QALBLAR NURI — AZIZ USTOZLARGA EHTIROM
“Hidoya” o'rta maxsus islom ta'lim muassasasida aziz ustozlarga bag'ishlangan kasb bayrami yuqori saviyada nishonlandi. Ma'rifat maskanida bo'lib o'tgan tantanali tadbirda yoshlarga ta'lim-tarbiya berib kelayotgan fidokor ustozlarning mashaqqatli va sharafli mehnati yuksak ehtirom bilan tilga olindi.
🕯 “Ustoz — ilm nurini qalblarga yetkazuvchi, avlodlar tarbiyasiga umrini baxshida etgan muqaddas zotdir”, — deya e'tirof etildi tadbir davomida. Bugungi kunda yurtimizda ilm-fan sohasiga, xususan, yosh avlodni Vatanga sadoqatli, mustahkam e'tiqodli va yuksak ma'naviyatli etib voyaga yetkazayotgan ustozlar mehnatini qadrlashga davlat siyosati darajasida alohida e'tibor qaratilayotgani alohida ta'kidlandi.
📖 Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning hadisi shariflarida: «Albatta, Alloh, Uning farishtalari, osmonlar va yer ahli, hatto inidagi chumoli va (suvdagi) baliqlar ham odamlarga yaxshilikni o'rgatuvchiga salovot aytadilar», deya ilm o'rgatish naqadar sharafli amal ekanligi yana bir bor eslatib o'tildi.
📜 Bayram shukuhiga to'ngan tadbirda o'zlarining namunali faoliyati, yoshlarga chuqur bilim va tarbiya berishdagi fidokorona xizmatlari bilan hampeshalariga o'rnak bo'lib kelayotgan bir guruh ustozlarga muassasa rahbariyatining Tashakkurnomasi va esdalik sovg'alari tantanali ravishda topshirildi.
🤝 Samimiy va ko'tarinki ruhda o'tgan uchrashuv barchaga olam-olam quvonch ulashdi. Jamoatimiz nomidan muassasaning barcha ustoz va murabbiylariga mustahkam sog'lik, oilaviy baxt hamda sharafli ishlarida ulkan zafarlar tilab qolamiz!
🤲 Alloh taolo ustozlarimizning ilmlarini manfaatli, amallarini maqbul qilsin, shogirdlarini ularga sadaqai joriya aylasin!









Ta'lim muassasasi Matbuot xizmati