Ustozga ehtirom – yuksak qadriyat
1-oktyabr – “O‘qituvchi va murabbiylar kuni” munosabati bilan “Hidoya” o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasida ko‘p yillar samarali mehnat qilgan faxriy ustozlar xonadonlariga tashrif buyurilib, ularning holidan xabar olindi.
Ziyorat davomida faxriy ustozlarning ta’lim muassasasi rivojiga qo‘shgan hissasi, ko‘p yillik pedagogik faoliyati hamda yosh avlodga ilm-ma’rifat va odob-axloq berish yo‘lidagi fidokorona mehnatlari yodga olindi.
Uchrashuvlar davomida ustozlar bilan samimiy suhbatlar o‘tkazilib, ularning hayotiy tajribalari va qimmatli nasihatlari tinglandi. Tashrif so‘ngida ta’lim muassasasi tomonidan faxriy ustozlarga ularning ko‘p yillik samarali mehnatlari va ta’lim-tarbiya sohasidagi xizmatlarini e’tirof etgan holda faxriy yorliqlar hamda esdalik sovg‘alari topshirildi. Faxriy ustozlarga mustahkam sog‘lik, uzoq va barakali umr, oilaviy xotirjamlik tilanib, ezgu tilaklar bildirildi.
Mazkur tashriflar ustoz va murabbiylarga bo‘lgan yuksak hurmat va ehtiromning amaliy ifodasi bo‘lib, “Hidoya” ta’lim muassasasida shakllangan ustoz-shogird an’analarini davom ettirish, avlodlar o‘rtasidagi ma’naviy rishtalarni yanada mustahkamlashga xizmat qilmoqda.








Ta'lim muassasasi Matbuot xizmati