Яратилиш санаси 07.03.2025

Yurtimizdan yetishib chiqqan ulamolar

Milodiy yettinchi asrda Markaziy Osiyoga kirib kelgan Islom dini mana o’n uch asrdirki, mintaqa xalqlari hayotida muhim o’rin egallab kelmoqda. Tarixda “O’rta Osiyo uyg’onishi” deb atalgan davr va shu paytda yaratilgan nodir ilmiy, me’moriy, madaniy va ma’naviy boyliklar Islom dini bilan bevosita bog’liqdir. “Ilm olish har bir musulmonga farzdir” hadisi sharifga amal qilingan bu yurtdan dovrug’I dunyoni tutgan ulug’ olimlar, fan darg’alari, atoqli imomlar yetishib chiqqan. Shulardan Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Abu Ali ibn Sino, Abu Rayhon Beruniy, Alisher Navoiy, Burxoniddin Marg’inoniy, Abu Mansur Moturidiy kabi buyuk olimlar va mutafakkirlarning yaratgan boy ilmiy merosi jahon madaniyati va tamadduniga bebaho xazina bo’lib qo’shilgan.

Diyorimiz Mustaqillikka erishganidan keyingi qisqa muddat ichida hayotimizning barcha jabhalarida ulkan o’zgarishlar ro’y berdi. Islom dinining xalqimiz ruhiyati va ma’naviyatidagi muhim o’rnini to’g’ri anglagan holda dinning hayotimizdagi ahamiyatiga xolis baho berishga va diniy qadriyatlarni tiklashga kirishildi. Muxtaram yurtboshimiz Islom Karimov : “Biz o’z millatimizni ana shu muqaddas dindan ayri holda tasavvur  qila olmaymiz. Diniy qadriyatlar, islomiy tushunchalar hayotimizga shu qadar singib ketganki, ularsiz biz o’zligimizni yo’qotamiz”, deb ta’kidlaganlar. 

Mamlakatda e’tiqod erkinligini ta’minlash, diniy qadriyatlarni tiklash, ulkan tarixiy merosni o’rganish bo’yicha katta tadbirlar belgilanib, amalga oshirila boshladi. Hukumatimizning “Bahouddin Naqshband yodgorlik majmuasi markazini tashkil etish to’g’risida”, “Xoja Ahror Valiy tavalludining 600 yilligini nishonlash to’g’risida“, Payg’ambar alayhissalom amakivachchalari Qusam ibn Abbos dafn etilgan “Shohi Zinda majmuasida qayta tiklash va obodonlashtirish ishlarini tashkil etish to’g’risida ” gi qarorlari bu sohadagi ishlarning bir qismi desak mubolag`a bo`lmaydi.

Shuningdek, yurtimizdan yetishib chiqqan ulug’ allomalarning tavallud to’ylarini o’tkazish, ular merosini tadqiq qilish borasida ham talay ishlar qilindi. Jahon islom hazorasiga, fan va madaniyatga ulkan xissa qo’shgan Ahmad Yassaviy, Bahouddin Naqshband, Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy, Burhoniddin Marg’inoniy, Ahmad Farg’oniy, Abduxoliq G’ijduvoniy, Xoja Ahror Valiy kabi atoqli islom olimlari va tasavvuf  shayxlarining tavallud to’ylari keng nishonlandi, qadamjolari obod qilindi, asarlari qaytadan nashr  etildi.

Jumladan: Imom Buxoriyning “Al-Jome’ as-Sahih”, “Al- adab al-mufrad”, Burhoniddin Marg’inoniyning “Xidoya”, Abu Iyso Termiziyning “Sunan”, mazhabboshimiz Imom A’zamning “Asarlar ”, “Musnad”, Abu Homid G’azzoliyning “Ihyou ulumid-din”, Imom Nabaviyning “Riyoz us-solihin”, “Azkor” kitoblari, “Ahli sunna val jamoa aqoidi”, “Til ofatlari” kabi mashhur asarlar, arab tili sarfi  va nahvi, aqoid, fiqh usullari, hadis, siyratga doir o’nlab darslik  va kitoblar nashr etildi.

Aqilxanov Saidolimxon

ta'lim muassasasi o'qituvchisi