Яратилиш санаси 27.02.2025

Hafs ibn Sulaymon rohimahulloh

Ismi va nisbati: Abu Umar Hafs ibn Sulaymon ibn al­-Mug‘iyra al-Bazzoz al-­Kufiy. U “Hufays”‒ “Kichik Hafs” nomi bilan ham mashhur bo‘lgan. Unga gazlama savdosi bilan shug‘illangani uchun “al-­Bazzoz”, ya’ni “gazlamachi” degan nisbatni ham berishgan.  Hafs Osimning asrandi o‘g‘li bo‘lib, uning qo‘lida tarbiya topib va o‘zidan qiroat ilmini o‘rgangan. Shuning uchun ham Hafs ustozining ilmini yaxshi o‘rgangan shogirdlaridan hisoblanadi[1]

Tavallud va vafoti: Hafs ibn Sulaymon 90/709 sanada Kufada tavallud topgan va 180/796 sanada shu shaharda vafot etgan.

Fazilatlari: Hafs rahmatullohi alayhi imom Osimning asrandi o‘g‘li bo‘lib, uning tarbiyasida o‘sgan. Yoshligidan imom Osimdan Qur’oni Karim qiroatini o‘rgangan. Shuning uchun qiroatni puxta egallagan edi. U Qur’oni Karimni Osimdan eshitib, keyin unga topshirar edi. U qiroatga tili ravon, o‘ta mohir bo‘lgan.

Imom Doniy: “U odamlar ichida Osimning qiroatini tilovat qilib berib olgan kishidir”, degan. Hafs ustozi Osimdan keyin Kufada uning o‘rnida Qur’ondan ta’lim berdi. Shuningdek, u Bag‘dod va Makkai Mukarrama shaharlarida ham odamlarga qiroatdan dars bergan.

Ibn Ma’in: “Osimdan qilingan eng ishonchli rivoyat Abu Amr Hafs ibn Sulaymon qilgan rivoyatdir”, degan.

Hafs qiroati el orasida shu qadar mashhur bo‘ldiki, hatto uning rivoyatini qiroat imomlari hech ikkilanmay qabul qildilar. Chunki, u Imom Osim uyida tarbiya topib, mudom u bilan birga bo‘ldi va Imom Osim shogirdlarining eng olimiga aylandi

Hafs aytadi: “Bir kun ustozimga: “Mening qiroatim Abu Bakr SHu’baning qiroatidan farq qilayapti-ku?!”, deganimda, u: “Men senga Abu Abdurrahmon as-Sulamiyning Hazrati Ali (r.a.)dan olgan qiroatini, SHo‘‘baga esa Zarr ibn Xubayshning Abdulloh ibn Mas’ud (r.a.)dan olgan qiroatini o‘rgatdim”, dedilar”.

Hafs rahmatullohi alayhi Qur’on bilan ko‘proq mashg‘ul bo‘lgan, ammo hadis ilmida unchalik etuk ilmga ega bo‘lmagan. Zotan, bir sohadagi etuklik gohida boshqa sohalarda oqsash evaziga bo‘lishi bor gap. Imom Zahabiy ham Hafs haqida shunday fikr bildirgan. Osim Abu Bakrdan qiroat borasida ustun bo‘lsa, Abu Bakr Osimdan ilmda peshqadam bo‘lgan.

Imom Zahabiy: “U hadisdagi holiga xilof o‘laroq, qiroatda o‘ta ishonchli, mustahkam, uni puxta egallagan kishidir”, deydi. Shunday bo‘lsa-­da, imom Ahmad undan o‘z Musnadida hadis rivoyat qilgan.

Hafs qiroatni ustozidan, ham arz ham talqin bilan (ya’ni, ham eshitib, ham o‘qib berib) olib puxta egallagan, o‘ta zehnli bo‘lib, bu to‘g‘rida ko‘p ulamolar guvohlik berishgan. 

Ibn Munodiy aytadi: “Hafs Osimga Qur’on Karimni bir necha marotaba o‘qib bergan. Oldingilar uni hifzda Abu Bakr ibn Ayyoshdan ham ustun sanashar va uning Osimdan olgan qiroatini puxta egallagan deb tavsiflashar edi. U o‘sha qiroatni odamlarga uzoq yil ta’lim berdi. Uning Osimdan ta’lim olgan qiroatining sanadi Ali ibn Abu Tolib roziyallohu anhuga borib etadi”.

Ibn Vahbon aytadi: “Hafs: “Men qiroatni Osimdan biror harfda ham ikkilanmaydigan bo‘lib to‘g‘rilab olganman”, der edi. U uzoq yil mana shu qiroatda o‘qidi”.

Hafs aytadi: “Men Osimga: “Abu Bakr ibn Sho’ba qiroatda mendan boshqacha o‘qiyapti”, dedim. Shunda u: “Men senga Abu Abdurrahmonga o‘qib berganimni o‘qitmoqdaman, u Ali  ibn Abu Tolib roziyallohu anhudan olgan. Abu Bakr ibn Ayyoshga esa Zirr ibn Hubayshga o‘qib berganimni o‘qityapman, u Abdulloh ibn Mas’ud roziyallohu anhudan olgan”, dedi”.

Imom Ibn Mujohidning aytishicha, Hafs bilan Sho’baning rivoyatlari o‘rtasida 500 ga yaqin o‘rinda farq bor.

Ustozlari: Hafs rahmatullohi alayhi asosan imom Osimdan ta’lim olgan. U arz va talqin (o‘qib berish va ustozning so‘zma-­so‘z o‘qitishi) yo‘li bilan o‘rgangan. Bu uslub qiroat ta’limida eng oliy martaba hisoblanadi. U yana Muhammad ibn Abu Ayyubdan qiroat qoidalarini ham rivoyat qilgan. Shuningdek, imom Osimdan, Ismoil ibn Abdurrahmon Suddiy, Hammod ibn Abu Sulaymon, Ibn Abu Laylo, Alqama ibn Marsad, Sobit Bannoniy, Kasir ibn Zozon va boshqalardan hadis tinglagan.

Shogirdlari: Hafsning qiroatini juda ko‘pchilik naql qilgan. Jumladan, Husayn ibn Muhammad, Amr ibn Saboh, Fazl ibn Yahyo Anboriy, Hamza ibn Qosim, Sulaymon ibn Dovud Zahroniy, Abu Shu’ayb Qavvos, Xalaf Haddod, Husayn ibn Ali  Ju’fiy, Ahmad ibn Jubayr Antokiy va boshqalar.

Bugungi kunda Islom olamining aksar qismida Qur’oni Karim ushbu qiroat asosida ‒ Hafsning Osimdan qilgan rivoyatiga ko‘ra o‘qiladi. Jumladan, bizning diyorimizda ham ko‘p asrlardan buyon ushbu qiroat joriy bo‘lgan.

Hafsning rivoyati keng tarqalishiga bir nechta sabablar keltiriladi. Jumladan:

1. Hafs rahmatullohi alayhi Qur’on ta’limida boshqalardan ilg‘or bo‘lgan, u faqat Kufada ta’lim berish bilan cheklanmay, boshqa Islom o‘lkalarida ham ko‘pchilikka Qur’on o‘qitgan.

2. Hafs rivoyatidagi qiroat qoidalarining sodda va osonligi. Mad, idg‘om va boshqa shu kabi qoidalarda bu rivoyat ancha oson va o’qishga qulay. Shu bois, uni o‘rganish oson. Bu esa  o‘z navbatida, uni o‘rganuvchilar sonining ortishiga sabab bo‘lgan.

3. Boshqa qiroatlardagi qoidalarni o‘rganish va ijro etish ko‘proq malaka talab qiladi. Musulmonlar ichida arablardan ko‘ra ajamlar ko‘payib, Islom o‘lkalarida ilmga bo‘lgan rag‘bat va harakat pasayib, mazkur qiroatlarni o‘zlashtirishda kishilar mashaqqatga tushganini, eng yomoni, ularni xato o‘qishga o‘tishganini ko‘rgan  ulamolar ommani eng sodda qiroat ‒ Hafsning Osimdan qilgan rivoyati asosida o‘rganishga targ‘ib qilishgan, boshqa qiroatlarni esa mutaxassislar o‘rganib, saqlab borishsa, farzi kifoya uchun shu etadi, deyishgan.[2]

[1] Ziyivuddin Rahim. Tajvid qoidalari. – T.: Movorounnahr, 2006, B.11.

[2] www.Qur’on.uz sayti

Usmanov Abdusamad

ta'lim muassasasi o'qituvchisi