Яратилиш санаси 07.03.2025

“Ayol – mehr va sadoqat timsoli”

“Hidoya” o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasida  8-mart — Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan tadbir o‘tkazildi. Tadbirda ta’lim muassasasi direktori Qobiljon Mirzabayev, ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari Rivojiddin Nasritdinov va ma’naviyat bo‘limi uslubchisi Xoshimjon Qodirovlar ishtirok etishdi.

Tadbirni ta’lim muassasasi direktori Q.Mirzabayev ochdi va ayollarning jamiyatdagi o‘rni haqida nutq qildi. U o‘z so‘zida - jamiyatda ayollarning qadri ularga berilayotgan huquqlar, hurmat va ta’lim-tarbiya bilan o‘lchanadi. Ayollar ilm olish, mehnat qilish, oila qurish va jamiyatga foydali bo‘lish huquqiga ega. Ba’zi joylarda ayollarga nisbatan adolatsizliklar yuz bersa, bu Islom ta’limotiga xilofdir. Ayol oilada eng muhim shaxslardan biri bo‘lib, u uyning go‘zalligini, farzandlarning tarbiyasini va oila muhitini ta’minlovchi zotdir. Shunday ekan, erkaklar ham ayollarga muhabbat va mehr bilan muomala qilishi kerak.

Xulosa o‘rnida ayolga hurmat va izzat ko‘rsatish – har bir insonning burchi. Ularga mehribon bo‘lish, ularning haq-huquqlarini muhofaza qilish – jamiyatning ravnaqi va oilalarning mustahkamligiga sabab bo‘ladi deya ta’kidladi va so‘zni ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari R.Nasritdinovga berdi. Notiq tadbir davomida - Ayollarning qadri va ularga bo‘lgan hurmat haqida Qur’on va hadislarda ko‘plab oyat va rivoyatlar keltirilgan. Bu manbalarda ayollarning jamiyatdagi o‘rni, ularga munosabat va oilani mustahkamlashdagi ahamiyati ta’kidlangan. Qur’oni Karimda ayollar qadri haqida "Ey odamlar! Biz sizlarni bir erkak va bir ayoldan yaratdik va sizlarni (turli) xalqlar va qabilalar qildik, toki bir-biringizni tanishingiz." Bu oyatda insoniyatning barchasi ayol va erkakdan iborat ekanligi, ular o‘zaro tanishishi va hurmat bilan munosabatda bo‘lishi lozimligi ta’kidlangan. Boshqa bir oyatda Ayollarga yaxshilik qilish buyurilgan"...Ular bilan yaxshi munosabatda bo‘ling. Agar ularni yomon ko‘rsangiz ham, ehtimol, sizga yoqmagan narsada Alloh juda ko‘p yaxshilikni joylagan bo‘lar."Bu oyat ayollar bilan yaxshi muomala qilish kerakligini va ba’zan inson o‘zi yoqtirmagan narsalarda ham yaxshilik borligini o‘ylab ish tutishi kerakligini ko‘rsatadi. Hadislarda ayollar qadri haqida Payg‘ambarimiz Muhammad (sollallohu alayhi vasallam) marhamat qiladilar: > "Mo‘minlarning eng komili – ularning xulqi eng yaxshisi. Sizlarning eng yaxshingiz esa o‘z ayoliga yaxshilik qilganingizdir."Bu hadisdan ma’lum bo‘ladiki, mo‘min kishining komilligi uning ayoliga qanday muomala qilishidan ham belgilanadi.

Ta'lim muassasasi Matbuot xizmati