hayot kecharamiz. Hamda oralarimizdan yana Imom Buxoriylar-u, Imom Termiziylar chiqishi davom etadi. Alloh taolo barchamizni vaqtlarimizni barokotli, umrimizni xayrli aylasin!
Yoqubjanov Abdurashid
ta'lim muassasasi o'qituvchisi