Яратилиш санаси 07.03.2025

Tafsir ilmida tobeinlarning o‘rni

Tafsir ilmi Islomning eng muhim tarmoqlaridan biri bo‘lib, Qur’on oyatlarining ma’nolarini to‘g‘ri tushunish va sharhlashga xizmat qiladi. Bu sohada sahobalardan keyin eng katta hissani tobeinlar qo‘shgan. Tobeinlar – Rasululloh ﷺ sahobalarini ko‘rgan va ulardan ilm olgan avloddir. Ular Qur’on tafsirini sahobalardan o‘rgangan va keyingi avlodlarga yetkazgan.

Tobeinlarning tafsir ilmiga qo‘shgan hissasi juda katta. Ular sahobalardan eshitgan tafsirlarini yozib olib, keyingi olimlarga yetkazishgan. Ayniqsa, Mujohid ibn Jabr, Ikrima, Qatoda ibn Dioma, Said ibn Jubayr kabi olimlar bu sohada mashhur edi. Mujohid ibn Jabr Ibn Abbosdan Qur’on tafsirini o‘rganib, har bir oyatning nozil bo‘lish sabablarini va ularning ma’nolarini tushuntirib bergan.

Tobeinlar tafsirni uch asosiy manbaga tayangan holda tushuntirishgan:

1. Sahobalarning tafsirlari – Ular sahobalardan eshitganlarini o‘zgartirmasdan yetkazishga harakat qilishgan.

2. Qur’onning o‘zi – Oyatlar bir-birini tafsir qilishi mumkinligi tamoyiliga amal qilishgan.

3. Arab tili va adabiyoti – Oyatlar lug‘aviy ma’nolarini tahlil qilishgan.

Quyida tafsir ilmiga oʻz hissasini qoʻshgan baʼzi tobeinlarni keltirib oʻtamiz

1. Hasan al-Basriy (642–728)

Hasan al-Basriy Basrada yashagan va tafsir, hadis, fiqh hamda tasavvuf ilmlarida katta obro‘ga ega bo‘lgan. U tafsirni taqvo va axloqiy jihat bilan bog‘lab tushuntirgan. Oyatlarning ma’nosini insonning ruhiy tarbiyasiga ta’sir qiladigan tarzda izohlab bergan. Uning tafsiri ko‘proq taqvo, sabr va ixlos kabi tushunchalarga asoslangan.

2. Imom Shabiy (Amir ibn Shurahbil, 640–730)

Imom Shabiy Kufa shahrining eng bilimdon olimlaridan biri bo‘lib, tafsir, hadis va fiqh ilmlarida yetuk bo‘lgan. U Qur’on oyatlarini sahobalardan eshitgan rivoyatlar asosida tushuntirgan va juda ko‘p tafsiriy ma’lumotlarni keyingi avlodlarga yetkazgan. Shabiy tafsirning isnod (manba) tizimiga katta e’tibor qaratgan va ishonchli tafsirlarni ajratib bergan.

3. Said ibn Jubayr (665–714)

Said ibn Jubayr Ibn Abbosning eng yaqin shogirdlaridan biri bo‘lib, uning tafsir ilmidagi o‘rni beqiyosdir. U Qur’on tafsirini fiqhiy va lug‘aviy jihatdan tahlil qilgan. Ibn Abbosning tafsiriy rivoyatlarini to‘plab, keyingi avlod mufassirlariga yetkazgan. Uning tafsiri Ibn Jarir at-Tabariy, Ibn Kasir kabi olimlarning asarlarida asosiy manba sifatida keltiriladi.

4. Mujohid ibn Jabr (642–722)

Mujohid ibn Jabr tafsir ilmining asoschilaridan biri hisoblanib, Ibn Abbos bilan uzoq yillar Qur’on tafsirini o‘rganib chiqqan. U Qur’on oyatlarini tafsir qilishda sahobalarning so‘zlariga asoslangan. Uning tafsiri keyingi tafsir kitoblarining eng asosiy manbalaridan biri bo‘lib, ko‘plab olimlar undan foydalangan.

Abdumalikov Abduxoliq

ta'lim muassasasi 54-guruh talabasi