
Qur’on ismlari
Alloh taoloning kitobiga nazar qilgan kishi Qur’on nozil bo’lishidan ko’zda tutilgan oliy g’oya va ulug’ maqsadga ishora qiladigan oyatlarni uchratadi. Qur’onni nozil qilishdan iroda qilingan oliy maqsadlarga dalolat qiladigan ism-sifatlar Alloh taoloning kitobida keltirilgan. Bular: Qur’oni Karim, aziz Kitob, bayon qiluvchi Kitob va boshqa uning g’oyasining buyukligi va ulug’ligini ifodalovchi sifatlardir.
Feruz Obodiy o’zining “Basoir zavit-tamiz fi latoifi Kitobul-Aziz” nomli kitobida shunday dedi: “Ismlarning ko’pligi atalgan narsaning sharafiga va kamoliga dalolat qiladi”. Masalan Alloh taolo ismi sifatlarining ko’pligi Uning quvvatining kuchliligiga dalolat qilsa, Nabiy sollallohu alayhi vasallam ismlarining ko’pligi u zotning martabasi oliyligi va darajasi ulug’ligiga dalolat qiladi. Xuddi shuningdek, Qur’on ismlarining ko’pligi xam uning sharaf va fazilatiga dalolat qiladi. Qur’oni Karimning ismlari xususida ba’zi ulamolar tomonidan alohida asarlar yozilgan.
Ibn Qaysumning “Sharhu asmoil Kirtobul-Aziz” va Solih ibn Ibrohimning “Al-xudo val-bayon fi asmoil-Qur’on” nomli asarlari shu jumlasidandir. Ba’zi ulamolar Qur’oni Karimni 100 ga yaqin ism-sifatlar bilan sifatlashgan.
Alloh taolo mazkur sifatlarga qo’shimcha ravishda oyatlar nozil qilib ularga xitob qila turib, Qur’oni Karimni madh etadi. Jumladan, Alloh taolo O’z kitobini “Ruh ” deb vasf qildi:
وكَذلِك أوحَيْنا إلَيْك رُوحاً مِن أمْرِنا
“(Ey Rasulim!) Ana shu yo’sin Biz sizga O’z amrimiz bilan bir Ruhni (ya’ni qalblarga hayot beruvchi Qur’onni) vahiy qildik” (Sho’ro 52)
Bu oyatda ruh sababli jasad tirik bo’lganidek, Qur’on bilan qalblar tirik bo’lishiga ishora bor.
Yana Alloh taolo Qur’onni “Nur” deb sifatladi:
يا أيُّها النَاسُ قدْ جاءكُم بُرهان مِن رَبِّكُم وأنزَلْنا إلَيكُم نُوراً مُبِيناً
“Ey insonlar! Muxaqqaqki, sizlarga Robbingizdan bir burxon(dalil-hujjat o’laroq mo’jizalar ila xazrat Muhammad) keldi va Biz sizlarga ochiq bir nur (qilib Qur’onni) nozil qildik ” (Niso 174)
Bu bilan Alloh taolo zulmat qorong’uligiga nur sababli ketkazilishiga ishora qilyapti. Shuningdek, Qur’oni Karimning pand-nasixat deb vasf qilinishi Alloh taoloning bandalalriga bo’lgan lutfi va rahmatiga dalolat qiladi. Alloh taolo shu yo’l bilan bandalariga nasihat qilib, ularni to’g’ri yo’lga yo’lladi.
Fazliddinov Muhammadyusuf
ta'lim muassasasi 56-guruh talabasi