Яратилиш санаси 02.03.2025

Qur'onda jannatiylar tavsifi

Qur'onda jannatiylar haqida ko‘plab oyatlar kelgan bo‘lib, ular asosan solih amallar qilgan, Allohga ixlos bilan ibodat qilgan va gunohlardan tiyilgan bandalar ekanligi ta’kidlanadi. Unda jannatiylarning sifati, ularning mukofotlari va jannatning ne’matlari batafsil bayon qilingan.

Qur’onga ko‘ra, jannatga faqat taqvodor, iymonli va solih amal qilgan kishilar kiradi:

1. Allohga va Rasuliga iymon keltirganlar, bunga quyidagi oyat dalil boʻla oladi:

"Albatta, iymon keltirib, solih amallar qilgan zotlar jannat bog‘lari egalaridir. Ular u yerda mangu qolurlar." (Baqara, 82)

2. Taqvodorlar borasida esa "Oli Imron" surasida shunday marhamat qilinadi:

"Taqvo egalari uchun Robbilari huzurida daryolar ostidan oqib turadigan jannatlar bordir. Ular o‘sha joyda mangu qoladilar..." (Oli Imron, 15)

3. Namozni bardavom o‘qiydiganlar va sadaqa beradiganlar borasida esa:

"Ular namozlarini doimiy ado etuvchi kishilardir." (Ma’orij, 23)

"Ular mol-dunyolaridan belgilangan haqdorlikni ajraturlar." (Ma’orij, 24-25)

4. Yaxshi axloq egasi bo‘lganlar ham jannat ahlidirlar, ya'ni:

"Va ular g‘iybat qilmaydilar hamda behuda so‘zga aralashmaydilar." (Mo’minun, 3)

Qur’onda jannat ta’riflanayotganda uning betakror go‘zalligi va undagi beqiyos ne’matlar ham tilga olinadi, bu haqda:

"Taqvodorlar uchun va’dalangan jannat shunday bo‘lib, uning ostidan daryolar oqib turadi." (Muhammad, 15) oyatini, mangu huzur-halovat va tinchlik borasida esa:

"U yerda charchash ham yo‘q, u yerdan chiqib ketish ham yo‘q." (Hijr, 48) oyatini, toza sheriklar va pokiza ichimliklar haqida esa: "Va u yerda pokiza juftlar bo‘lur hamda ular u yerda mangu qolurlar." (Baqara, 25) oyatlarini keltirish mumkin.

Qur’onning ta’limotiga ko‘ra, jannat bu Allohning solih bandalariga ato etadigan eng ulug‘ ne’matidir. Jannatiylar doimiy baxt va huzur ichida bo‘ladilar, ular bu mukofotga halol hayot kechirib, iymon va taqvo bilan yashaganlari uchun erishadilar. Shunday ekan, har bir mo‘min jannat ahli bo‘lish uchun Qur’onda zikr qilingan fazilatlarni o‘zida shakllantirishga intilishi lozim.

"Ey xotirjam nafs! Sen Robbingga rozi bo‘lgan va rozi qilingan holingda qayt!" (Fajr, 27-30), deya Alloh Taolo Oʻz kalomida marhamat qilganidek, Oʻziga rozi boʻlingan va rozi boʻlgan holda qaytishni hammamizga nasib aylasin!

Umar Jamoliddinov

"Hidoya" oʻrta maxsus islom
ta'lim muassasasi talabasi