
Fatvo asarlarining tarixi va rivojlanishi
Fatvo ilmining shakllanishi saodat asri va undan keyingi tobeinlar davri bilan uzviy bog‘liqdir. Bu yo‘lni keyinchalik sahobalar davom ettirishga qattiq bel bog‘ladilar. Mazkur davrda paydo bo‘lgan turli muammo va savollarga barcha sahobiylar ham javob berishga qodir bo‘lmaganlar. Ular orasidan Abu Bakr, Umar ibn Xattob, Usmon ibn Affon, Ali ibn Abu Tolib, Abdulloh ibn Mas’ud, Zayd ibn Sobit, Abdulloh ibn Abbos, Abdulloh ibn Umar va Oisha (r.a)lar fatvo borasida eng ko‘p murojaat qilingan sahobalar sanaladi. O‘sha davrda sahobalardan 140 nafari fatvo berish darajasiga yetgan edilar. Aynan shu davrdan mazhablarning ham shakllanish davri boshlandi. Biror masalada hukm bo‘sa bu aynan qaysi sahobaning so‘zi ekaniga e’tibor qaratilar va shu sahobaning mazhabi deya aniq ko‘rsatilardi.
Sahobalar Rasulullohdan shaxsan so‘rash imkonlari bo‘lmasa biladigan sahobalardan so‘rab masalarning javoblarini izlar edilar. Masalan Ammor ibn Yosir tayammum bo‘yicha, Zayd ibn Sobit faroiz bo‘yicha qolgan sahobalardan olimroq edilar. Ushu sahobalar o‘zlari mohir bo‘lgan sohada savollarga javob berganlar. Bundan tashqari Rasululloh islom dinini tarqatish uchun turli hududlarga vakillarini yuborganlar va ularga masalalar yuzasidan fatvo berishga ijozat berganlar. Har bir sahoba Qur’on va sunnatga, manfaat va sababga tayanib fatvo bergan.
Shariy dalillar va insonlarning manfaati zid kelgan holatda shariy dalillar so‘zsiz olingan. Sahobalarning fatvolari mo‘tadil va noqislikdan holi bo‘lgan deyish mumkin. Sahobalarning bergan fatvolari Abbosiy xalifalar davridan boshlab yozib jamlandi.[1] Xususan Xalifa Ma’mun davrida Ibn Abbosning bergan fatvolari 20 jildli kitob sifatida jamlandi. Bugungi kunda ham ko‘plab fatvo bergan sahobalarning fatvolari bir kitobga jamlangan bo‘lib Muhammad Rovasning “Ta’liyf fiqhi Abi Bakrin as-Siddiq” asarini misol keltirish mumkin.[2]
Tobeinlar davriga kelib musulmon diyorlari kengaya boshladi. Natijada turli xil yangi masalalar paydo bo‘la boshladi. Tobeinlar fatvo berish borasida Qur’on, sunnat va sahobalar so‘zlariga hamda o‘z ijtihodlariga tayanib masalalarga yechim topishga bor g‘ayratlarini sarfladilar. Tobeinlar davriga kelib mujtahid faqihlar ikki yo‘nalishda faoliyat olib borishdi.
Birinchi toifa vakillari asosan hukmiy oyat va hadislarni jamla, nassda keltirilmagan masalar bo‘yicha ijtihodga, ra’y va qiyosdan foydalanishga kirishmas edilar. Ikkinchi toifa vakillari: Nas bilan cheklanib qolmay biror masala yuzasidan chuqur ijtihod qilar va yakunda yangi masala yuzasida fatvo berar edilar. Rasululloh sahobalaridan dars olgan tobeinlar ham fatvo borasida turli xil makon va darajalarga tabaqalana boshladi. Har bir joyda alohida katta tobeinlar fatvoga xoslandilar. Shulardan: Madina faqihlari: Said ibn Musayyib, Abu Salama ibn Abdurrahmon ibn Avf, Urva ibn Zubayr, Ubaydulloh, Qosim ibn Muhammad, Sulaymon ibn Yasor va Xorija ibn Zayd. Bu zotlar yetti fuqao deb nomlangan[3]. Makka faqihlari: Ato ibn Abu Ravoh, Aliy ibn Abu Tolha, Mujohid ibn Jabr, Amr ibn Diynor, Abdulloh ibn Ubaydulloh ibn Abu Mulayka, Abdulmalik ibn Jurayj va boshqa tobeinlar.
Kufa faqihlari: Ibrohim Naxaiy, Omir ibn Sharohbil ash-Sha’biy, Alqama, Said ibn Jubayr, Masruq ibn Ajda’,Ubayda ibn Amr as-Salmoniy, Qozi Shuryh ibn Horis, Ibrohim ibn Yazid an-Naxaiy va boshqa ko‘plab tobeinlar shular jumlasidan.
Basra faqihlari: Hasan Basriy, Muhammad ibn Sirin, Abul-Oliya, Jobir ibn Zayd va Qotada ibn Di’ama as-Sadusiy.
Shom faqihlari: Abu Idris Xovlaniy, Makhul ibn Abu Muslim, Roja ibn Hayva al-Kindiy, Umar ibn Abdulaziz, Shurohbil ibn Simt, Qobiysa ibn Zuayb.
Misr faqihlari: Abdulloh ibn Amr shogirdlari:Abul-Xoyr Marsad ibn Abdulloh al-Mazaniy, Yazid ibn Abu Habib.
Yaman faqihlari: Tovus ibn Kayson, Vahb ibn Munabbih, Yahyo ibn Abu Kasir. Mujtahid tobeinlarning fatvolarining aksar qismi musnadlar, sunanlar va muvattolarda zikr qilingan[4].
Abul Hasanot Muhammad Abdulhay Laknaviy “Umdat ar-rivoya fiy haliy sharhil Viqoya” kitobining muqaddimasida aytadi: Kifaviy o‘zining Hanafiylar tabaqotlari to‘g‘risidagi “Kataibi a’lamil axyari min fuqahai mazhabin No‘manil Muxtori” – deb atalgan kitobida bunday deb yozadi: Bilingki, Payg‘ambarimiz Muhammad (s.a.v) o‘ziga Alloh taolo tarifidan nozil qilingan shariatni bizga yetkazdilar va dinni ta’lim berdilar. Shariat ko‘rsatmalariga muvofiq hukm qilib had (jinoyatga qarshi qonun-qoida)larni o‘rnatdilar. Qozilik qilib hukm qildilar. Shariat qonunlarini aniqlab berdilar. Hukmlar chiqadigan muhkam oyatlardan far’larni chiqardilar. Allohning dinini o‘rnatishda qattiq bor kuch-g‘ayratini sarflab va oxiriga yetkazdilar. Uni ummatlariga vojib qildilar. So‘ngra xulafoi roshidinlar va sahobalarning barchasi dinni o‘rnatishda, shariat qonunlarini ijro etishda, ahli tavhidlarning qonun-qoidalarini ta’yin qilishda, Allohning dushmanlari bo‘lgan bid’atchilarning hiylalarini puchga chiqarishda bor kuchlarini sarfladilar. Ular Allohning amrini oshkor qilgan uning nusratiga yopishgan hollarida Islomni mushkil vaziyatdan chiqarib, oyoqqa turg‘azdilar. Dinni o‘z suyanadigan joyiga suyadilar.
Xulosa sifatida, fatvolar islom huquqi bilan uzviy bog‘liq tarzda rivojlanib bordi. Fatvo va fatvo to’plamlari rivojiga musulmonlar turmush tarzida yuzaga kelgan avval uchramagan masalalarning yechimini topishga ijtihod orqali kirishish, insonlarga fiqhiy masalalrda manfaat va maslaxatni ko’zlash katta ta’sirini o’tkazdi. Rasululloh vafotlariga qadar muftiylik, qozilik, faqihlik imomlik kabi bir qator vazifalar aynan u zotda jamlandi. Ayrim sahobalarga Rasululloh bo’lmagan holatlarda fatvo berish, savollarga javob berish kabi mas’uliyatli vazifaga ruxsat berilishi ularda muftiylik, qozilik va mujtahidlik malaka va konikmasini shakllantirdi. Sahobalar ijtihodlari natijasini to’g’ri yoki aksi ekanini doim nazoratda bo’lishini ta’minladilar. Abbosiylar davriga kelib fatvolarni aynan to’plam shakliga keltirish bosqichi boshlandi. Rasululloh davrlarida bergan fatvolari hadislar tarkibida, sahobalarning fatvolari mazhablarning asos manbalari sifatida, tobeinlar favolari keyinchalik fatvo to‘plamlari shaklida jamlandi va hozirgi kunga qadar o‘z ahamiyatini saqlab kelmoqda
[1] Muhammad Taqiy Usmoniy. Usulul ifto va adabuhu. – Damashq: Dorul qalam 2018. -B.35
[2] Muhammad Taqiy Usmoniy. Usulul ifto va adabuhu. – Damashq: Dorul qalam 2018. -B.37
[3] Muhammad Taqiy Usmoniy. Usulul ifto va adabuhu. – Damashq: Dorul qalam 2018. -B.54-56
[4] Muhammad Taqiy Usmoniy. Usulul ifto va adabuhu. – Damashq: Dorul qalam 2018. -B.59
Yoqubjanov Abdurashid
ta'lim muassasasi o'qituvchisi