
G'or sohiblari (as'hobu kahf)
أَمْ حَسِبْتَ أَنَّ أَصْحَابَ الْكَهْفِ وَالرَّقِيمِ كَانُوا مِنْ آيَاتِنَا عَجَبًا
Kahf va bitik egalarini Bizniing ajoyib oyat-belgilarimizdan deb o‘yladingmi?! (Ya’ni, ey Payg‘ambar, o‘sha kahf (g‘or) egalari va undagi ularning ismlari bitilgan bitikni Bizning eng ajoyib mo‘’jizalarimiz deb o‘yladingmi?). (Kahf surasi 9-oyat)
إِذْ أَوَى الْفِتْيَةُ إِلَى الْكَهْفِ فَقَالُوا رَبَّنَا آتِنَا مِن لَّدُنكَ رَحْمَةً وَهَيِّئْ لَنَا مِنْ أَمْرِنَا رَشَدًا
"Qachonki yigitlar kahfdan joy olganlarida: «Ey Robbimiz, bizga O‘z huzuringdan rahmat bergin va ishimizni o‘zing to‘g‘rilagin», dedilar. (Kahf egalari yigitlar ekan. Ular g‘ordan panoh joy topibdilar. Ya’ni, birovdan qochib kelib yashirinibdilar. Demak, ishlaridan ko‘ngillari to‘q emas. Ularga bu borada ham Allohdan yordam kerak). (Kahf surasi 10-oyat)
فَضَرَبْنَا عَلَىٰ آذَانِهِمْ فِي الْكَهْفِ سِنِينَ عَدَدًا
"Bas, kahfda ularning quloqlariga bir necha yillar (parda) urdik. («Quloqqa parda urdi» degani, qulog‘ini eshitmaydigan qilib qo‘ydi, deganidir. Yigitlar qochib kelib g‘orga joylashganlarida Alloh taolo ularning quloqlarini eshitmaydigan qilib qo‘ygan, ya’ni, uxlatib qo‘ygan. Ya’ni, yigitlar g‘orda uzoq vaqt hech narsani eshitmay uxlab yotganlar". (Kahf surasi 11-oyat)
ثُمَّ بَعَثْنَاهُمْ لِنَعْلَمَ أَيُّ الْحِزْبَيْنِ أَحْصَىٰ لِمَا لَبِثُوا أَمَدًا
"So‘ngra ikki guruhdan qaysi biri ularning turgan muddatini hisoblovoqchiroq ekanini bilish uchun ularni uyg‘otdik". (Kahf surasi 12-oyat)
Dunyo tarixida shunday voqealar borki, ular insoniyatga saboq va ilhom manbai bo‘lib qolgan. Ashobu Kahf qissasi ana shunday buyuk mo‘’jizalardan biridir. Ushbu qissa Qur’onda Kahf surasida zikr qilingan bo‘lib, insonning iymon, sabr va Allohga bo‘lgan ishonchi qanday sinovlardan o‘tishi mumkinligini ochib beradi.
As'hobu Kahf – bu o‘z e’tiqodlarini saqlash uchun zolim hukmdordan qochib, g‘orda panoh topgan yosh mo‘minlarning hikoyasidir. Ular shunchaki qochib ketmagan, balki Allohning irodasi bilan 309 yil davomida g‘orda uxlab qolganlar. Bu vaqt ichida dunyo o‘zgarib, ularni ta’qib qilgan zolim hukmdor allaqachon tarix sahnasidan yo‘q bo‘lib ketgan edi. Uyg‘onganlarida esa dunyo allaqachon boshqacha bo‘lib qolgan edi.
Bu qissa bizga shuni ko‘rsatadiki, insonlar dunyoviy tashvishlarga o‘ralashib, ba’zan vaqtning qadriga yetmaydilar. Vaholanki, vaqt ham imtihon vositasi. Ashobu Kahf yoshlari jismonan uxlagan bo‘lsalar-da, ular iymon va ixlos bobida uyg‘oq edilar. Ularning sabr va sadoqati sababli Alloh ularga mo‘’jizalar ato etdi.
Bugungi kunda ham har bir inson turli sinovlarga duch keladi. Kimdir boylik ortidan quvadi, kimdir e’tiqod sinovidan o‘tadi, kimdir esa hayotdagi muammolar qarshisida sabr qila olmaydi. Ashobu Kahf qissasi bizga sabr, iymon va Allohga tavakkul qilishning naqadar muhimligini eslatadi. Biz ham hayotimizda duch kelgan sinovlarga nisbatan sabr bilan yondashishimiz va e’tiqodimizga sodiq qolishimiz kerak.
Bu qissadan asosiy saboq shuki, Alloh hech bir mo‘min bandani yolg‘iz tashlab qo‘ymaydi. Qiyinchiliklarga bardosh berganlar oxir-oqibat najot topadilar. Dunyo o‘tkinchi, lekin haqiqiy muvaffaqiyat – sabrli bo‘lish va Allohga sodiqlikda davom etishdir.
Ubaydullayev Qobiljon
ta'lim muassasasi 54 guruh talabasi